Ayollarning siyosiy faolligini oshirish: imkoniyat va muammolar tahlil qilindi

 

Toshkent shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashabbusi bilan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Oqila ayollar harakati hamda ilmiy-tadqiqot institutlari hamkorligida “Ayollarning siyosiy faolligini oshirish: mavjud imkoniyatlar va muammolar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatlari, Yoshlar parlamenti a’zolari, hamkor tashkilotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi U.Inoyatov muloqotni boshlarkan, partiya ayollarning mehnat bozorida teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi, ayniqsa, qishloq joylarda ularni qo‘llab-quvvatlash, qizlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, oliy ta’limda davlat grantlari sonini ko‘paytirish, bolalar bog‘chalari va ijtimoiy xizmatlar tarmog‘ini kengaytirish, xotin-qizlar hayotini yengillashtirish dolzarb vazifa ekanini ta’kidladi.

Qayd etish kerak, mamlakatimizda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator yo‘nalishlarda ishlar boshlangan. Misol uchun, har yili muayyan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari davlat hisobidan qoplab berilyapti, ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan qizlar uchun davlat grantlari soni 2 barobarga oshirildi, uy-joyga muhtoj ayollarga ipoteka kreditining 15 foizi miqdorida boshlang‘ich to‘lov to‘lab berilyapti, "Ayollar daftari" ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlar o‘z ishini boshlashi uchun subsidiya ham ajratilyapti.

Ayollarning ijtimoiy-siyosiy faol bo‘lishi, ularning davlat va jamiyat boshqaruvida bevosita va faol ishtirok etishi, turli sohalarda o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishi, teng huquq hamda imkoniyatlardan to‘siqlarsiz foydalana olishi Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlariga mos keladi.

Partiya Saylovoldi dasturida xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha muhim g‘oya va tashabbuslar ilgari surilgan. Qisqa davrda ularni ro‘yobga chiqarishga ham erishilayotgani bildirildi. Xususan, pensiya tayinlashda ayollarning bolani parvarishlash ta’tili muddati 3 yildan 6 yilgacha mehnat staji sifatida hisoblanadigan bo‘ldi, ota-onasi yoki boquvchisidan ayrilgan xotin-qizlarga davlat hisobidan o‘qish imkoniyati yaratildi.

Muloqotda partiya hamkor tashkilotlar bilan birga ayollarning siyosiy faolligini oshirish masalalarida hududlarda doimiy ravishda o‘rganishlar o‘tkazayotgani, qator muammo va kamchiliklar aniqlanayotgani ta’kidlandi.

Jumladan, o‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, xotin-qizlarning mehnat bozoridagi ishtiroki 40 foiz atrofida, ular orasida ishsizlik masalasi hali ham dolzarb.

Norasmiy sektorda mehnat qilayotgan ming-minglab xotin-qizlarning mehnat va ijtimoiy huquqlari ta’minlanishi qiyin bo‘lyapti.

Ish beruvchilar, aksariyat hollarda qonunni hurmat qilmaydigan tadbirkorlar ayollar mehnatini yetarli darajada qadrlamasdan, nisbatan kam haq to‘lamoqda.

Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari kamaymagan. Joriy yilning olti oyi davomida 48 mingdan ortiq ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan.

Ta’lim olish, hunar o‘rganish istagidagi xotin-qizlar oilalar, ayniqsa, mutasaddi idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan belgilangan darajada qo‘llab-quvvatlanyapti. Kasb-hunarga o‘rgatish kurslari nomiga yo‘lga qo‘yilgan, mas’uliyatli vazifaga yuzaki yondashilayotgan holatlar ham oz emas.

Muloqotda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faol bo‘lishiga xalaqit berayotgan shu kabi muammolarni hamkorlikda hal qilish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy qilingan dasturlar va loyihalarning natijadorligini oshirish masalalarida fikr almashildi. Deputatlar, mutaxassislar, olim va ekspertlarning mulohaza va takliflari tinglandi.

Muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, parlament nazorati instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha dastlabki harakatlar rejasi kelishib olindi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Loyihalarimiz
← Roʻyxatga qaytish