Harbiy xizmatchi xodimlarning ijtimoiy himoyasi kafolatlanmoqda

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining bugungi yig‘ilishida muhim qonun loyihalari atroflicha muhokama etildi.

Xususan, harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarining pensiya ta’minoti haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Loyihaga ko‘ra, harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minoti bilan bog‘liq masalalarni alohida qonun bilan tartibga solish nazarda tutilmoqda. Unga asosan kalendar hisobida 30 yillik to‘liq harbiy xizmat o‘tagan harbiy xizmatchilar yuz foizlik pensiya ta’minotini olishi mumkinligi belgilanmoqda.

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi A.Nurmatov hayotining muhim qismini vatan tinchligi yo‘lidagi xizmat uchun bag‘ishlagan yurtdoshlarimizni ijtimoiy himoyalash lozimligi, bu masala partiyaning dasturiy maqsadlari bilan uyg‘un ekanini ta’kidlab, qonun loyihasini konseptual jihatdan quvvat-quvvatlash haqida fikr bildirdi.

«Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi alohida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Loyihaga ko‘ra, tovar-mahsulotlarga nisbatan texnik jihatdan tartibga solish, xususan, monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.

Deputat Z.Shadiyevaning fikricha, elektron platformalar orqali realizatsiya qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi masalasini tartibga solish maqsadga muvofiq. Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzu bo‘yicha qator fikrlar bildirilmoqda.

Yig‘ilish davomida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham deputatlarning diqqat markazida bo‘ldi.

Fraksiya a’zolari ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan me’yorlarni boshqa qonunlarga ham, xususan, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunga kiritish lozimligi haqida fikr bildirdi. Muhokama etilgan qonun loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

Majlisda deputatlar faoliyatiga tegishli boshqa masalalar ham tahlil etildi. Fraksiya rahbari o‘rinbosari F.Sharipov deputatlarning hududlardagi o‘rganishlariga tizimli yondashish zarurligini, partiya tizimida bu borada yangi mexanizmlar joriy etilayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, elektorat manfaatlari himoyasi bilan bog‘liq o‘rganishlarda mahalliy Kengash deputatlari bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish