Ochiqchasiga gaplashamiz
Ochiqchasiga gaplashamiz

 

Har bir hududning faqat o‘zigagina xos ruhi bo‘ladi. Namangan bu tabiat bilan inson qo‘li uyg‘unlashgan zamin, mehnat va ma’rifatdan yuksalgan insonlarga beshik bo‘lgan go‘sha. Bag‘rikeng odamlar, serquyosh dala-bog‘lar, har qadamda mehr va odob seziladigan joydir.

Kimdir Namanganni Chust pichoqlari bilan taniydi, kimdir gulchilar yurti deydi. Kimdir esa bu yerda yashaydigan insonlarning samimiyligini bir umr yodda saqlaydi.

Bugun Namangan – bu taraqqiyot sari odimlayotgan, katta orzular yashayotgan va har bir kunni rivojlanish bilan o‘lchayotgan, ertasiga ishonchi baland viloyatlardan biri. Hududning ijtimoiy-siyosiy hayotiga nazar tashlasak, fuqarolar faolligi, partiyalar faoliyati jonlanib borayotganini kuzatish qiyin emas. Eng muhimi, shahar va qishloqlar hayotiga daxldor bo‘lgan har bir qaror xalq bilan bamaslahat qabul qilinmoqda. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlar minbarida har bir fuqaroning ovozi, fikri va taklifi yangramoqda.

Partiyamizning hududdagi faoliyatiga batafsil to‘xtalish maqsadida O‘zXDP Namangan viloyat kengashi raisi Ilhom Ataboyev bilan suhbatlashdik.

 

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarda XDP katta kuch va salohiyatga ega. Siz yetakchilik qilayotgan partiya tashkiloti ana shu imkoniyatdan qay darajada foydalanmoqda? Ko‘zga ko‘rinarli tashabbuslar haqida nima deyish mumkin?

 

Namangan – O‘zbekistoning sharqiy qismida joylashgan, mehnatkash aholisi va boy tarixi bilan ajralib turadigan viloyatlardan biri. Hozirgi kunda 3 million atrofida aholisi bor.

So‘nggi yillarda butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi viloyatimizda ham siyosiy hayot jonlanib, aholining davlat boshqaruvida ishtiroki sezilarli darajada kuchaydi. Bu jarayonda partiyamizning o‘rni va ta’sir kuchi tobora oshayotgani alohida e’tiborga loyiq.

Viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlarimiz aholining murojaatlari, muammolari va takliflarini bevosita eshitib, tegishli tashkilotlarga murojaat qilmoqda. Deputatlik so‘rovlari orqali muammolar yechim topayotgan holatlar soni yildan-yilga oshmoqda. Mahalliy Kengashlar muammo bilan murojaat qilinadigan manzilga aylanib ulgurdi. Eng muhimi, bizning so‘zimiz, pozitsiyamiz bor. Xalq vakili sifatida har bir muammoni ko‘tarishga haqlimiz. Bu juda katta o‘zgarish, deb bilaman.

Fikrimizni raqamlar kesimida izohlaydigan bo‘lsak, xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashida partiyamizning 14 nafar deputati bor. Shahar va tuman Kengashlarida esa 77 ta deputatlik o‘rniga egamiz. Ta’kidlash joizki, deputatlik guruhlarimiz mahalliy Kengashlarda real kuchga aylanib ulgurdi. Deputatlar muntazam ravishda aholi bilan ochiq muloqotda bo‘lyapti. Chunki oddiy odamning dardi biz uchun muhim!

Avvallari Kengash faqat yig‘ilib, qaror chiqarardi. Hozir esa muammolarni o‘rganish, tashkilotlardan javob talab qilish, hisobot so‘rash – bularning barchasi deputatlarimizning kundalik ishiga aylandi.

Natijada ayrim joylarda maktabni ta’mirlash ishlari, boshqa hududda esa ayollar bandligi, ichimlik suvi kabi masalalar aynan partiya deputatlari tashabbusi orqali xalq deputatlari mahalliy Kengashlar minbariga ko‘tarilib, muhokamaga chiqarilmoqda. Bu esa bir tomondan, davlat organlari faoliyatini shaffoflashtirish, ikkinchi tomondan, xalq ishonchini oshirish, muammolarni vaqtida bartaraf etishga xizmat qilyapti.

Har oyda bir necha mahallada sayyor qabul o‘tkazamiz. Murojaat va muammolarni ipidan ignasigacha o‘rganib, shu asosida sessiyaga masala tayyorlaymiz.

Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlarida 48 ta, doimiy komissiyalar yig‘ilishlarida 38 ta masala o‘rganildi. Shuningdek, 34 ta masala shahar va tuman Kengashlarining sessiyalarida ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishildi.

Ayni paytda, deputatlarimiz mahalliy Kengashlarda aholi manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy adolatni ta’minlash va kam ta’minlangan qatlamlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tashabbuslar bilan chiqmoqda. Albatta, bu tashabbuslar partiya tashkilotlarining joylardagi faoliyati va deputatlik guruhlari bilan hamkorligi asosida amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning mart, aprel oylarida xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiyamiz deputatlik guruhi tomonidan davlatimiz rahbarining 2024 yil 19 iyuldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining Namangan viloyatidagi ijrosi o‘rganildi.

Ushbu masala bo‘yicha ishchi guruhi tuzdik va viloyat transport boshqarmasi, temir yo‘l vokzali, Namangan xalqaro aeroportidagi holatni o‘rganib chiqdik.

Nazorat-tahlil natijasida shuningdek, viloyat ko‘zi ojizlar jamiyati va tumandagi ko‘zi ojizlar maktabi uchun Brayl alifbosiga moslashtirilgan darsliklar, badiiy kitoblar yetishmovchiligi, Axborot-resurs markazlarida kompyuter stoli ko‘zi ojizlar uchun ikki o‘rinli qilib moslashtirilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

O‘rganish natijalari O‘zXDP deputatlik guruhida va tegishli doimiy komissiyada ko‘rib chiqildi. Joriy yilning 5 aprel kuni xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritildi va tegishli qaror qabul qilinishiga erishildi.

Shuningdek, hududlardagi mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan 182 ta deputatlik so‘rovlari yuborilib, shundan 98 tasi ijobiy hal etildi. Bundan tashqari, 43 marotaba joylardagi hududiy rahbarlar va mansabdor shaxslarning hisobotlari va axborotlari eshitildi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining amaliy Harakat dasturini hududlar kesimida tahlil etilganda Uchqo‘rg‘on, Namangan, Kosonsoy tumani Kengashlari partiya guruhlari samarali va tizimli ish olib borishganini ta’kidlash joiz.

Shuningdek, partiya dasturiy maqsad va g‘oyalari targ‘ibotiga qaratilgan tadbirlar 694 marotaba o‘tkazildi. Unda 18 mingdan ortiq fuqaro qamrab olindi.

Partiyaning Saylovoldi dasturida ilgari surilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqib, “Deputat mahallada”, “Sog‘lom ona – sog‘lom oila”, “Mahallada ijtimoiy xizmat”, “Safimizdagi yoshlar”, “Ijtimoiy himoyadan – ijtimoiy faollik sari”, “Teng huquq va teng imkoniyatlar”, “Ayollarga ko‘mak” “Mahallada kambag‘al oilalar sonini kamaytirish” kabi loyihalar amalga oshirilmoqda. Maqsadimiz saylovchilarga yelkadosh bo‘lishdir.

Mening fikrimcha, faqatgina muammolarni ko‘tarish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlarini taklif qilish bilan cheklanib qolish yetarli emas. Partiya tashkilotlari tizimli, strategik yondashuvni ishlab chiqishi kerak. Masalan, partiyamiz ko‘proq ijtimoiy muammolarga e’tibor qaratadi, lekin ularning yechimi uchun faqat davlat yordamini kutish noto‘g‘ri. Quyida mahalliy budjet mablag‘larini samaraliroq yo‘naltirish, ijtimoiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish yoki mahalliy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha kengroq tashabbuslarni ko‘tarishimiz kerak.

 

Siz viloyat partiya kengashi ishidan shaxsan o‘zingiz qoniqasizmi? Partiya kengashi yo‘l qo‘ygan xatolar sizningcha, nimalardan iborat? Kamchiliklar qanday va qaysi paytda ijobiy tendensiya tomon siljiydi?

 

Bugun mamlakatimiz siyosat maydonida raqobat, partiyalararo bahs-munozara kuchayib borayotgan bir sharoitda faoliyatimizdan qoniqamiz, deyishga asos yo‘q. Yangilanish va o‘zgarishlar, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi islohotlar ko‘lami juda katta. To‘g‘ri, umummilliy dasturlar ijrosi, partiyamiz elektorati manfaatlari yo‘lidagi e’tiborga molik ishlarimiz ko‘p. Ammo bugun islohotlar to‘lqiniga mos ravishda harakat qilyapmizmi, qaysidir joylarda depsinib qolmayapmizmi, degan o‘z-o‘zimizga tanqidiy qarash ham yo‘q emas.

Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar, talaba yoshlar hamda ish bilan band bo‘lmagan aholi qatlamlariga qulayliklar yaratish, ular manfaatlarini himoyalash yoki pensiya va nafaqalar miqdorini maqbullashtirish, “Iste’mol savatchasi”ning hayot bilan, kundalik turmush bilan muvofiq kelishi kabi masalalar yechimida partiya tashkilotlarimiz tomonidan olib borilayotgan o‘rganishlar, berilayotgan takliflar qonun ijodkorligida qo‘l kelayotgani ko‘zga tashlanmaydi.

Albatta, hozir ishimizda maqtansa arzigulik jihatlar juda ko‘p. Avvalo, biz o‘ta rasmiy kayfiyatda, quruq tadbirlar o‘tkazishdan butunlay voz kechdik. Fuqarolar asosan kundalik turmushida duch kelayotgan muammolar bilan yonimizga keladi. Insonga mehr ulashish, ruhiy madad bo‘lish ham katta gap.

Shuningdek, tuman kengashlarimizda innovatsion takliflar va hududlar uchun maxsus yechimlar topishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan tashkilotlarimiz ham bor.

Yana bir muhim masala. Biz ijtimoiy tashabbuslar va qonunchilikka ta’sir o‘tkazish mexanizmini kuchaytirishimiz kerak, deb o‘ylayman. Faqat murojaatlarni qabul qilish emas, balki hokimiyat va davlat organlari bilan konstruktiv hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozim.

Yana bir masala. Joylarda o‘tkazilayotgan ayrim tadbirlarimiz qaysidir ma’noda yuzaki, hisobot uchun o‘tkazilyapti. Sir emas, aksariyat tuman (shahar) kengashlari, deputatlar joylarda nomigagina tadbirlar tashkil etayotgani, aholi o‘rtasida bunday tadbirlarning samara bermayotgani bor haqiqat.

Keyingi xatolardan biri bu nazorat tizimi yetarli yo‘lga qo‘yilmaganidir. Partiya kengashi, deputatlarimiz tomonidan ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Sessiyalarga masalalar kiritilmoqda, takliflar berilmoqda, tashabbuslar bilan chiqilmoqda. Biroq, nazorat tizimi bo‘lmaganligi bois, bunday tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi to‘laqonli amalga oshirilmayapti.

Mazkur ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyat kengashining maxsus dasturi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.

Faoliyatimiz qachon ijobiy tendensiya tomon siljishiga to‘xtaladigan bo‘lsam, buning uchun partiya tashkilotlari, deputatlik guruhlari va parlamentdagi vakillarimiz barchasi bir musht bo‘lib harakat qilishi kerak. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda ular o‘rtasidagi aloqa sezilarli darajada yaxshilandi. Hozir quyida bildirilgan tashabbuslarimiz parlament minbarida aks-sado bermoqda. Bu yaxshi natija, albatta.

 

– Yutuqlar haqida gapirdik, xato va kamchiliklarga to‘xtaldik. Keling, endi bevosita partiyaning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish masalasiga to‘xtalsak. Bundan keyin nimani kutsak bo‘ladi? Yana bir savol. Yuqorida muammolarni aytdingiz. Xo‘sh, siz bu muammolarni to‘liq bartaraf etishga va’da bera olasizmi?

 

Har bir partiya singari O‘zXDPning ham alohida dasturiy maqsadlari belgilangan. Boshqaruv organlarida o‘zining vakillari ya’ni, deputatlari bor. Partiyaning nufuzini yanada oshirish masalasida shuni aytishim mumkinki, siyosiy partiyalar dasturiy g‘oya va aniq maqsadlari bo‘yicha yoshlar bilan ham astoydil ishlaydi.

Xususan, O‘zXDP mahalliy kengashlari qoshida “Yosh siyosatchilar klubi” a’zolari shakllantirilgan. Ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarimiz iste’dodli yoshlar kuchi bilan o‘tadi. Biroq, oliy o‘quv yurtlari va maktablarning bitiruvchilari bilan ko‘pincha norasmiy, xuddiki xufya tarzda ishlashga to‘g‘ri keladi.

 

Axir kadrlar hal qiluvchi kuch-ku. Nega ularni qamrab olish, yoshlar o‘rtasida dasturiy maqsadlarimiz targ‘ibotini yanada kuchaytirish, ularning huquqiy va umumiy manfaatlari ta’minotini real kuzatish va tahlil qilishga imkon berilmasligi kerak?

 

– O‘zXDPning boshqa partiyalarga nisbatan birlamchi o‘ziga xosligi muxolifatdagi siyosiy kuch ekanligidir. Muxolifatdagi partiya mehnat va o‘quv muassasalariga erkinroq kirib borishi zarur. Qolaversa, yoshlar bilan ishlash har qaysi tomondan yondoshilsa ham tarbiya, millat tarbiyasi bilan bog‘lanadi. Millat tarbiyasi esa shaxs tarbiyasidan boshlanadi.

Agar jamiyatimizda shu jihatlar ham hisobga olinsa partiyalararo raqobat ham, hamma zamonlarning birlamchi og‘rig‘i va yechim izlanadigan tarbiya ishlari ham shaffoflanardi.

Jamiyatdagi ma’lum bir muammoning to‘liq yechimini topish bo‘yicha va’da beradigan shaxs bo‘lsa, u quruq va’da bo‘ladi. Men yoshlar bilan ishlashda partiyalarga va deputatlik guruhlariga kengroq vakolat berilishi yaxshi natijalar keltirishiga ishonaman.

 

***

Albatta, belgilangan choralar vaqtida amalga oshsa, partiyamiz haqiqiy kuchga aylanadi va ishonch ortgan holda barcha muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etiladi. Buning uchun partiya tashkilotlari va deputatlar, faollar va a’zolar bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi, bir-biriga yelkadosh bo‘lishi kerak.

 

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri

Laziza SHEROVA

suhbatlashdi.

«O‘zbekiston ovozi», 17.9.2025, №37

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish