1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan amaliy tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya Markaziy Kengashi hamda Toshkent shahar kengashi mas’ullari Respublika bolalar gemotologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markaziga borib, ushbu muassasada davolanayotgan bolalar holidan xabar olishdi.
Mazkur tashrif mamlakatimizda bolalar huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning sog‘lig‘i hamda farovonligiga qaratilgan insonparvar davlat siyosatining amaliy ifodasidir.
“Inson qadri uchun” degan yuksak g‘oya asosida yurtimizda bolalarning hayotda munosib o‘rin egallashi, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishiga qaratilgan tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, sog‘liqni saqlash tizimida bolalar uchun mo‘ljallangan tibbiyot muassasalari faoliyatini takomillashtirish, og‘ir xastaliklarga chalingan bolalarga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilayapti.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining asosiy dasturiy maqsadlaridan biri – ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini, ayniqsa bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashdan iborat. Shu ma’noda, onkologiya va immunologiya kabi og‘ir kasalliklarga duch kelgan bolalarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash barobarida, ularga ma’naviy ko‘mak berish, ruhiy dalda bag‘ishlash ham ustuvor ahamiyatga egadir.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi jamiyatning ehtiyojmand qatlamlariga g‘amxo‘rlik qilish, bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tamoyillaridan kelib chiqib, kelgusida ham tibbiyot muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda bunday ezgu tashabbuslarni izchil davom ettiradi.
Chunki bolalar – yurtimizning ertangi kuni egalari. Ularning har bir tabassumida millatning baxti, jamiyatning yuksak kelajagi mujassamdir.