Oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlanishi bilan talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi dolzarblashadi. Yurtimizda talabalar soni ortib borayotgan bir sharoitda mavjud talabalar turar joylari barcha ehtiyojni to‘liq qamrab olmayotgani hech kimga sir emas. Bunday ijtimoiy vaziyatda talab yoshlarning mantfaatlarini har tomonlama himoya qilish, ularning turmush sharoitini, fikr va takliflarini o‘rganish muhim ahamiyatga ega.
Shuning uchun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mas’ul idoralar vakillari ishtirokida «Ijara bozori: uysizlik, adolatli narx va ijtimoiy yechimlar» mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.
Muloqotda talabalarning turar joyga ehtiyoji, talabalar turar joylaridagi imkoniyatlar va real ehtiyoj o‘rtasidagi tafovut, ijara haqining talabalar hamda ularning oilalari daromadlariga ta’siri, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ta’limda tenglik bo‘lishi, talabalarga munosib yashash sharoitlari ta’minlanishi, ularning ta’lim olish imkoniyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy omillar cheklab qo‘ymasligi tarafdori.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yili arafasida respublikadagi 133 ta oliy ta’lim tashkilotida 460 ta talabalar turar joyi tayyorlangan bo‘lib, ularning umumiy sig‘imi 181 ming 336 o‘rinni tashkil etgan. 3 sentabr holatiga respublikada 1 million 415 ming 496 nafar talaba mavjud bo‘lgan. Demak, mavjud talabalar turar joylari umumiy talabalarning bor yo‘g‘i 21,1 foizini qamrab olishi mumkin.
Turar joyga bo‘lgan ehtiyoj ayniqsa poytaxtda yaqqol sezilmoqda. Toshkent shahrida 142 ta talabalar turar joyida jami 52 ming 643 nafar talaba joylashishi mumkin. Ayrim oliy ta’lim muassasalari misolida talab va imkoniyat o‘rtasidagi tafovut yanada katta ekani ko‘rinadi. Xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga talabalar turar joyiga joylashish bo‘yicha 5 ming 953 ta ariza kelib tushgan bo‘lsa, mavjud o‘rinlar 2 ming 910 tani tashkil etgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida esa 3 ming 119 ta turar joyga ehtiyoji bor talabadan atigi 576 tasini yotoqxona bilan ta’minlash imkoni bor.
Bunday sharoitda talabalarning bir qismi ijara uy-joylariga joylashishga majbur bo‘ladi. Bu esa ularning shaxsiy xarajatlarini oshirib, ayrim hollarda oila budjetiga ham qo‘shimcha yuk tushiradi. Ayniqsa, boshqa hududdan Toshkentga kelib o‘qiydigan, oilasining moliyaviy imkoniyati cheklangan talabalar uchun ijara haqi sezilarli xarajatga aylanishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, ijara bozorida narxlarning aholi, xususan, talabalar imkoniyatiga mutanosibligi masalasi ijtimoiy ahamiyat kasb etadi.
Davra suhbatida mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator takliflar bildirildi. Jumladan, talabalar turar joylarini barpo etish hajmini talabalar soni va real ehtiyojdan kelib chiqib oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar uchun turar joy ajratishda manzilli yondashuvni kuchaytirish taklif qilindi.