Betakror va buyuk majmua
Betakror va buyuk majmua

 

Muqaddas Ramazon oyida mamlakatimizda mehr-oqibat yanada kuchayib, ehtiyojmand insonlarga har tomonlama e’tibor va ko‘mak ko‘rsatilmoqda, xalqimiz ezgu va savobli amallarga bosh-qosh bo‘lmoqda.

Davlat va nodavlat tashkilotlari, saxovatli hamyurtlarimiz tomonidan muhtoj oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilayotgani vatanimizda fayzu barakani oshirmoqda, inson qadrining ulug‘lanishi tinchlik va umummilliy birlik ruhi tobora mustahkamlanishiga asos bo‘lmoqda.

Toshkent shahrida dunyoda analogi bo‘lmagan Islom svilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi, shu kuni butun mamlakatimiz bo‘ylab iftorlik o‘tkazilishi, Qur’on tilovat qilinib, duolar o‘qilishi, ezgu niyatlar bildirilishi xalqimizning nafaqat ijtimoiy, balki ruhiy birdamlik hissini yanada mustahkamladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rasmiy ochilish marosimidagi nutqida ushbu ulug‘vor va noyob majmua xalqimizning aql-zakovati, fidokorona mehnati bilan bunyod etilganini ta’kidlab, ne-ne ajdodlarimizning orzu-niyatlari, armonlari ro‘yobga chiqqan unutilmas kun, chinakam ilm-ma’rifat bayrami ekanini qayd etgani bejiz emas.

Darhaqiqat, betakror va buyuk majmua ona vatanimizning uch ming yillik shonli tarixi va beqiyos madaniyatining, Yangi O‘zbekiston imkoniyatlarining yorqin ko‘zgusi sifatida poytaxtimiz tarixiy ma’naviy markazida mag‘rur salobat to‘kib turibdi.

To‘g‘ri ta’kidlanganidek, bu markaz Yangi O‘zbekiston rivojlangan davlat, erkin jamiyat poydevorini bunyod etish uchun, eng avvalo, ilm va ta’limga tayanayotganining yorqin ifodasi bo‘ldi.

Bunday ulkan majmua tarixan qisqa davrda har tomonlama mukammal bunyod etilgani majmuaga tashrif buyurgan qator davlatlarning rahbar va siyosatchilari, yetuk tashkilotlar va xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etilmoqda. BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida e’lon qilingan ezgu tashabbus jahon jamoatchiligi, ayniqsa, islom hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlangani markazning xalqaro ahamiyatini ham oshiradi.

Ushbu markazda O‘zbekistonning qadimiy tarixi va sivilizatsiyasi durdonalarini bir paytning o‘zida yagona ma’rifiy makonda ko‘rish, shu asosda o‘zbek xalqining intellektual va madaniy salohiyatini yaqqol anglash mumkinligi alohida qayd etildi. Maskan bilan tanishgan har bir inson, yoshidan, kasbi yoki ishlayotgan sohasidan qat’iy nazar, qanday ulug‘ zotlar ajdodi ekanidan, muqaddas dinimizning ma’naviy-ruhiy qudratidan g‘urur va iftixorga to‘ladi.

Noyob majmuadagi “O‘zbekiston zaminida islomgacha bo‘lgan davr”, “Birinchi va Ikkinchi Renessans”, “Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans poydevori” kabi ekspozitsiya zallari tarixan bog‘liqligi va bir-birini to‘ldirib turishi yurtimiz tarixini keng qamrovli aks ettirishga xizmat qiladi.

Markazda tarixiy noyob eksponatlar eng ilg‘or texnologiyalar yordamida taqdim etilishi yosh va kelgusi avlodning buyuk tariximizni atroflicha o‘rganishi, islom dinining ezgu asoslarini keng tushunishida alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.

Davlat rahbari Islom sivilizatsiyasi markazi ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyatimiz uchun fundamental baza bo‘lishini ta’kidladi, AYSESKO, IRSIKA, Oksford islom tadqiqotlari markazi, TURKSOY kabi va boshqa ko‘plab xalqaro hamda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish uchun zarur sharoitlar yaratib berilishini bildirdi. Demak, bu yerda diniy, ma’rifiy, ilmiy va ijodiy jarayonlar bir-biriga uyg‘un ravishda rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar ochiladi. Bularning barchasi majmuaning ahamiyati va faoliyat qamrovi doimiy ravishda kengayib borishini ham anglatadi.

Noyob va buyuk majmuadan xalqimiz asrlar davomida bahramand bo‘lishiga, bu yerga kelgan har bir yoshlarimiz bilim va ma’rifatga, taraqqiyotga intilishiga ishonamiz.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

 

 
 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish