Pop tumanidagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod Shohista Turg‘unova saylovchilar bilan uchrashdi.
Tadbirda nomzod partiyaning avvalgi dasturi ijrosi yuzasidan olib borilgan amaliy ishlar va yangi qabul qilingan Saylovoldi dasturidagi ustuvor vazifalar, ularni jamiyat va insonlar hayotida tutgan o‘rni xususida so‘z yuritdi.
Qayd etildiki, partiyaning asosiy g‘oyalaridan biri ijtimoiy himoya bo‘lib, vaqtincha ishsizlar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam manfaatlarini himoya qiladi. Partiya Saylovoldi dasturida, nomzodlar ilgari surayotgan g‘oya va maqsadlarda bu masala alohida e’tibor qaratilgani ham dastur elektorat manfaatlari asosida ishlab chiqilganidan dalolat beradi.
Dasturda partiyaning mehnatga layoqatli aholining shaxsiy tashabbuslari va uddaburonligini rag‘batlantirish masalasi qamrab olingan. Unga ko‘ra, fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish, kasbiy tayyorgarligi va qayta tayyorlanishini tashkil etish lozim. Shu bilan birga, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sohalarni hamda o‘zini o‘zi band qilgan, deb hisoblanadigan faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish takliflari ham XDP dasturidagi ustuvorliklardan sanaladi.
Shohista Turg‘unova aholi vakillari bilan uchrashuvda ana shu jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ochiq va samimiy muloqotlarda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan deputatlikka nomzodga murojaat qildi.