Dengiz yo‘li hamkorlik, do‘stlik demak
Dengiz yo‘li hamkorlik, do‘stlik demak

 

Dengiz yo‘li millatga, mamlakatga ulkan imkoniyatlar berishi haqida uzoq gapirish mumkin. Aytish mumkinki, xalqimizning eng buyuk intilishlaridan biri ham jahon yo‘liga chiqish, barcha mintaqa va davlatlar bilan do‘stona hamkorlik, bordi-keldi qilishdir.

Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi shu ma’noda katta ahamiyatga ega. BMT Bosh kotibi janob Antoniu Guterrish, qator davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari strategik masalalarda o‘zaro fikr almashdi, taklif-tashabbuslar ilgari surildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston dengiz kommunikatsiyalariga chiqish uchun boshqa davlatlar hududi orqali o‘tishi kerak bo‘lgan davlatlardan hisoblanadi. Dengiz portlariga chiqishimiz uchun bir qator muammolarga duch kelamiz. Birinchi va asosiy muammo – masofa uzoqligi – yaqini 3 ming km. Uzoq masofa bir qator obyektiv muammolarni vujudga keltirmoqda. Tariflarning yuqoriligini, transport yo‘laklari hamda infratuzilmalarning imkoniyati cheklanganini, boshqa davlatlarning bojxona-tranzit siyosatiga bog‘liqlik masalalarini hal etish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi.

Xalqaro statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mintaqamizda logistika xarajatlari mahsulotlar umumiy narxining 60 foizigacha yetmoqda. Bu xalqaro miqyosdagi logistika xarajatlaridan bir necha barobar yuqoridir.

Yurtimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish va uni yanada yuksaltirish uchun ko‘proq imkoniyatlar, yangi tashabbuslar va ishonchli hamkorlar zarur.

Mazkur konferensiya nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun ishonchli yangi tranzit yo‘laklari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lida ham muhim muloqot maydoni bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidenti konferensiyadagi nutqida dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqish taklif etildi.

Bunday mexanizm portlar va kommunikatsiyalardan adolatli foydalanish shartlarini ta’minlab, yuk tashishda xavf-xatarlarni pasaytirishi va global logistikada tengsizlikni kamaytirishga xizmat qilishi aytib o‘tildi.

Shuningdek, O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘li loyihasini Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l magistrali bilan bog‘lash mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyat yaratishi ta’kidlandi.

Dengizga tabiiy yo‘li yo‘q mamlakatlar uchun kafolatlar bo‘lishi, bu boradagi tashabbuslar xalqaro hamjamiyat, albatta, hamkor va qo‘shni davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi muhim. Shu ma’noda nufuzli konferensiyaning qo‘shnimiz Turkmanistonda samarali o‘tishi ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Markaziy Osiyo g‘arb va sharqni, shimol va janubni bog‘lovchi tranzit xab bo‘lish imkoniyatlariga ega ekanini keyingi yillardagi tinchlik hamda taraqqiyotga intilishi bilan amalda namoyon etdi.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish