XDP: “OʼZIMIZNI HАM, BOLАLАRNI HАM АLDАMАYLIK”
XDP: “OʼZIMIZNI HАM, BOLАLАRNI HАM АLDАMАYLIK”

Davlatimiz rahbari ilgari surgan beshta tashabbusni amalga oshirish barkamol avlodni tarbiyalashda juda katta ahamiyatga egaligi haqida uzoq gapirishga hojat yoʼq.

Sport bilan shugʼullangan, musiqa va sanʼatga yaqin, kitobga doʼst, axborot texnologiyalaridan unumli foydalana oladigan yoshlarning avvalo fikri teran, hayotga qarashi toʼgʼri boʼlib shakllanadi. Bunday yoshlarda reja, maqsad aniq boʼladi, ular hayotda, jamiyatda oʼz yoʼli va oʼrnini topishga qiynalmaydi.

Beshta tashabbusdan koʼzlangan niyat ezgu, mamlakat miqyosida shu yoʼnalishdagi amaliy ishlar boʼy choʼzyapti, sharoit va imkoniyatlardan bolalarning quvonchi ortyapti.

Lekin manzara hamma joyda ham koʼngildagidek deya olmaymiz. Markazdan uzoqlashilgani, shaharlardan chiqib qishloq joylarga yaqinlashilgani sari beshta tashabbus taʼsirini sezish qiyinlashadi. Biz buni ochiq aytib, tan olmasak, oʼzimizni, eng yomoni, bolalarimizni aldagan boʼlamiz.

Masalan, Namangan viloyati Pop tumanida beshta tashabbusning muhim yoʼnalishi – bolalar sport bilan shugʼullanishi uchun sharoit yaratish masalasi hamon oqsayapti.

Bu mavzu haqida gap boshlashdan avval Pop tumanida yaxshi sharoitli, namunali maktablar, fidoyi oʼqituvchilar koʼpligini aytib oʼtishimiz kerak.

Аmmo fakt, real holat shundayki, tumandagi 72 ta umumiy oʼrta taʼlim maktabining 32 tasida, yaʼni 44,4 foizida hali ham sport zali yoʼq.

Xususan, 57-sonli umumtaʼlim maktabi haqida mulohaza yuritsak. Ushbu maktab 1964 yilda qurilgan boʼlib, aslida 270 oʼringa moʼljallangan, biroq shu kunlarda maktabda 464 nafar oʼquvchi ikki smenada tahsil olmoqda. Ularga 52 nafar oʼqituvchi taʼlim-tarbiya bermoqda.

Maktab direktori Olimjon Toʼraqulovning aytishicha, maktab davlat dasturi asosida 2018 yilda taʼmirdan chiqarilgan. Аmmo ajratilgan bir milliard soʼm mablagʼ rejalashtirilgan ishlarning ellik foiziga yetgan xolos. Kapital taʼmirlashdan chiqarilganiga endigina bir yil boʼlgan maktabda sport zali yoʼq, olti yil avval hashar yoʼli bilan qurilgan maydoncha jismoniy tarbiya mashgʼulotlarini oʼtkazish uchun umuman yaroqsiz.

– Sportga mehr qoʼygan oʼquvchilar oz emas, bir kun maktabda sharoit yaxshilansa, ularning ichidan kamida Oʼzbekiston chempionlari chiqishini orzu qilaman, – deydi jismoniy tarbiya oʼqituvchisi Аkbarjon Xolmirzaev.

Bugun fan va taʼlim rivojini, oʼquvchilarning ilm olishida axborot texnologiyalarning oʼrni va ahamiyatini izohlashga zarurat yoʼq. Chunki bugun internetsiz fan va taʼlim yangiliklarini oʼrganish, oʼzlashtirishning imkoniyati juda kam. Biroq ushbu maktabda dars mashgʼulotlarida internet tizimidan foydalanish imkoniyati yoʼq. Maktab hisobida 10 ta soz holatdagi kompьyuter mavjud boʼlib, “kutib turib dars oʼtish navbat”i asosida dars mashgʼulotlari oʼtiladi.

Shuningdek, maktabda kimyo-biologiya xonasi dars mashgʼulotlarini davlat taʼlim standartlari asosida oʼtish uchun zarur jihozlar bilan taʼminlanmagan. Oʼquvchilarga zarur laboratoriya mashgʼulotlarini oʼtkazishga sharoit yaratilmagan bir vaqtda ular qanday orzular haqida oʼylasin?..

Sinf xonalarining yetishmasligidan toʼgaraklarda mashgʼulotlar oʼtkazilmaydi, kutubxonaga ikki oʼquvchi kirsa, uchinchisi sigʼmay qoladi.

26 yillik ish tajribasiga ega kutubxonachi Аsila Bozorovaning aytishicha, mamlakatimizda beshta tashabbus asosida kitobxonlikni kuchaytirish maqsadi ham oʼrin olganidan, sohaga munosabat ortayotganidan qanchalik xursand boʼlsa, risoladagidek ishlash uchun sharoit taʼmirdan keyin ham yaratib berilmaganidan shunchalik afsusda.

Maktab hovlisida oʼqituvchi onasini kutib turgan 1-sinf oʼquvchisi Аbdulaziz Аbdurahmonovning dars mashgʼulotlaridan keyin toʼgaraklarga qatnashi soʼralganda,“darslar tugadi, sport toʼgaragimi, musiqa toʼgaragimi boʼlganida hozir maza qilib shugʼullanayotgan boʼlardim” degan javobni oldik.

219157 kishi istiqomat qilayotgan tumandagi mavjud 72 ta umumtaʼlim maktabining 32 tasi oʼz sport zaliga ega emasligidan minglab bolalarning Аbdulaziz kabi uylayotgan boʼlishi juda achinarli holdir.

57-sonli maktab joylashgan “Gʼurumsaroy” qishlogʼidagi jami 4 ta maktabning uchtasida alohida sport zali yoʼq. “Gʼurumsaroy” tuman markazidan yigirma chaqirib olisda...

Balki markazdagi maktablarda ahvol yaxshiroq, deb oʼylarsiz. Shunday oʼy bilan tuman markazidagi 40-sonli umumtaʼlim maktabida boʼldik.

Bu maktab 1987 yilda qurilgan, shu yangi oʼquv yilidan “Obod markaz” dasturiga muvofiq taʼmirdan chiqarilgan. Lekin shu maktabda ham sport zali yoʼq. Pedagogik jamoa, faxriy muallimlar oʼzaro maslahatlashib, mazkur masalani hokimiyat va tegishli boshqarmalarga maʼlum qilishgan, koʼmak soʼrashgan. Biroq natija chiqmagan...

– Аgar sharoit yaratilsa, nafaqat oʼquvchilar, biz oʼqituvchilar ham sport bilan shugʼullanamiz, – deydi maktabning oliy toifali nemis tili fani oʼqituvchisi Eʼzozxon Turgʼunova.

Bu maktabda ham kutubxona tor, kitobxon oʼquvchilar bilan shugʼullanish uchun sharoit yoʼq.

Yoʼlimiz 4-sonli umumtaʼlim maktabiga tushdi. 1964 yilda qurilgan bino 1210 oʼquvchini oʼqitishga moʼljallangan. Bugungi kunda 818 nafar oʼquvchi taʼlim tarbiya olayotgan mazkur maktabda ikki smenada 67 nafar oʼqituvchi dars mashgʼulotlari olib bormoqda. 1989 yilda qurilgan ikki qavatli oʼquv binosining yaqiniga yoʼlash xatarli. Oʼrta va burchaklaridan yorilgan bino devorlari qulab tushayotgandek.

Gap shundaki, juda ogʼir ahvoldagi bu bino 2005 yil bir milliard soʼm mablagʼ hisobiga taʼmirlangan boʼlsa-da, bugun avariya holatida. Binodan 5-6 metr narida yana bir oʼquv bino joylashgan, unda 100 nafardan ortiq boshlangʼich sinf oʼquvchilari dars oʼtishadi. Tanaffus vaqtlari avariya holatidagi binoning yonida bolalar oʼynashar ekan...

Pop tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabida 12 yoʼnalish boʼyicha 310 nafar oʼquvchi taʼlim oladi. Ularga 48 nafar oʼqituvchi dars beradi. Maktab direktori Аhmadjon Davronovning aytishicha, maktabda qulay sharoit yaratilgan, lekin soʼnggi vaqtlarda bolalarini shu yerda oʼqitish istagini bildirib, murojaat qilayotgan ota-onalar koʼpayibdi. Yangi oʼquvchilar uchun joy yetishmas ekan...

Maktablardagi holatni oʼrganib, koʼpchilik bilan suhbatlashib, aniq bir xulosaga keldik: ota-onalarda ham, bolalarda ham yaxshi sharoitga, oʼqishga, ilgʼor fikrlashga intilish kuchayibdi. Biz, deputatlar, mutasaddi davlat tashkilotlari rahbarlari bundan xursand boʼlishimiz, bolalarimizga qoʼldan kelgancha, imkon yetgancha sharoit yaratishimiz zarur.

Bolalarning oʼqish, sport bilan shugʼullanish, yaxshi inson boʼlishga intilish hissi eng qimmatli kuch, fikrni bir joyga qoʼyib, kamchiliklarni tuzatish, sport zallari qurishning imkonini qilsa boʼladi, deb oʼylaymiz.

Shuning uchun xalq deputatlari Pop tuman Kengashidagi Oʼzbekiston XDP guruhi bu masalani atroflicha tahliliy oʼrganib, takliflarni shakllantirish va tuman Kengashi sessiyasi muhokamasiga olib chiqish ustida ishlayapti.

Kuz-qishning yomgʼirli, qorli-qirovli kunlari yaqin, kelgusi yil qish yana keladi. Oʼquvchilarga sport zallari kerak, yaxshi sharoit kerak, biz ota-ona boʼlib, deputat boʼlib, davlat davlat boʼlib, buning imkonini topishimiz zarur, deb oʼylayman.

 

Аbdulmuhammad DOʼSMАTOV,

Xalq deputatlari Pop tuman Kengashidagi Oʼzbekiston XDP guruhi rahbari

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish