Jamoat transporti tariflari aholi daromadlariga mos bo‘lishi, maktab o‘quvchilari xavfsizligi ta’minlanishi shart
Jamoat transporti tariflari aholi daromadlariga mos bo‘lishi, maktab o‘quvchilari xavfsizligi ta’minlanishi shart

 

So‘nggi kunlarda Toshkent shahrida jamoat transporti tariflarini qayta ko‘rib chiqish hamda maktab o‘quvchilarining xavfsiz va qulay qatnovini ta’minlash masalalari jamoatchilik e’tiborida turibdi.

Ma’lumki, poytaxtimizda avtobus va metroda bir martalik elektron to‘lov tarifini qariyb 47 foizga oshirish taklifi yuzasidan jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi.

Shuningdek, o‘quvchilarning maktabga xavfsiz va qulay qatnovini ta’minlash uchun Toshkent shahrida School Bus tizimini joriy etish imkoniyatlari o‘rganilmoqda (73,5 foiz so‘rov ishtirokchilari taklifni qo‘llab-quvvatlagan).

Xalq demokratik partiyasi ushbu dolzarb ijtimoiy masalalar yuzasidan, avvalo, kam daromadli va ko‘p farzandli oilalar manfaatlari nuqtai nazaridan quyidagi pozitsiyasini bildiradi:

Birinchidan, jamoat transporti tariflari aholi daromadlari va oilaviy xarajatlarga ta’siri hisobga olingan holda belgilanishi kerak.

Shuning uchun tariflarni belgilashda tashuvchilar xarajatlari bilan bir qatorda aholi daromadlari, oila xarajatlari, o‘quvchilar va talabalarning kundalik qatnovi, kam daromadli va ko‘p farzandli oilalarning imkoniyatlari ham hisobga olinishi kerak.

Har bir ota-ona uchun farzandining emin-erkin harakatlanishi, bilim olishi va kundalik manzillariga xavfsiz yetib borishi muhim. Shu ma’noda, jamoat transporti siyosatida iqtisodiy samaradorlik bilan bir qatorda ijtimoiy tenglik, ta’lim olish imkoniyati, bolalar xavfsizligi va oila manfaatlari ham asosiy mezonlardan biri bo‘lishi shart.

Ikkinchidan, o‘quvchilar uchun alohida va imtiyozli tarif mexanizmi joriy etilishi maqsadga muvofiq.

Bu partiyamizning saylovoldi dasturida belgilangan aniq siyosiy pozitsiyadir. Bizningcha, barcha o‘quvchilar uchun imtiyozli tarif, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ko‘p farzandli oilalar farzandlari uchun esa qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari nazarda tutilishi zarur.

Maktabga borish va qaytishda bolaning xavfsizligi birinchi o‘rinda turishi shart. Shu nuqtai nazardan, School Bus tizimini joriy etish muhim. Biroq, bu tizim ota-onalarga yana bir qo‘shimcha moliyaviy yuk bo‘lmasligi kerak.

Xorijiy tajribada ham o‘quvchilarning transport xarajatlarini kamaytirishning turli mexanizmlari qo‘llaniladi. Ayrim davlatlarda o‘quvchilar uchun jamoat transportida chegirmalar belgilansa, boshqa holatlarda maktabgacha bo‘lgan masofa, oila daromadi, hududning transport bilan ta’minlanganligidan kelib chiqib, xarajatlar to‘liq yoki qisman qoplanadi.

Xalq demokratik partiyasi tarif o‘zgarishlarining ijtimoiy ta’siri xolis va ochiq baholanishi, qarorlar jamoatchilik uchun tushunarli asoslarga ega bo‘lishi, o‘quvchilar uchun samarali imtiyozli tariflar hamda oilalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yaratilishi zarur, deb hisoblaydi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish