Ijtimoiy himoyaning huquqiy asoslari yanada mustahkamlanadi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining yig‘ilishida partiya elektorati manfaatlari bilan bog‘liq bir qator qonun loyihalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

«Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasi qizg‘in tus oldi.

Fraksiya a’zosi Sayyora Imomova hujjat loyihasi ehtiyojmand fuqarolarning holatini har tomonlama baholash orqali davlat tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam va xizmatlarning manzilliligi va samaradorligini ta’minlashda muhim ekanini alohida ta’kidladi.

Endilikda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning o‘zi, qonuniy vakili ruxsatisiz, shuningdek, Ijtimoiy himoya agentligi so‘rovisiz bemor haqidagi tibbiy ma’lumotlarni berish taqiqlanishi belgilanmoqda. Bu nogironligi bor shaxslarni himoya qilishda yangi yondashuv va mexanizmlarni joriy etishda alohida ahamiyat kasb etadi, dedi deputat.

Navbatda muhokama qilingan “Ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham aholini ehtiyojmand qatlamlarini himoya qilishda yangi normalarni joriy etishga xizmat qiladi.

Xususan, deputat Odiljon Iminov ushbu qonunning zaruriyati haqida to‘xtalib, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, ijtimoiy xizmat va yordamlarni ko‘rsatishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib-taomillarni bajarmaslik hollari uchrab turganligi, bu borada huquqiy chora belgilanishi muhimligini qayd etdi.

Deputat Imomnazar Tursunov ham o‘z hamkasbini fikrlarini davom ettirib, ijtimoiy himoya tizimi xodimlari faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonuniy talablarini bajarmaslik uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurati oshib borayotganini qayd etdi.

Agrosanoat sohasida yangi bozor mexanizmlari joriy etilganligi munosabati bilan «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokamasi jarayonida fraksiya a’zosi Anvarxon Temirov Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faqat o‘z manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga murojaat etganda davlat bojidan ozod etish masalasini qoldirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, qonunning tushuntirish xati va konsepsiyasi doirasida bir qator deputatlarning haqli e’tirozlarini hisobga olgan holda, qonunning konseptual jihatdan qayta ishlash va maromiga yetkazishni talab qilgan holda, ushbu qonun loyihasi tashabbuskorlarga qaytarildi.

Fraksiya yig‘ilishida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yana takomillashtirish munosabati bilan ayrim hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, deputat Iba Narizova tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam turlarini qonun hujjatlarida aniqlashtirish zaruriyati yetib kelganini, xotin-qizlar, bolalar himoyasi muhim ijtimoiy munosabatlar ekanligini ta’kidladi.

Fraksiya a’zosi Qizilgul Qosimova Ijtimoiy himoya agentligi mutasaddilariga zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish bilan birga, bunga sababchi bo‘lgan shaxslar bilan ishlashga ham alohida e’tibor qaratish kerakligi bo‘yicha qo‘shimcha taklif berdi.

Deputatlar qonun loyihalarida belgilanayotgan me’yorlarni qo‘llab-quvvatlagan holda, partiya elektorati manfaatlariga hamda Saylovoldi dasturida belgilangan g‘oyalar amalga oshishiga xizmat qilishini qayd etib, ularni keng jamoatchilik orasida faol targ‘ib qilish zarurligini alohida ta’kidladilar.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish