Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari tomonidan joylarda fuqarolar bilan ochiq muloqotlar, mavjud muammolarni o‘rganish va qonunchilikka takliflar shakllantirish bo‘yicha amaliy uchrashuvlar davom etmoqda.
Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Imomnazar Tursunov Qarshi shahridagi 33-son imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatida bo‘lib, ta’lim muassasasi faoliyatini o‘rgandi. O‘quv va amaliy mashg‘ulotlar jarayoni, mavjud sharoitlar bilan tanishar ekan, muassasada bolalar sonining ortgani sabab yangi binolarga ehtiyoj mavjudligi, yotoqxona masalasida muammolar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Deputat bu masalalarni o‘z nazoratiga olishini ta’kidladi.
Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi, partiya deputati Ulug‘bek Shermatov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent tumanining “Farovon” mahallasida o‘rganish olib bordi. “Mahalla yettiligi” faoliyati, ijtimoiy-iqtisodiy holat, axborot tizimlari va jinoyatchilikning oldini olish borasidagi ishlar tahlil qilindi. Ishchi guruh tomonidan aniqlangan muammolar asosida takliflar ishlab chiqilishi belgilandi.
Partiyamizning yana bir deputati Zokirjon Zohidov Farg‘ona viloyatining So‘x tumaniga borib, chekka hududdagi tibbiy xizmatlar holatini o‘rgandi. “Mulg‘on” mahallasidagi oilaviy shifoxona faoliyati, mavjud tibbiy asbob-uskunalar, dori ta’minoti va bemorlarga yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Tibbiyot xodimlari ayrim dori vositalarining yetishmasligi, zamonaviy uskuna va jihozlarga bo‘lgan ehtiyoj va boshqa mavjud muammolar haqida ma’lum qildi. Barcha murojaatlar qayd etilib, parlament muhokamasiga takliflar kiritilishi rejalashtirildi.
Ushbu tashriflar partiya elektorati muammolarini joylarda o‘rganish, aholi murojaatlariga bevosita yechim topish hamda dolzarb masalalarni qonunchilik darajasida ko‘rib chiqishga xizmat qilmoqda.