Rizq-ro‘zimiz va farovonlik manbai
Rizq-ro‘zimiz va farovonlik manbai

 

Bugun sayyoramizda cho‘llanish va qurg‘oqchilikning ortib borayotgani har bir davlat uchun oziq-ovqat xavfsizligini hayot-mamot masalasiga aylantirmoqda. Ushbu holat qishloq xo‘jaligi, ichimlik suv ta’minoti va tabiiy ekotizimlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari mana shunday murakkab davrda eng bebaho resurs – suvdan tejamkorona foydalanish hayotiy zarurat ekaniga diqqat qaratdi. Yurtimizda hozirgacha 224 ming gektar ekin maydonlarida suvni tejovchi texnologiyalar joriy qilingani yaxshi samara berayotgani, natijada 420 million kubmetr suv iqtisod qilinib, qo‘shimcha 65 ming gektarda meva-sabzavot yetishtirish imkoniyati yaratilgani e’tirof etildi. Yil yakunigacha yana 10 ming gektar maydon tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishga o‘tishi suvning har bir tomchisi qadrli bo‘lgan hozirgi kunda maqbul choralardan biridir.

Daraxt ekib, bog‘ yaratish xalqimizning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan, qadriyat darajasiga ko‘tarilgan an’analaridan. Bu an’ana nafaqat atrof-muhitning obodligi va yashillikning kengayishiga xizmat qiladi, balki oziq-ovqat xavfsizligida ham muhim o‘rin tutadi. Yurtimizning qaysi manziliga bormang, qaysi xonadonga kirmang, bir qarich yer bo‘lsa ham, mevali daraxt ekilgani yoki ekin-tikin qilinganini ko‘rasiz. Hatto 2 sotixli tomorqasidan yil davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirib, mo‘may daromad olayotgan omilkor hamyurtlarimiz ko‘p. Ular o‘z ehtiyojidan ortganini bozorga olib chiqib, el dasturxoniga tortiq qilmoqda, rizq-ro‘z ulashmoqda. Xalqimizning toleyini qarangki, yerimiz unumdor, adashib cho‘p suqsangiz ham ko‘karib, hosil beradi. Aslida bularning bari meva-sabzavotchilikni rivojlantirish va dehqonlarimizning o‘z mahsulotlarini eksportga chiqarishini yanada jadallashtirish uchun bemisl imkoniyat! Faqat bu imkoniyatdan oqilona foydalanish, mavjud muammolar yechimini paysalga solmaslik kerak.

Yig‘ilishda bu bo‘yicha hukumatga eksportchi, issiqxonachi va meva-sabzavot yetishtiruvchilar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yib, davlat idoralariga bog‘liq barcha muammolarini aniqlab, joyida hal qilib borish vazifasi qo‘yilgani ayni muddao bo‘ldi. Ushbu vazifalarning so‘zsiz ijrosi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash tarmoqlarida muqim, yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratishda, yurtimiz aholisining salmoqli qismi yashaydigan qishloq joylarda ishsizlikni hamda kambag‘allikni kamaytirishda qo‘l keladi.

 

Muxtor ILHOMOV,

xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati.

«O‘zbekiston ovozi», 6.8.2025, №31

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish