O‘zbekiston XDP Surxondaryo viloyat kengashi hamda O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashi hamkorligida Sariosiyo tumanidagi Farhod “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyida “Mehr ulashaylik” aksiyasi doirasida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda viloyat va tuman kengashlari mas’ullari ishtirok etib, muassasa tarbiyalanuvchilarini Ramazon hayiti va Navro‘z bayramlari bilan samimiy qutlab, ularga sovg‘alar ulashdi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga e’tibor qaratilib, ularga ruhiy qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan bayramona muhit yaratilib, imkoniyati cheklangan ayollarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan ezgu tashabbuslar ilgari surildi.
Yakunda partiya mas’ullari muassasada yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. 300 o‘ringa mo‘ljallangan internat uyida hozirda 293 nafar xotin-qiz istiqomat qilmoqda hamda ularga 215 nafar xodim xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Mazkur tadbir aholini, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy ishlarning muhim ko‘rinishi bo‘ldi.