O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya Markaziy Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, Oliy Majlis Senati a’zolari ishtirok etdi. O‘zXDP Qoraqalpog‘iston Respublika, Toshkent shahri va barcha viloyat kengashlari raislari, xalq deputatlari mahalliy Kengalardagi partiya guruhlari rahbarlari videomuloqot formatida qatnashdi.
Plenumni partiya Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov ochib berdi.
Davlat rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida ilk bor keyingi yillardagi izchil taraqqiyot yo‘lining ulkan natijalari aniq raqamlar asosida tahlil qilingani, ijtimoiy himoya, ijtimoiy xizmatlar, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishlarida mutlaqo yangi tizim shakllangani alohida ta’kidlandi.
Xususan, 2025-yilda 5 million nafar aholining daromad manbalari kengaytirildi, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga kamaydi. Qariyb 1,5 million nafar fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi. Kambag‘allik darajasining 8,9 foizdan 5,8 foizga pasaygani manzilli yondashuv, izchil mehnat va qat’iy nazoratga asoslangan siyosatning amaliy natijasi ekani qayd etildi.
Yangilangan “O‘zbekiston – 2030” Taraqqiyot strategiyasi va “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili Davlat dasturida belgilangan maqsad-vazifalar Xalq demokratik partiyasining siyosiy g‘oyalarini rivojlantirishga qaratilganligi e’tirof etildi. Shuningdek, ko‘zlangan natijalarga erishish butun partiya tashkilotlari va deputatlik korpusi zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi, islohotlar jarayonida faol ishtirok etish zarurligi bildirildi.
Joriy yilda kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 3,5 mingtaga yetkazish, 1 million nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish orqali kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5 foizga tushirish singari yuksak vazifalar belgilangani qonun ijodkorligi va ularning ijrosini o‘rganish, deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy loyihalar o‘tkazish yo‘nalishlarida tizimli yondashuvlarni taqozo etadi, dedi partiya yetakchisi.
Shuningdek, plenumda deputatlarning “Tashabbusli budjet” jarayonlarida yetarli ovoz to‘plamagan loyihalarni g‘olib, deb topish, mahallalarda yashil hududlar, bog‘ va jamoat parklarini barpo etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlaridan saylovchilar va partiya elektorati manfaatlarini yanada samarali himoya qilish yo‘lida doimiy unumli foydalanish lozimligi ta’kidlandi.
Plenumda partiya 10 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat Saylovoldi dasturini amalga oshirishga qaratilgan Harakat dasturi ijrosi ham tahliliy tanqidiy ko‘rib chiqildi. Dasturning 39 bandi amalda bajarilgan. Bunda erishilgan yutuqlar bilan birga, maqsad va vazifalarni amalga oshirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga ham e’tibor qaratildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi qonun ijodkorligi jarayonida partiya dasturiy maqsadlarini ifoda etish bo‘yicha tizimli ish olib bormoqda, shu bilan birga, jamiyatda sodir bo‘layotgan muhim voqea-hodisalar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektorat manfaatlari bilan bog‘liq ijtimoiy masalalarda fraksiya a’zolari shaxsiy tashabbus va pozitsiya ko‘rsatishi talab etilmoqda.
Muhokamalarda partiyaning yuqori organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlashda talabchanlik va samarali nazorat yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani, ayrim hududiy kengashlar tomonidan elektorat manfaatlari bilan bog‘liq dolzarb masalalarni o‘rganish, ularni ochiq muhokama qilish va qat’iy siyosiy pozitsiya bildirishda yetarli tashabbus ko‘rsatilmagani tanqid qilindi.
Joriy yilda har bir mas’ul o‘z faoliyatiga tanqidiy baho bergan holda, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘liq va yuksak mas’uliyat bilan bajarishi shartligi aytildi.
Plenumda kun tartibidagi masalalar yuzasidan senatorlar, deputatlar, partiya hududiy kengashlari raislari o‘z fikr-mulohazalarini aytib, takliflarini bildirdi. Shular asosida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ustuvor vazifalari belgilab olindi. Bunda, avvalo, partiya siyosiy pozitsiyasi, elektorat manfaatlari, strategik hujjatlarda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, global o‘zgarishlar va jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqildi.
Birinchidan, parlament va jamoatchilik nazoratining ta’sirchanligini oshirish, ayniqsa, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish. Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi ustidan bandma-band deputatlik va jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish.
Ikkinchidan, joriy yilda ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi 2 mingdan ziyod qonunchilik hujjatlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bu jarayonda har bir deputat faol va tashabbuskor bo‘lishi shart. Qonunlar hayotga xizmat qilishi uchun ularni takomillashtirishda faol pozitsiya zarur.
Uchinchidan, deputatlar joylardagi muammolarini o‘rganishi, ularni ochiq ko‘tarib chiqishi va yechimi bo‘yicha qat’iyat ko‘rsatishi.
To‘rtinchidan, jamoatchilik muhokamalari va jamoatchilik eshituvlarini muntazam o‘tkazib borishga alohida e’tibor qaratish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Yakunda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.