Renovatsiya bilan bog‘liq kafolat va majburiyatlar aniq belgilanadi

 

Bugun parlament Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturidan o‘rin olgan renovatsiya bilan bog‘liq qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda respublikamizda 42 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uylar bo‘lib, ularning 17 mingdan ortig‘i 2-3 qavatli uy-joylardir. Ularning zilzilaga bardoshliligi, zamonaviy ijtimoiy infratuzilma talablariga va ekologik standartlarga javob berishi muammoli masala.

Uy joyga oshib borayotgan talabni qondirish uchun shahar hududini kengaytirib, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda ham uy-joy qurish hozirgi mavjud infratuzilmaviy holatga katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Sababi, hududi katta shaharlarni energetik ta’minot va kommunikativ bog‘lamlar bilan muammolar, qolaversa, ekin ekishga mo‘ljallangan yer zaxiralarimizning keskin kamayishiga olib keladi.

Shu sababdan eskirgan va avariya holatidagi uy-joylarni qayta qurish (renovatsiya qilish) orqali shahar va mahallalarimizni obodonlashtirish, infratuzilma obyektlarini zamonaviylashtirish maqsadida mazkur qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

Fraksiyamiz a’zosi Dilbar Mamajonova uyi renovatsiyaga tushgan fuqarolar yangi uy qurilib bo‘lguncha ijarada turishi, o‘sha ijara xarajatlari kimning bo‘yniga tushishi haqida mas’ullarga savol berdi.

Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasi uyi renovatsiyaga tushgan mulkdorlarga bir qator kafolatlar bermoqda. Masalan, siz yashaydigan ko‘p kvartirali uy renovatsiyaga tushdi. Quruvchi ikki yil muddat ichida yangi uyni qurishi, o‘sha uydan sizga eski uyingizning hajmidan kam bo‘lmagan va tayyor ta’mirlangan xonadonni pastki qavatdan berish majburiyatini oladi. Bundan tashqari, quruvchi yangi uy qurilguncha siz ijarada yashab turadigan uyning ijara pulini ham qoplab beradi.

Loyihada turar va noturar joy mulkdorlariga adolatli kompensatsiya berish tizimi nazarda tutilmoqda. Ya’ni, kompensatsiya yangi quriladigan turar va noturar joy obyektidan yoki boshqa joydan mulk qilib berilishi yoxud turar va noturar joy obyektlarining bozor qiymatida pul mablag‘lari berilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, renovatsiya qurilish muddati qonun bilan 2 yil etib belgilanmoqda. Agar quruvchi 2 yilda qurib ulgurmasa, kechikkan har bir kun uchun mulkdorlarga mulk qiymatining 0,5 foizi miqdorida penya to‘laydi.

Deputatimiz Sayyora Imamova tashabbuskorlarga renovatsiya loyihasining qurilishi to‘xtab qolmasligiga kafolat bormi, degan savol bilan yuzlandi.

Qonun ijodkorlari qurilish loyihasi yakunlanmay qolsa, u “Shaharsozlik renovatsiyasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” tasarrufiga o‘tkazilib, yangi investor jalb etish orqali qurilish nihoyasiga yetkazilishini, ya’ni boshlangan loyiha to‘xtab qolmasligi davlat tomonidan to‘liq kafolatlanishini ma’lum qildi.

Qonun loyihasida renovatsiya hududining kamida to‘rtdan bir qismi yashil maydonlardan iborat bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, qonun loyihasi renovatsiya jarayonini tashabbus ko‘tarishdan tortib, mulkdorlarga tayyor uylarni topshirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab oladi.

Muhokamalar davomida qonun tashabbuskorlari deputatlarning savollariga atroflicha javob berdi. Bildirilgan takliflar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida inobatga olinishini ta’kidlashdi.

Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda maqullashdi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish