Andijonda yangi taraqqiyot modeli
Andijonda yangi taraqqiyot modeli

 

Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi davomida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishish jarayoni bir haqiqatni yaqqol ko‘rsatdi. Bugun Andijonda faqat yangi korxonalar qurish emas, balki zamonaviy infratuzilma, investitsiya, ishlab chiqarish, ta’lim, eksport va bandlikni bir-biriga bog‘laydigan yaxlit tizim shakllanmoqda. Buni raqamlar ham tasdiqlaydi.

Viloyatda umumiy qiymati 9,4 milliard dollar bo‘lgan 206 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Shundan 98 tasi ishga tushirilgan, 108 tasining qurilishi boshlangan. Ularning natijasida 45 mingdan ziyod yangi ish o‘rni, yiliga 60,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 533 million dollarlik eksport salohiyati yaratilishi kutilmoqda.

Eng muhimi, bu o‘zgarishlar bir-birini to‘ldirmoqda. Masalan, Andijon xalqaro aeroporti rekonstruksiyasi transport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Aeroportning soatiga 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yangi terminal ishga tushgach, 5 barobar oshadi. Parvozlar soni yiliga 808 tadan 2 500 taga, yo‘lovchi tashish imkoniyatini esa 3,5 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu nafaqat yo‘lovchilar uchun qulaylik, balki investitsiya, turizm va tashqi iqtisodiy aloqalar uchun ham yangi imkoniyatdir.

Ikkinchi muhim yo‘nalish — yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarish. «Eco Cotton» korxonasiga 10 million dollar investitsiya kiritilib, 1 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Bu yerda mahalliy xomashyo chuqur qayta ishlanib, tayyor trikotaj mahsulotiga aylantirilmoqda. Yiliga 9,4 million dona mahsulot ishlab chiqarish va 10,5 million dollarlik eksport salohiyati yaratilgan. E’tiborli jihati shundaki, ishlab chiqarishda sun’iy intellekt, avtomatlashtirish va dual ta’limning qo‘llanilayotganidir.

Demak, biz endi faqat «qancha ish o‘rni yaratildi?» degan savol bilan cheklanmasligimiz kerak. Asosiy masala — bu ish o‘rinlari qanchalik barqaror, xodimlarning malakasi va daromadi qanday, mahsulotning eksportdagi raqobatbardoshligi qay darajada, degan savollarga javob topishdir. Shu nuqtayi nazardan dual ta’lim tizimining sanoat bilan bog‘lanayotgani alohida ahamiyatga ega. «Andijon-Xuanya» xalqaro texnikumi 5 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, yoshlarni sanoat korxonalari uchun zarur kasblarga tayyorlashga yo‘naltirilgan. Bu «ta’lim-kasb-ish o‘rni» zanjirini amalda shakllantirish imkonidir. Yana bir muhim jihat — Andijonning tabiiy va hududiy imkoniyatlaridan samarali foydalanishga o‘tilayotganidir. Xo‘jaobod tumanida 300 million dollarlik «Andijon texnoparki» tashkil etilib, 100 gektar maydonda 51 ta sanoat korxonasini joylashtirish rejalashtirilgan.

«Aqlli» suv hisoblagichlar ishlab chiqarish kabi texnologiyalar esa suv resurslaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Shuningdek, kichik GESlar uchun uskunalar ishlab chiqarish, quyosh energiyasidan foydalanish, chiqindilardan energiya olish kabi loyihalar Andijon sanoatida «yashil iqtisodiyot» elementlari kuchayayotganini ko‘rsatadi. Baliqchilik, charm-poyabzal, sport anjomlari, to‘qimachilik kabi yo‘nalishlarda esa yana bir muhim tendensiya ko‘zga tashlanadi — yirik korxona atrofida kooperatsiya va kasanachilikni rivojlantirish.

Masalan, Baliqchi tumanida joylashgan «LB Sport» korxonasi 800 ta kam daromadli oila bilan kasanachilik asosida hamkorlik qilmoqda. Bu ishlab chiqarishni aholi xonadonlarigacha olib kirish va qo‘shimcha daromad manbasini yaratish nuqtayi nazaridan muhim. Shu bois, bugungi jarayonlarga faqat investitsiya hajmi yoki qurilgan obyektlar soni bilan baho berish to‘g‘ri emas. Asosiy masala investitsiyaning inson hayotidagi natijasi.

Aytish mumkinki, Andijondagi bugungi o‘zgarishlarning eng muhim jihati investitsiya, ishlab chiqarishga, ishlab chiqarish esa bandlikka, bandlik esa aholi daromadiga, ta’lim esa yangi iqtisodiyot uchun muhim bo‘g‘inga aylandi.

Endilikda asosiy vazifa boshlangan 108 ta loyihani o‘z vaqtida va sifatli ishga tushirish, yaratilgan 45 mingdan ziyod ish o‘rnining haqiqiy va barqaror bo‘lishini ta’minlash, eksport ko‘rsatkichlarini amalda ta’minlash hamda har bir loyihaning aholi farovonligiga ta’sirini muntazam baholab borishdir. Andijonning yangi bosqichdagi taraqqiyoti obyektlar soni bilan emas, insonlar hayotidagi aniq natijalar bilan o‘lchanishi kerak.

 

Anvarjon NURMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish