Mahalla infratuzilmasidagi kamchiliklar bo‘yicha deputatlik so‘rovi yuboriladi

 

Xalq deputatlari Arnasoy tuman Kengashi deputatlari tomonidan saylov okruglarida mavjud muammolarni o‘rganish, aholi murojaatlarini joyida ko‘rib chiqish va ularning yechimiga ko‘maklashish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, 1-«G‘oliblar» saylov okrugidan saylangan deputat Usmon Umarov hamda 2-«Taraqqiyot» saylov okrugidan saylangan deputat Shamigul G‘aniyeva tomonidan «G‘oliblar» mahallasining «Toshkent» ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylar hududida o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish jarayonida hududda yer osti suvlarini chiqarishga mo‘ljallangan ikkita vertikal drenaj mavjud bo‘lib, ulardan faqat bittasi ishlayotgani aniqlandi. Ishlamayotgan drenaj inshooti 2024-yilda qurilgan bo‘lsa-da, hozirga qadar foydalanishga topshirilmagani qayd etildi. Shuningdek, faoliyat yuritayotgan drenaj inshootida texnika xavfsizligi talablariga to‘liq rioya etilmayotgani, elektr simlarining ochiq holatda ekani va inshoot eshiklari yopilmagani aniqlanib, bu holatlar alohida e’tibor qaratilishi zarurligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, hududda maishiy chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmayotgani ham aniqlanib, bu borada aholi e’tirozlari mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tuman hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya hamda ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchi U. Anarkulov nomiga deputatlik so‘rovi yuborish belgilandi. Mazkur masala yuzasidan zarur choralar ko‘rilishi deputatlar tomonidan nazoratga olindi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish