Ko‘pchilik yaxshi biladi, bundan o‘n yilcha avval O‘zbekistonda kambag‘allik alohida davlat siyosati darajasida ochiq tan olinmagan va chuqur o‘rganilmagan muammo edi. Aholi daromadlari, bandlik va ijtimoiy himoya masalalari asosan bir martalik yordam mexanizmlari orqali hal etilar, kambag‘al oilani aniqlash, manzilli qo‘llab-quvvatlash, daromadli qilish zanjiri hali shakllanmagan edi. O‘sha paytda 7,5 million kishi, ya’ni aholining 23 foizi kambag‘allik chegarasiga ham yetmasligi qayd etilgan. Buning oqibatida mehnat bozorida yashirin ishsizlik va boqimandalik kayfiyati yuqori darajada saqlanib qolgan, ayrim xalqaro ekspertlar bahosiga ko‘ra, o‘sha davrda real kambag‘allik darajasi aholining qariyb 35 foizini tashkil etardi.
Keyingi yillarda birinchi marta kambag‘allik ochiq tan olinib, uni qisqartirish eng muhim ijtimoiy-siyosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi. Ijtimoiy siyosatning mazmuni ham o‘zgardi: nafaqa va yordamdan manzilli ijtimoiy himoya, bandlik, kasbga o‘qitish, imtiyozli kredit, subsidiya, kompensatsiya va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga asoslangan tizimga o‘tildi. Xalqaro hisob-kitoblarga ko‘ra, 2016-2022-yillarning o‘zida yurtimizda 5,1 million kishi kambag‘allikdan chiqqan. Demak, davlatning fuqaroga munosabati yordam beruvchi modeldan imkoniyat yaratuvchi modelga, ijtimoiy himoyadan ijtimoiy-iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishga qarab o‘zgardi.
Bu yondashuvning hududiy ahamiyatini Andijon misolida ham ko‘rish mumkin. Aholisi 3,5 milliondan ziyod viloyatda yer va boshqa resurslar cheklangan. Shuning uchun har bir investitsiya yuqori qo‘shilgan qiymat, yangi ish o‘rni va aholi uchun barqaror daromad manbaiga aylanishi kerak. Andijonda 4 foiz atrofida qayd etilayotgan ehtiyojmand aholining turmush sharoitini yaxshilash vazifasi ish joyi, daromad manbai, kasb va iqtisodiy imkoniyat yaratish bilan bog‘liqdir. Bugun viloyatda ishga tushirilayotgan va qurilishi boshlanayotgan 9,4 milliard dollarlik 206 ta loyiha ana shu imkoniyatlarni kengaytirish uchun muhim iqtisodiy baza bo‘ladi. Ayniqsa, ularning sanoat, energetika, to‘qimachilik, mashinasozlik, logistika va xizmatlar kabi yuqori samarali sohalarni qamrab olayotgani minglab barqaror yangi ish o‘rinlari, doimiy daromad manbalari shakllanishiga zamin yaratadi. Bunday yuksak natijalar Andijonda kambag‘allikni bartaraf etish istiqbollarini kuchaytiradi.
Ulug‘bek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi rahbari.