
So‘nggi yillarda jahon hamjamiyatining diqqat-e’tiborini tortayotgan ko‘plab yirik tadbirlarning, yuqori darajadagi xalqaro uchrashuvlarning asosiy markaziga aylanib borayotgan azim Toshkent shu kunlarda yana bir nufuzli anjumanga mezbonlik qilmoqda.
Poytaxtimizda mana to‘rtinchi yildirki, xalqaro iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, global muammolarni muhokama qilish va ilg‘or g‘oya-yondashuvlarni ishlab chiqish uchun samarali platforma vazifasini bajarib kelayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini boshladi.
7,5 mingdan ortiq delegat, jumladan, 100 ga yaqin davlatdan salkam 3 ming nafar xorijiy mehmonni bir joyga jamlagan bu yilgi forum yangi, kengaytirilgan formatda o‘tkazilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, forum ishida energetika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, foydali qazilmalarni qazib olish, raqamli texnologiyalar va boshqa strategik muhim sohalarga oid umumiy qiymati o‘ttiz milliard dollardan ortiq bo‘lgan investitsion loyihalar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
Ahamiyatlisi, IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Qirg‘iziston Hukumati raisi Adilbek Qosimaliyev, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi o‘rinbosari Aleksandr Novak, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev, shuningdek, Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, arab davlatlari hamda Yevropa, Osiyo va Afrika mintaqalari delegatsiyalari qatnashmoqda.
Forumning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari anjuman qatnashchilarini qutlar ekan, Yangi O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilayotgan moliyaviy institutlar rahbarlari – Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso xonim va Yangi rivojlanish banki prezidenti Dilma Rusef xonimga alohida minnatdorlik bildirdi.
Prezident bugungi dunyo katta sinovlarni boshidan kechirayotganini, global xavfsizlik va barqaror rivojlanishga jiddiy tahdidlar tobora kuchayib, geosiyosiy jarayonlar ko‘z o‘ngimizda shiddat bilan o‘zgarayotganini qayd etdi.
Darhaqiqat, jahonda qurollanish poygasi yana avj olmoqda. Yirik mamlakatlarning harbiy xarajatlari 2010-yilga nisbatan bir yarim barobar ortib, 2,5 trillion dollarga yetdi. Iqtisodiy inqiroz asoratlari, moliyaviy resurslar taqchilligi tufayli jahon yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari esa ketma-ket uch yil davomida pasaymoqda. Xalqaro huquq normalari va diplomatiya kuchi zaiflashmoqda. “Eng achinarlisi, insoniyat uchun eng dolzarb muammolar – oziq-ovqat xavfsizligi, kambag‘allik, iqlim o‘zgarishlari kabi masalalarga e’tibor kamaymoqda. Dunyoda tinchlik, adolat va inson qadriga bo‘lgan umumiy ishonchni tiklash har qachongidan ham muhim”, – dedi davlatimiz rahbari.
Mana shunday qiyin sharoitga qaramay, mamlakatimizda iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish yo‘lida salmoqli natijalarga erishilayotgani quvonarli, albatta. Jumladan, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti sakkiz yilda 2 barobar ko‘paydi. 2030-yilga borib, bu ko‘rsatkichni 200 milliard dollarga yetkazish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan.
Yangi O‘zbekistondagi islohotlar samarasi xalqaro reytinglarda ham o‘zining munosib tasdig‘ini topyapti. “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da mamlakatimiz so‘nggi besh yilda 48 pog‘onaga yuqori ko‘tarildi. Garvardning “Iqtisodiyot murakkabligi indeksi”dagi o‘rnimiz 28 pog‘onaga yaxshilandi. O‘tgan oyda nufuzli “S&P” agentligi O‘zbekistonning suveren reytingi prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev investitsiyalar faqat iqtisodiy taraqqiyotning emas, balki tinchlik va barqarorlikning kafolati bo‘lishini ta’kidlarkan, birgina o‘tgan yilning o‘zida O‘zbekistonda investitsiya hajmi 35 milliard dollarga, eksport 27 milliard dollarga yetgani – to‘rt yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumining ham amaliy natijasi ekaniga urg‘u berdi. “Keling, birgalikda shunday investitsiya muhitini yarataylikki, u daromad keltirish bilan birga, inson qadrini ulug‘laydigan, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlaydigan va jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan mustahkam poydevorga aylansin!”- dedi davlatimiz rahbari forum ishtirokchilariga qarata.
Dunyo iqtisodiyoti yangi davr va o‘zgarishlar ostonasida turgan hozirgi muhim pallada barqaror rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlatlar quyidagi to‘rtta yo‘nalishda hamkorlikda ishlashi maqsadga muvofiqligi aytib o‘tildi.
Birinchidan, “yashil” iqtisodiyot modeliga o‘tish ayni zarurat. Binobarin, Yangi O‘zbekistonda aynan “yashil” energetikani rivojlantirish uchun qisqa davrda qariyb 6 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilindi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 59 milliarddan 82 milliard kilovatt-soatga yetdi. Keyingi besh yilda bu ko‘rsatkichni 120 milliard kilovatt-soatdan oshirib, “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazish, joriy yilda Samarqandda, kelgusi yildan yana 8 ta hududda elektr tarmoqlarini xususiy sheriklikka berish, ilk bor “yashil” sertifikat va uglerod birliklari savdosini yo‘lga qo‘yish, global uglerod bozorlariga qo‘shilib, “Yashil O‘zbekiston” iqlim investitsiyalari platformasini yaratish mo‘ljallanmoqda.
Ikkinchi yo‘nalish – bu raqamli texnologiya va sun’iy intellekt bilan bog‘liq. O‘zbekistonda shu yilning o‘zida IT eksporti 1 milliard dollarga yetgani mazkur soha mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi “drayveri”ga aylanayotgani isbotlaydi. “2030-yilga borib, bu ko‘rsatkichni 5 karra oshirish uchun salohiyatimiz ham, imkoniyatimiz ham yetarli”, – dedi Prezidentimiz.
Kelgusi yildan “Bulutli texnologiyalar” milliy platformasi ishga tushishi, yaqin besh yilda xususiy investorlar bilan birga quvvati 500 megavattdan ziyod 20 ta “data markaz” barpo etilishi, “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi boshlanishi – bularning bari O‘zbekistonni nufuzli IT va Fintech xabiga aylantirish yo‘lidagi ishonchli qadamdir.
Davlatimiz rahbari nutqida jahon miqyosida moliyaviy tizim va texnologiyalar keskin o‘zgarayotgan bir paytda bu sohalarni keyingi rivojlanish bosqichiga olib chiqish uchun O‘zbekistonda Moliyaviy barqarorlik kengashi tashkil etilishi, Markaziy bankda kiberxavfsizlik va moliyaviy texnologiyalar platformalari ishga tushirilishi bayon qilindi.
Startaplar uchun muqobil moliyaviy instrument – venchurlar tez rivojlanib borayotgani ham bor gap. Shunga ko‘ra “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Kelgusi besh yilda venchur va boshqa muqobil sarmoyalar hajmini 1 milliard dollarga olib chiqish bu yo‘nalishdagi bosh maqsadlardan hisoblanadi.
To‘rtinchi yo‘nalish esa “texnologik minerallar”dan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishni nazarda tutadi. Zero, O‘zbekistonda volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy, titan va boshqa minerallarning katta zaxirasi aniqlangan. Umuman, yer osti boyliklarimizning salohiyati 3 trillion dollarga baholanmoqda.
Prezidentimiz Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari texnoparki” bunyod etilayotganini aytib, biznes hamkorlar uchun manfaatli tashabbusni ilgari surdi. Ya’ni, bu sohada geologiya-qidiruv ishlaridan boshlab, tayyor mahsulot zanjirini yo‘lga qo‘ygan investorlarga o‘n yil davomida renta solig‘i qaytarib berilishini ma’lum qildi.
“Biz “Yangi O‘zbekiston – investitsiyalar uchun katta imkoniyatlar mamlakati” degan tamoyilni amaliy natijalarga aylantirish maqsadida barcha choralarni ko‘ryapmiz”, – dedi davlatimiz rahbari. Shu ma’noda kelgusi yilda Yangi O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotining a’zosiga aylanishi bo‘yicha faol ish olib borilayotgani, o‘nlab qonun, yuzlab standartlar xalqaro talablarga moslashtirilgani, bu ishlar shu yil to‘liq yakuniga yetkazilishi, xorijiy sarmoyadorlarga yanada qulay muhit yaratish uchun mahalliy kompaniyalar bilan bir xil sharoitlarni kafolatlovchi “milliy rejim” joriy qilinishi alohida diqqatga molik.
Qolaversa, davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda ularni yurtimiz farovonligiga xizmat qiluvchi yirik aktivlarga aylantirish yo‘li tanlangani, transport va logistika sohasiga ham xususiy kapital faol jalb etilayotgani ayni muddao.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda qo‘shnilarimiz bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va do‘stona siyosat natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi hamkorlik muhiti shakllanganini e’tirof etdi. Axir so‘nggi sakkiz yilda qo‘shnilarimiz bilan tovar aylanmasi hajmi 3,5 barobardan ziyod oshib, qariyb 13 milliard dollarga yetgani o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Katta investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini qurishni boshladik, yirik energetika va infratuzilma loyihalarini tayyorlash bo‘yicha salmoqli ishlar qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari shu xususida to‘xtalar ekan, Markaziy Osiyoda “Investitsiya va savdo uchun yaxlit hudud konsepsiyasi”ni ilgari surishni taklif qildi. “Shu o‘rinda xalqaro tashkilotlarga murojaat qilmoqchiman: mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi moliyaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish vaqti keldi. Birgalikda harakat qilsak, Markaziy Osiyoni tinchlik va taraqqiyot makoniga aylantiramiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida birinchi marta Milliy ko‘rgazma, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining 3-yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi.
***
Zuhra SHODIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
– Toshkent xalqaro investitsiya forumi butun dunyo iqtisodiyoti uchun ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishda o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi, desak yanglishmaymiz.
Bugun sayyoramiz ahli iqtisodiy tebranishlar, geosiyosiy xatarlar avj olayotgan, barqaror rivojlanish yo‘lida xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Tovar va xizmatlarni yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar, xalqaro savdoning pasayishi, investitsiya oqimlarining kamayishi, iqlim ofatlarining kuchayishi jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’atlarini tobora pasaytirmoqda. Integratsiyalashgan dunyoda hech bir davlat bu global muammolarning ta’siridan chetda qolayotgani yo‘q. Xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilish va qo‘llab-quvvatlash orqali o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish eng maqbul yechimlardan hisoblanmoqda. Mana shu haqiqatning o‘ziyoq Toshkent xalqaro investitsiya forumining mohiyatini va ahamiyatini yaqqol ko‘rsatadi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida “Biz uchun investitsiya – faqatgina moliyaviy manba emas. Bu – texnologiya, bilim, malakali kadrlar, xalqaro ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilish, ya’ni, haqiqiy taraqqiyot demakdir. O‘zbekiston mana shunday ezgu g‘oyalar bilan keladigan xorijiy investorlarga barcha sharoitlarni yaratib beradi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va buni kafolatlaydi”, deya yurtimizda xorijiy sarmoyadorlar uchun barcha eshiklar doimo ochiqligini ta’kidladi. Eng muhimi, ularning faoliyatini himoya qiladigan qonunlar, muloqotga ochiq davlat va hamkorlikka tayyor mehnatkash xalqimiz borligini aytdi.
Bu so‘zlar zamirida Yangi O‘zbekistonda niyati toza bo‘lgan har bir sarmoyador o‘zini erkin va ishonchli his qilishi, biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishi uchun imkoniyatlar mavjudligiga ishora bor.
Ishonchimiz komilki, poytaxtimizda davom etayotgan Xalqaro investitsiya forumi va sermahsul muzokaralar iqtisodiyot sohasidagi amaliy hamkorlikni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqadi.
Farida MAHKAMOVA
tayyorladi.
«O‘zbekiston ovozi», 11.6.2025, №23