O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda partiyaning elektorati manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun loyihalari muhokama etildi.
Dastlab “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Loyihada fuqarolarga pensiya tayinlashda yangi axborot texnologiyalarini keng qo‘llash, inson omilini yanada kamaytirishga qaratilgan me’yorlar o‘rin olmoqda. Shu bilan birga, nogironligi bor shaxslarga pensiya tayinlashda yengilliklar berilishi nazarda tutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 50 ming nafardan ortiq nogironligi bor shaxslarga pensiya tayinlashni soddalashtirish imkoni paydo bo‘ladi. Shu orqali Xalq demokratik partiyasi bir necha marta ilgari surgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ovoragarchiliklardan xalos qiladigan tashabbus amalga oshadi. Qonun tashabbuskorlari partiya taklifini alohida ta’kidladi.
Deputat J.Achilovning fikricha, ushbu qonun loyihasi normalarni aniqlashtirishi bilan ajralib turadi, uning qabul qilinishi partiyamizning elektorati manfaatlari himoyasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Majlisda “Sudyalar hamjamiyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama etildi. Loyihaga ko‘ra, sudyalar hamjamiyati organlarining aniq huquqiy hujjatlarini shakllantirish nazarda tutilmoqda. Bunda fuqarolarga huquqiy yordam berishning aniq, tartiblashtirilgan uslublari yagona yondashuv asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Fraksiya a’zolarining qayd etishicha, xorijiy davlatlarning tajribasini mamlakatimizda qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish zarur. Aholini huquqiy himoya qilish masalalariga har tomonlama tahlil asosida yondashish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Qonun loyihalari atroflicha muhokamalardan keyin qo‘llab-quvvatlandi.
Qonun loyihalarida partiyaning elektorati manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor shaxslarni alohida e’tiborga olish zarurligi ta’kidlandi.