Qoraqalpog‘iston Respublikasi keyingi yillarda har tomonlama o‘zgarib, tobora yangi qiyofa kasb etmoqda. Bugun bu yerda amalga oshirilayotgan yirik iqtisodiy va ijtimoiy loyihalar hududning bugungi taraqqiyotini ko‘rsatibgina qolmay, uning yaqin istiqboli ham keng imkoniyatlarga ega ekanidan darak bermoqda. Eng muhimi, bu o‘zgarishlarni raqamlar, investitsiyalar yoki yangi inshootlarning o‘zi bilan baholab bo‘lmaydi. Ularning samarasi, avvalo, qoraqalpog‘istonliklarning hayotida, yangi ish o‘rinlarida, oilalar daromadida, turmush sharoiti va ertangi kunga ishonchning ortishida ko‘rinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi doirasida start berilgan yirik loyihalar, Nukus shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ham ana shu nuqtai nazardan muhim. Yig‘ilishda hududni rivojlantirish masalasi iqtisodiy o‘sish bilangina cheklanmay, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, kambag‘allikni bartaraf etish, odamlar uchun munosib turmush sharoitini yaratish bilan birga qaraldi.
Keyingi yillarda Qoraqalpog‘istonda yo‘l va energetika infratuzilmasida ham katta yangilanishlar bo‘ldi. A-380 magistralining Qo‘ng‘irotdan o‘tuvchi 240 kilometri beton qoplamaga o‘tkazilgani, yana 92 kilometrlik qismida qurilish boshlangani – bu oddiy yo‘l qurilishi emas. Yo‘l yaxshi bo‘lsa, mahsulot bozorga tezroq yetib boradi, tadbirkorning xarajati kamayadi, odamlarning qatnovi va ishlash imkoniyati kengayadi. Yangi 92 kilometrlik qism ishga tushgach, tranzit hajmining 1,5 barobar oshishi va yuklarni yetkazish vaqti qisqarishi hudud iqtisodiy faolligiga ham ijobiy ta’sir qiladi.
Energetika sohasidagi ishlar ham katta ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda 860 megavatt yangi quvvat ishga tushirildi, elektr ishlab chiqarish 4 barobar oshib, 5 milliard 330 million kilovatt-soatga yetdi. Yangi loyihalar esa davom etmoqda. Elektr barqaror bo‘lsa, korxona ishlaydi, ishlab chiqarish kengayadi, yangi loyihalarga yo‘l ochiladi. Shu ma’noda, barqaror energiya barqaror iqtisodiyotga, barqaror iqtisodiyot esa doimiy ish o‘rinlariga zamin yaratadi.
“Resursdan tayyor mahsulotgacha” bo‘lgan zanjirni qamrab oladigan yangi sanoat va investitsiya xaritasining yaratilishi ham shu jihatdan muhim. Yer, yer osti boyliklari, quyosh va shamol energiyasi, yaylovlar kabi imkoniyatlar xomashyo holicha qolib ketmasdan, tayyor mahsulot va daromad manbaiga aylanishi kerak. To‘qimachilik va charm, elektrotexnika, energiya tejamkor qurilish materiallari, avtomobil ehtiyot qismlari, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga qaratilgan loyihalarning qadri ham shunda.
Qoraqalpog‘istonda 4,3 million gektar yaylov bor, shundan 2,5 million gektaridan aholi daromadlarini oshirish va chorvachilikni rivojlantirish uchun hali yetarlicha foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Bu borada aniq vazifalar belgilandi. Katta imkoniyatlardan samarali foydalanilsa, qishloq aholisining bandligi oshadi, chorvachilik kengayadi, oilalarning daromadi ko‘payadi, mahalliy iqtisodiy hayot yanada jonlanadi.
Hududda 1 milliondan ortiq yoshlar borligi — Qoraqalpog‘istonning katta salohiyati. Bir yilda 1 ming, keyingi ikki yilda yana 5 ming yoshni axborot texnologiyalari va logistika sohalarida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi ham shu salohiyatni ishga solishga qaratilgan. Yoshlar zamonaviy kasb egallasa, yaxshi daromad topsa, bu ularning o‘zigagina emas, oilasiga ham iqtisodiy imkoniyat bo‘ladi.
Qoraqalpog‘istondagi o‘zgarishlarning ijtimoiy ko‘lami sanoat va investitsiya loyihalari bilangina o‘lchanmaydi. Bo‘zatovda zamonaviy sanatoriy, Nukusda onkologiya va radiologiya markazi, Qo‘ng‘irotda bolalar shifoxonasi va tug‘uruqxona, Amudaryo va To‘rtko‘lda amfiteatrlar, Nukusda gimnastika markazi va Konservatoriya filialining ishga tushirilishi ham odamlar hayoti uchun yaratilayotgan sharoitlarning bir ko‘rinishi. Ya’ni iqtisodiyotdagi o‘sish odamlarning sog‘ligi, dam olishi, ta’lim olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun ham imkoniyat yaratishi kerak.
Qisqasi, bugungi Qoraqalpog‘istonda iqtisodiy taraqqiyot bilan ijtimoiy taraqqiyot yonma-yon bormoqda. Kelasi yil Qoraqalpog‘istonga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish vazifasiga ham faqat katta mablag‘ sifatida emas, yangi korxonalar, yangi ish o‘rinlari va aholi daromadlarini oshirish imkoniyati sifatida qarash to‘g‘ri bo‘ladi.
Qoraqalpog‘istonning bugungi taraqqiyoti butun O‘zbekistonning umumiy harakati bilan uzviy bog‘liq. Mamlakatimizning boshqa hududlari ham Qoraqalpog‘istonga investitsiya, texnologiya, tajriba va hamkorlik orqali o‘z hissasini qo‘shmoqda. Buning iqtisodiy samarasi yuqori bo‘ladi, albatta. Lekin masalaning odamlar uchun qadrli yana bir tomoni bor: bir hududdagi taraqqiyotga boshqa hududlar ham yelkadosh bo‘lsa, o‘rtamizdagi mehr-oqibat va hamjihatlik yanada mustahkamlanadi.
Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan islohotlarni inson manfaati, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik va hududlar o‘rtasidagi mutanosib taraqqiyot nuqtai nazaridan muhim, deb biladi. Belgilangan vazifalarni amalga oshirishda partiyaning barcha faollari va deputatlik korpusi bilan munosib hissa qo‘shishga intiladi.
Ulug‘bek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi rahbari.