Ulug‘bek Qosimov, tarix, davlat va huquq asoslari, bank ishi, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki Jizzax viloyati filiali boshlig‘i, 32-Jizzax saylov okrugidan nomzod:
– O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlar narxlari va tariflari normativ hujjatlarda belgilangan me'yorlardan oshib ketmasligi uchun ushbu narxlarni shakllantirish ustidan qat'iy davlat va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish tarafdori. Shundan kelib chiqib, import o‘rnini bosuvchi ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulot ishlab chiqaruvchilarga import tovarlaridan olinadigan daromadlarning bir qismini imtiyozli kredit berishga yo‘naltirish tartibini joriy etish zarur.
Zulayho Akramova, pedagog, xalqaro munosabatlar magistri, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 33-Do‘stlik saylov okrugidan nomzod:
– Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida aholi bilan ko‘p uchrashuvlar, muloqotlar o‘tkazdim. O‘rganishlar hamda tegishli ijtimoiy guruhlar bilan o‘tkazilgan muloqot natijalaridan kelib chiqib, amaldagi qonunchilikka davlat-xususiy sherikligi hamda ijtimoiy tadbirkorlik asosida aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning aniq protsessual mexanizmlarini kiritishni nazarda tutuvchi takliflar ishlab chiqish hamda ularni partiyaning parlamentdagi fraksiyasi orqali qonunchilik tashabbusi sifatida ilgari surishni maqsad qilganman.
O‘rol O‘razboyev, pedagog, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Jizzax viloyat kengashi raisi, 37-Sharof Rashidov saylov okrugidan nomzod:
– Mehnat qilish huquqi — inson uchun eng hayotiy va ishonchli ijtimoiy himoya, orzu-istaklari, farzandlari kamoloti yo‘lidagi tengi yo‘q tayanch vositasidir. Bu masala kechiktirib bo‘lmaydigan va hal etilishi kerak bo‘lgan eng muhim masalalardan biridir. Partiyamiz fikricha, bandlik va ishsizlikka qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini amalga oshirishga doir ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish kerak.
O‘rganishlar natijasi asosida aholi bandligini ta'minlash to‘g‘risidagi qonun hamda boshqa tegishli qonun hujjatlariga zarur o‘zgartirishlarni kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash va parlamentdagi fraksiyasi orqali qonunchilik tashabbusi sifatida olib chiqishni ko‘zda tutgan.
Ishonchimiz komilki, nomzodlarimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylansa, deputat sifatida ham samarali faoliyat ko‘rsatadi, hayotiy takliflar qonunlarda aks etishi uchun kurashadi va buning uddasidan chiqa olishadi.
Xalq demokratik partiyasi nomzodlariga ovoz bering!