Jamoatchilik eshituvi: jamoat transporti yo‘lovchi uchun qulay bo‘lishi kerak

 

Jamoat transporti odamlarning mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qiladigan vosita. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda transport xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va ularning sifatini oshirish bo‘yicha katta islohotlar olib borilmoqda.

Urbanizatsiya jarayonlari jadallashuvi, shaharlarning kengayishi va aholi sonining o‘sishi natijasida jamoat transportiga bo‘lgan talab ham oshib bormoqda. O‘zbekistonda kuniga bir necha millionlab kishi jamoat transportlaridan foydalanadi. Shu ma’noda uning qulay, xavfsiz va oson bo‘lishi juda muhim. Mamlakatimiz transport tizimi va infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molik, albatta.

O‘zXDP Markaziy Kengashining 2025-yilga mo‘ljallangan ish rejasiga ko‘ra, hududlarda aholining imtiyozga ega bo‘lgan qatlami tomonidan jamoat transportidan foydalanish holatini o‘rganish bo‘yicha jamoatchilik monitoringi o‘tkazish va jamoatchilik so‘rovi yuborish rejalashtirilgan edi.

Shunga muvofiq, xalq deputatlari Namangan, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari Kengashlaridagi O‘zXDP deputatlik guruhlari tomonidan jamoatchilik nazorati olib borildi va monitoring yakuni bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari, Transport vazirligining bir guruh vakillari ishtirokida kamchiliklar ochiq-oydin tahlil qilindi.

Qatnashchilar dastlab Namangandagi vaziyatni ko‘rib chiqishdi. Partiyamiz faollarining aytishicha, jamoat transporti xizmati sifatini oshirish, uni bugungi davr va sharoitga moslashtirish bo‘yicha hududlarda olib borilayotgan islohotlar haqida uzoq gapirish mumkin. Masalan, jamoat transportiga bo‘lgan talabni qondirish uchun ko‘proq yangi yo‘nalishlar ishga tushirilmoqda. Bularning barchasi aholining uzog‘ini yaqin qilib, xarajati va vaqtini tejashga xizmat qilyapti.

Ammo sohada o‘z yechimini kutayotgan va aholini qiynab kelayotgan bir qator muammo va kamchiliklar ham mavjud.

Masalan, davlatimiz rahbarining 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan belgilangan imtiyozli kreditlardan samarali foydalanilmagani bois o‘tgan yili viloyatdagi jamoat transportidan imtiyozli foydalanuvchilar barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy avtobus va mikroavtobuslar bilan yetarli ta’minlanmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, yo‘lovchi tashuvchi korxonalarning kredit olishda garovga qo‘yiladigan mulkning kamligi hamda banklar tomonidan tavsiya etilayotgan kredit foizining yuqoriligi, kredit muddatining qisqaligi sababli avtobus va mikroavtobus sotib olish uchun bank va yo‘lovchi tashuvchi korxona o‘rtasida shartnomalar tuzilmayapti.

Shuningdek, aholining imtiyozli qatlami uchun jamoat transportini kutish bekatlarida yetarli sharoitlar mavjud emas. Tadbirkorlar tomonidan bekatlar hududida o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilgan qurilishlar yo‘lovchilar, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarga noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida mahalliy Kengash deputatlari olis hududlardagi maktablarni avtobus bilan ta’minlash masalasini o‘rgandi.

Deputatlarning aytishicha, davlatimiz rahbarining 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida 2024-yil 1-sentabrdan boshlab Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida 100 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

Hozir viloyatda olis va chekka hududlarda joylashgan 50 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bor. Nazorat-tahlil davomida ayon bo‘ldiki, bugungi kungacha Mirishkor tumanida bor-yo‘g‘i 3 ta (22-23-24-sonli) maktabda olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan, xolos.

Bundan tashqari, G‘uzor, Dehqonobod, Kitob, Ko‘kdala, Qamashi, Qarshi, Chiroqchi, Shahrisabz, Yakkabog‘, Koson tumanlaridagi 47 ta maktab uchun autsorsing asosida o‘quvchilarni tashish taklifi “Davlat xaridlari” elektron (Birja) savdo platformasiga joylashtirilgan.

Shundan so‘ng muhokama markazida Xorazm viloyati bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, viloyatdagi «Bunyod yo‘lovchi tashish» mas’uliyati cheklangan jamiyati 2009-yilda tashkil etilgan bo‘lib, korxonada jami avtobuslar soni 114 tani tashkil etadi.

Prezidentning “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 2023 yil avgust oyida Xitoydan 80 ta yangi zamonaviy avtobus sotib olish uchun jami qiymati 7 mln 640 ming dollarlik shartnoma imzolangan. Shartnoma qiymatining 85 foiz qismiga “Milliy bank” tomonidan 6,7 foizli imtiyozli kredit ajratilgan bo‘lib, unga asosan o‘tgan yili noyabr oyida 50 ta avtobus olib kelingan.

Monitoring natijasiga ko‘ra, tizimda bir qator muammo va kamchiliklar ham borligi aniqlandi. Deyarli barcha tumanlarda bir xil muammo ko‘zga tashlandi. Misol uchun, ba’zi haydovchilar “ATTO” platformasini o‘chirib qo‘yib, yo‘lovchilardan naqd pul olish holatlari hamon uchramoqda.

Shuningdek, 32 ta aholi punktiga olib boruvchi yo‘l avtobus xizmati bilan qamrab olinmagan. Chunki, yo‘l sifati harakatlanish xavfsizligi talablariga javob bermaydi. Tegishli dasturlarga kiritilgan bo‘lsa-da, mazkur yo‘llarda hozirga qadar ta’mirlash ishlari to‘laligicha amalga oshirilmagan. Aksariyat yo‘nalishlarda harakatlanayotgan transport vositalarining sig‘imi ko‘pligi sababli qulaylik va xavfsizlik talablariga javob bermaydi.

 

***

Jamoatchilik eshituvi jarayonida jamoat transporti xizmati sifatini oshirish bilan bog‘liq dolzarb muammolar ochiq-oydin tahlil va tanqid qilindi. Partiya faollari va mutaxassislar savol-javoblar, takliflar orqali yuzlashdi. Kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kelishib olindi.

Eshituv natijasiga ko‘ra, O‘zXDP Namangan viloyat kengashi tomonidan “Aholining imtiyozli qatlami tomonidan jamoat transportidan foydalanish holati”ni o‘rganish natijalari bo‘yicha ma’lum bo‘lgan muammolar va kamchiliklar yuzasidan viloyat Transport boshqarmasi boshlig‘i B.Bekxodjayevga jamoatchilik so‘rovi yuborildi.

 

Mavjuda HASANOVA,

O‘zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.

«O‘zbekiston ovozi», 28.5.2025, №21

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Davlat dasturiga takliflar Partiya munosabati Bizning deputat Fuqarolar murojaati
← Roʻyxatga qaytish