
Bugun davlat siyosatida mamlakatni taraqqiy ettirishda xalqni rozi qilishdek ezgu maqsad mujassam. Mas’ullarga odamlarning ertaga yoki yaqin kelajakda emas, bugun baxtli yashashi uchun sharoit yaratish talabi qat’iy qo‘yganligi zamirida ham shu niyat bor. Muammoni qisqa davrda hal qilish va natijaga erishishning asosiy sharti kamchiliklarga tik qaray olishdir.
Birgina misol, mamlakatimizda 2020-yil aholining muayyan qismi kambag‘al ekani tan olindi. Ularga ko‘maklashish choralari ko‘rila boshladi. Tegishli tizim joriy qilingani samara berdi. Natijada uzoq yillar og‘ir vaziyatda bo‘lgan uch million nafardan ziyod odamning sharoiti yaxshilandi.
Kuni kecha kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga qilgan taqdimotiga ko‘ra, birinchi yarim yillikda 3 milliondan ziyod aholi daromadli mehnatga jalb qilingan. 2024-yil yakunida kambag‘allik darajasi 8,9 foizgacha kamaygandi. Maqsadlar katta. Natija o‘z-o‘zidan bo‘lavermaydi. Buning uchun ko‘rilgan huquqiy, moliyaviy va tashkiliy choralar takomillashtirilib borilishi kerak.
Biroq ish o‘rni yaratishga urg‘u berilib, aholiga turli darajada zarar bergan masalalarni ham ko‘zdan qochirmaslik lozim. Jumladan, yurtimizda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida islohotlar jadal sur’atlarda amalga oshirilyapti. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi, zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi mehnat sharoitlariga yangi talablarni qo‘ymoqda. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida xavfsizlikni ta’minlash, xodimlarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari doimo dolzarb bo‘lib kelgan. Afsuski, o‘tgan yillar davomida mehnat muhofazasiga yetarlicha e’tibor qaratmaslik, eskirgan usullar va standartlardan foydalanish oqibatida ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar, kasb kasalliklarining yuzaga kelishi holatlari saqlanib qolgandi.
Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy zarar keltirib, mamlakatning ijtimoiy rivojlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shularni inobatga olgan holda, mehnat muhofazasi sohasidagi mavjud muammolarni bartaraf etish, xalqaro standartlarga mos keluvchi zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish zarurati yuzaga keldi. Hukumatning tegishli qarori bilan esa mazkur masalalarning huquqiy asosi kafolatlandi.
Qaror bilan birinchi navbatda, xodimning hayoti va sog‘lig‘i ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha aniq choralar nazarda tutilgan. Xususan, mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshirish, xodimlarni himoya qiluvchi xavfsiz texnika, texnologiya hamda vositalarning ishlab chiqilishi va joriy etilishini rag‘batlantirish qayd etilgan.
Shuningdek, mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini xalqaro standartlar talablari asosida joriy etishni nazarda tutadi. Bu esa o‘zbek korxonalarining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Yana bir muhim jihati, qaror korxona rahbarlarining mehnat muhofazasi bo‘yicha mas’uliyatini oshiradi. Endilikda rahbarlar nafaqat qonun talablariga rioya qilish, balki MMBTning samarali faoliyatini ta’minlash uchun
ham javobgar bo‘ladilar. Qaror MMBTni joriy etish va amalga oshirishda xodimlarning faol ishtirokini ta’minlaydi. Bu esa, mehnat muhofazasi bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Qolaversa, qaror mehnat muhofazasi bo‘yicha davlat nazorati organlarining vakolatlarini kengaytiradi. Bundan buyon nazorat organlari korxonalarda MMBTning joriy etilishi va faoliyatini nazorat qilish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish huquqiga ega bo‘ladilar.
Anvar NURMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 30.7.2025, №30