Ustozlarga yuksak ehtirom

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali teatrida tantanali bayram tadbiri o‘tkazdi. Qadrdon teatrga yig‘ilgan 400 nafarga yaqin soha fidoyilariga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi.

Bayram tadbirini O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov ochib berarkan, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek mas’uliyatli vazifani zimmasiga olib, mehnat qilish haqiqiy fidoyilik namunasi ekanini qayd etdi. Keyingi yillarda o‘qituvchi maqomi yuksalganini ta’kidlab, ustoz va murabbiylarni sharafli kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi.

Ta’lim tizimi xodimlarining ijtimoiy himoyasi yanada oshayotgani, o‘qituvchi va pedagoglarning qadri ko‘tarilayotgani, yosh avlodning bilim olish va kasb-hunar o‘rganishda teng imkoniyatlarga ega bo‘layotgani Xalq demokratik partiyasining asosiy dasturiy maqsadlariga xizmat qiladi, dedi partiya yetakchisi.

Keyingi yillarda ta’lim va ilm-fan sohasiga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar hajmi 6 karra oshgani ham bu yo‘nalishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganining yaqqol ifodasidir.

Bir necha yil avval 5 ming 200 ta bo‘lgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni bugun 39 mingtaga yetdi. Bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27 foiz atrofidan 78 foizga oshdi.

Shuningdek, 500 ga yaqin yangi maktab barpo etilib, qariyb 1 millionta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi.

Bir qator quvonchli yangiliklar, yuksak hurmat-e’tibor sharofati bilan bu yilgi bayram har qachongidan shukuhli, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tayotgani, bir paytlar chetroqqa chiqib qolgan soha fidoyilari bugun munosib ehtirom ko‘rayotgani haqida fikrlar bildirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan ustoz va murabbiylar ularning davlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan farzandlari uchun kontrakt summasining 30 foizi chegirma qilingani ularga katta yengillik berganini ta’kidlashdi. Shuningdek, qator davlat xizmatlaridan foydalanishda imtiyoz berilgani ham pedagoglarga ko‘rsatilayotgan e’tiborning ifodasi ekani aytildi.

Bayram tadbirida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizdagi barcha o‘qituvchi va murabbiylarni ezgu kasb bayrami bilan qutlab, minnatdorlik asnosida samimiy tilaklarini izhor qildi.

Shu kuni soha vakillariga O‘zbek davlat musiqali teatri ijodkorlari sahnalashtirgan “Usmon Nosir” spektakli namoyish etildi.

 

 

 

 

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish