Yomg‘ir suvlarini yig‘ish — barqaror shaharsozlik sari muhim qadam

 

Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, aholi sonining izchil ortib borishi va urbanizatsiya jarayonlarining jadallashuvi suv resurslariga bo‘lgan bosimni keskin kuchaytirmoqda. Afsuski, amaldagi markazlashgan suv ta’minoti tizimlarida ichimlik suvidan texnik va xo‘jalik ehtiyojlari uchun ham keng foydalanish davom etmoqda. Bu esa nafaqat ichimlik suvi zaxiralarining samarasiz sarflanishiga, balki kanalizatsiya va drenaj tarmoqlariga tushadigan yuklamaning ortishiga ham sabab bo‘lmoqda.

Shu bois suvdan oqilona foydalanish va uni tejashga qaratilgan zamonaviy yondashuvlarni joriy etish dolzarb vazifaga aylandi. Ana shunday yechimlardan biri – yomg‘ir suvlarini yig‘ish, saqlash va qayta ishlatish tizimini yangi quriladigan binolar uchun majburiy standart sifatida joriy etish tashabbusidir. Mazkur yondashuv barqaror shaharsozlikni rivojlantirish, ichimlik suvi iste’molini kamaytirish hamda mavjud infratuzilmaga tushadigan yuklamani sezilarli darajada qisqartirish imkonini beradi.

Tashabbusni tizimli joriy etish uchun, avvalo, huquqiy asos mustahkam bo‘lishi lozim. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish orqali yomg‘ir suvlarini yig‘ish tizimini qurilish me’yorlariga integratsiya qilish maqsadga muvofiq. Bu mexanizm tashabbusni umumrespublika miqyosida izchil amalga oshirish uchun huquqiy poydevor vazifasini bajaradi.

Pilot loyiha sifatida Toshkent viloyati eng maqbul hudud sifatida belgilanadi. Yog‘in miqdorining nisbatan barqarorligi va qurilish sur’atlarining yuqoriligi ushbu hududni tajriba-sinov ishlari uchun qulay qiladi. Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun tuman (shahar) hokimliklari faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 186-son Farmoni hamda 2025-yil 8-oktabrdagi PQ–298-son qarorida belgilangan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” konsepsiyasi doirasida amalga oshirilishi mumkin. Dastlab Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahri, Bo‘ka tumani, Chirchiq shahri va Chinoz tumanida tizim samaradorligini sinovdan o‘tkazish, keyinchalik uni boshqa hududlarga tatbiq etish ko‘zda tutiladi.

Texnik jihatdan yomg‘ir suvini yig‘ish tizimi tom sathidan yog‘ingarchilikni yig‘ish, maxsus novlar orqali yo‘naltirish, dastlabki iflos oqimni ajratib tashlash, tozalangan suvni yopiq sisternalarda saqlash hamda quyosh energiyasida ishlovchi nasoslar yordamida uzatish mexanizmlariga asoslanadi. Shuningdek, infiltratsiya xandagi va bio-infiltratsiya quduqlari orqali yer osti suvlari to‘yinishiga ham xizmat qiladi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 100 kvadrat metr tom maydonidan yiliga o‘rtacha 30 ming litr yomg‘ir suvini yig‘ish mumkin. 5 qavatli, 18 xonadonli binoda esa bu ko‘rsatkich yiliga 150 ming litrga yetadi. Natijada har bir xonadonda ichimlik suvi iste’moli 30–50 foizgacha qisqaradi, texnik ehtiyojlar esa deyarli to‘liq yomg‘ir suvi hisobidan qoplanadi. Bundan tashqari, bunday tizim kommunal uzilishlar davrida 2–3 haftagacha avtonom ta’minotni ta’minlash imkonini beradi.

Tizimning keng joriy etilishi nafaqat iqtisodiy, balki ekologik jihatdan ham muhim samara beradi. Yer osti suvlari to‘yintirilishi 15–25 foizga oshadi, drenaj tizimiga tushadigan yuklama 30–35 foizga kamayadi, ichimlik suvini ishlab chiqarishga ketadigan energiya sarfi va SO₂ chiqindilari sezilarli darajada qisqaradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir xonadon yiliga o‘rtacha 120–250 ming so‘m miqdorida kommunal tejamkorlikka erishadi.

Xalqaro tajriba ham ushbu yondashuvning samaradorligini tasdiqlaydi. Singapurda texnik suvning qariyb yarmi yomg‘ir suvi hisobiga qoplanadi, Germaniya shaharlarida sanitariya tizimlari yomg‘ir suviga ulangan, Yaponiyada esa toshqin xavfi 25–30 foizgacha kamaytirilgan.

Xulosa qilib aytganda, yomg‘ir suvlarini yig‘ish va qayta ishlatish tizimini yangi qurilishlar uchun standart sifatida joriy etish Yangi O‘zbekiston shaharlarining barqaror rivojlanishida muhim bosqich bo‘lishi mumkin. Ushbu tashabbus suv resurslarini tejash, iqtisodiy samaradorlikni oshirish, infratuzilmaga tushadigan yuklamani kamaytirish va ekologik muvozanatni mustahkamlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, u zamonaviy va mas’uliyatli shaharsozlik yondashuvining ajralmas qismi sifatida shakllanishi mumkin.

 

Muhsiddin Nizomiddinov,

Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashi deputati.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish