Davlat dasturi ijrosi: ijtimoiy sohalarga qancha mablag‘ yo‘naltirilgan?
Davlat dasturi ijrosi: ijtimoiy sohalarga qancha mablag‘ yo‘naltirilgan?

 

Davlat dasturi – davlatning ma’lum vaqt uchun mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi hisoblanadi. Bu muddat odatda bir yilni tashkil etadi. Davlat dasturi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni ham ifodalaydi. Chunki jamiyatning har bir jabhasida olib boriladigan islohotlar jamiyat rivoji, aholi farovonligi, iqtisodiy barqarorlikka xizmat qiladi. Savol tug‘iladi: u har doim ko‘zlangan maqsadga yetib boradimi? Mutasaddilar uning ijrosi uchun qanchalik jon kuydirishadi?

Parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2025-yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti orqali bu savollarga javob topish mumkin. Kun tartibidagi masala yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov axborot berdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz barqaror iqtisodiy o‘sish yo‘lida aniq natijalarga erishyapti. Xususan, 2025-yilning birinchi yarmida mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 7,2 foizga oshgan. Bunda bozor xizmatlari 8,2, sanoat ishlab chiqarish 6,6, qurilish ishlari 10,7 va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 4 foizga oshdi.

Majlisda qayd etilganidek, hisobot davrida jami 21 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 foizga o‘sgan. Qiymati 2,5 mlrd dollarlik 30 ta loyihani ishga tushirish orqali 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan, 66 ta tumanga 50 mln dollardan ko‘p sarmoya kiritilgan.

Davlat budjeti daromadlari 144,2 trln so‘mga yetgan, xarajatlar esa 173,3 trln so‘mni tashkil etmoqda. Shundan ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan mablag‘ 86,2 trln so‘m bo‘lib, bu o‘tgan oyning shu davriga nisbatan 16,4 foizga ko‘p.

Davlat dasturining har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish borasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 77, maktabga tayyorlov tizimida qamrov 96 foizga yetkazilgan.

Hisobot davrida “Yoshlar daftari” orqali yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 121,8 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. 4 377 nafar yoshlar ilm-fan, zamonaviy kasblarga o‘qitilgan, 934 nafarining bandligi ta’minlangan. Yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ishsizlikni kamaytirish maqsadida “Yoshlar bandlik dasturlari” tasdiqlangan.

Qolaversa, 156290 nafar xotin-qiz tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitilgan, 1771 nafarining uy-joyini yaxshilash choralari ko‘rilgan, 99 nafari boshpanali bo‘lgan.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida eng og‘ir ahvoldagi 1042 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash, tuman va shaharlarda “Drayver” loyihalarni amalga oshirish hamda kompleks rivojlantirish xarajatlariga 3,2 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Majlisda deputatlar ijtimoiy sohaga ustuvorlik berilgani, yoshlar bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida alohida dasturlarning qabul qilingani hamda raqamli industriya va IT-startaplar yo‘nalishida erishilayotgan natijalarni yuqori baholashdi.

Shu bilan birga, davlat dasturida muddati uzaytirilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rish, bunda mutasaddi vazirlik va idoralarning mas’uliyatini yanada oshirish lozimligi ta’kidlandi. Budjet xarajatlari ustidan samarali nazorat o‘rnatish, o‘z vaqtida o‘zlashtirish, budjet intizomini mustahkamlash borasida taklif va tavsiyalar ilgari surildi.

 

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Dilbar MAMAJONOVA hukumat vakillariga murojaat qildi:

— Muloqotlar davomida ayniqsa, yoshlarni munosib ish bilan ta’minlash masalasi dolzarb ahamiyatga ega ekaniga guvoh bo‘lyapmiz. Hisobotda keltirilganidek, 2025-yilda Yoshlar bandligi dasturi doirasida 384,4 ming nafar yigit-qiz qo‘llab-quvvatlangani bu boradagi ko‘p muammolarni ijobiy hal etishga xizmat qiladi, deb hisoblayman.

Lekin rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda bir milliondan ortiq yoshlar ishsiz. Hisobotga solishtiradigan bo‘lsak, bunda ish bilan ta’minlangan yoshlarning ulushi 16 foizga to‘g‘ri keladi. Qolgan 84 foiz yigit-qizlarning taqdiri nima bo‘lyapti? Ularni ish bilan ta’minlash masalasiga qay darajada e’tibor berilyapti?

Mamlakatimizda bugungi kunda zamonaviy kasb-hunarga ega yoshlarga ehtiyoj yuqori. Umuman, bugun talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarni yoshlarga o‘rgatish, hududlar ehtiyojidan kelib chiqib, mutaxassislarni tayyorlash borasida vazirlik qanday chora-tadbirlarni amalga oshiryapti?

Shuningdek, hisobotda yoshlarga dehqonchilik uchun ikki yarim ming gektar yer ajratilgani aytildi. Biroq ushbu yerlarda hosildorlik darajasi, mahsulotdan olinadigan yillik daromad, bozorga chiqish imkoniyatlari haqida ma’lumot berilmagan. Bu bo‘yicha vazirlik qanday munosabat bildiradi? Yoshlar yerlardan samarali foydalana olyaptimi? Ularga berilayotgan yerlarning unumdorligi bugun qanday ahvolda?

 

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Sirojiddin BOBOQULOV deputat savoliga shunday javob berdi:

— Yoshlar bandligini ta’minlash mamlakatimizda eng ustuvor masalalardan biridir. Yil boshidan mavjud 9452 ta mahallaning har birida xatlov o‘tkazildi. 9 milliondan ortiq yigit-qizning balansi shakllantirilib, individual dastur ishlab chiqildi. Ushbu dastur asosida 384 ming yoshlar ishsiz deb, muammolar ro‘yxati shakllantirildi. Shu asosida yoshlar bandligi dasturi qabul qilindi va har bir viloyat kesimida tasdiqlandi.

Joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, 161 ming nafar yoshlarning bandligi ta’minlandi. Jumladan, 73 ming nafari ishga joylashtirildi, 83 ming nafariga “Yoshlar biznesi”, “Kelajakka qadam”, “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturlari doirasida 474 milliard so‘m kredit ajratildi va ularning bandligi ta’minlandi.

Bundan tashqari, 5 ming nafar yigit-qizga 2,5 ming gektardan ortiq yer ajratildi. Unda 7 ming tonnadan ortiq mahsulotlar yetishtirildi va 35 milliard so‘mga yaqin daromad olindi. Ma’lumot uchun, 1 avgust holatida ushbu dastur doirasida 208 ming nafar yigit-qizning bandligi ta’minlandi. Bu 54 foizni tashkil etmoqda. Qolgan 176 ming nafar yoshlarni ishli qilish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab olganmiz. Har bir yosh bilan individual shug‘ullanib, ularni xorijiy tilga va kasb-hunarga o‘qitib, tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes loyihalarini amalga oshirish choralarini ko‘ramiz.

Bugungi kunda mamlakatimizda 1 million nafar emas, balki 782 ming nafar ishsiz yoshlar bor. To‘g‘ri, mehnat bozoriga 821 ming nafar yoshlarimiz kirib kelyapti. Shuni hisobga olganda bu ko‘rsatkich 1 millionga yaqinlashyapti.

 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning 493 ming nafari ta’limning keyingi bosqichiga, ya’ni, oliy ta’limga qamrab olinadi. Qolgan yoshlarimiz bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olganmiz.

Ikkinchi savolingizga kelsak, 2025-yilda yoshlarning zamonaviy kasblarga bo‘lgan talablaridan kelib chiqib, o‘tgan davr mobaynida 12 ta kasb-hunarga o‘qitish yo‘nalishi yo‘lga qo‘yildi.

Yigit-qizlarga ajratilayotgan yer maydonlari bo‘yicha vazirlikning onlayn mahalla platformasida alohida platforma bor va u orqali yerga nima ekilgani, u qaysi paytda kimga sotilganining hisobini yuritib boramiz.

Majlisda kun tartibidagi masala yuzasidan har bir siyosiy partiyalar fraksiyalarining munosabatlari eshitildi.

 

Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha O‘zXDP fraksiyasi munosabati qanday?

Ulug‘bek INOYATOV,

O‘zXDP fraksiyasi rahbari:

— Avvalo ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada yuksaltirish, aholining turmush darajasini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar ehtiyojmand aholi qatlami vakillarining huquq va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Hisobot davrida Davlat budjetining 86,2 trln so‘mi ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgani partiyamizning dasturiy maqsadlarini amalga oshirishda juda muhim, deb hisoblaymiz.

Xususan, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida og‘ir ahvoldagi 1000 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash va tuman, shaharlarni kompleks rivojlantirish xarajatlariga 2,4 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj 3 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan va bemor yoshlarga tibbiy xizmat xarajatlari to‘lab berilgan. Qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan 40 mingdan ortiq xotin-qizga moddiy yordam ko‘rsatilib, 2 mingga yaqin opa-singillarimizning uy-joy sharoitlarini yaxshilash choralari ko‘rilgan.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi parlamentdagi muxolifat fraksiya sifatida hukumat hisoboti bo‘yicha bir qator konstruktiv taklif-tavsiyalarini bildiradi.

Hisobotning umumiy konstruksiyasi ko‘proq ma’lumot shaklida tayyorlangan bo‘lib, amalga oshirilgan ishlarning natijadorligi bo‘yicha tahliliy hisobot keltirilmagan. Dastur ijrosi bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichlar bilan cheklanilgani, bajarilgan ishlar sohalar va hududlar kesimida kengroq ochib berilmagani hisobotni kompleks tahlil qilish, zaruriy xulosalarga kelishda murakkabliklar tug‘dirdi.

Masalan, transport, yo‘l, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasi bo‘yicha hududlardagi islohotlar natijalari, ularning qiyosiy tahlili keltirilmagan. Shularni hisobga olib, Vazirlar Mahkamasiga kelgusi hisobotlarda ustuvor yo‘nalishlardagi natijalarni sohalar va hududlar kesimida, qiyosiy tahlillar asosida taqdim etishni tavsiya qilamiz.

Davlat dasturi ijrosi haqidagi hisobot nafaqat amalga oshirilgan ishlarni ko‘rsatib berishi, shu bilan birga, mamlakat miqyosidagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy vazifalar xususida xulosa chiqarish imkoniyatini yaratishi lozim, deb hisoblaymiz.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, fraksiyamiz Davlat dasturining birinchi yarim yillikdagi ijrosi bo‘yicha hukumat hisobotini qo‘llab-quvvatlaydi.

Muhokamalar yakunida Vazirlar Mahkamasining hisoboti ma’qullanib, Hukumatning faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar aks etgan tegishli qaror qabul qilindi.

 

Muhim qonunlar va katta masalalar

Jamiyat, davlat rivojlangani sari uning qonunlari ham takomillashib borishi lozim bo‘ladi. Sababi, taraqqiyot hayotimizga yangidan-yangi tushunchalarni, ijtimoiy munosabatlarni olib kiradi. Ularni muntazam tartibga solish va moslashtirib borish jamiyatni ortiqcha muammolardan xalos qiladi.

Parlament quyi palatasining ushbu yig‘ilishida amaldagi qonunchiligimizni takomillashtirishga xizmat qiladigan bir qator qonun loyihalari ham muhokama qilindi.

Xususan, sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan loyiha ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi. Unda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va uni OAV hamda internetda tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanyapti.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Majlisdan o‘rin olgan yana bir masala “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi. Ushbu qonun loyihasi bilan ijtimoiy ish sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari, ijtimoiy ish sohasida maxsus vakolatli davlat organi hamda uning vakolatlari, ijtimoiy xodimning vazifalari va majburiyatlari belgilanmoqda.

Loyihada ijtimoiy himoyaga muhtoj oila (shaxs)ni aniqlash va ularni ijtimoiy himoyaga muhtoj oila (shaxs) deb topish asoslari, ijtimoiy xizmatlar va yordamdan foydalanuvchilarning huquqlari va majburiyatlari ham aks etmoqda. Qolaversa, ijtimoiy xizmatlar va yordamning turlari va shakllariga aniqlik kiritilyapti.

Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Majlisda, shuningdek, hakamlik sudlari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasi ham qizg‘in kechdi. Tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligini ta’minlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.

Bundan tashqari, ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.

Qonun loyihasi bilan soddalashtirilgan tartibda ijro etiladigan ijro ishlari toifasi kengaytirilmoqda. Xususan, videokonferensaloqa xarajatlarini, kommunal xizmatlar hamda ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallarini yoki to‘lovlar bo‘yicha qarzdorliklarni, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi ijro hujjatlarining soddalashtirilgan tartibi nazarda tutilyapti.

Munozaralarda loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Xususan, parlamentdagi muxolifat fraksiyasi a’zolari takliflaridan kelib chiqib, soddalashtirilgan tartibda ijro etiladigan yuqoridagi ishlar yuzasidan undiruvni qarzdor jismoniy shaxsning banklardagi hisobvaraqlarida turgan pul mablag‘lariga qaratilmasligi belgilanmoqda.

Bahs-munozaralar va savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

Laziza SHEROVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 13.8.2025, №32

 

 

 

 

 

 

Teglar

Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish