
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatini kuzatib borayotganlar keyingi paytlarda bir tendensiyaga guvoh bo‘lishdi. Ya’ni, ketma-ket bir nechta yig‘ilishda siyosiy partiyalar fraksiyalari o‘rtasida qaysidir qonun loyihalari ustida qizg‘in bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. Manfaatlar kesishdi, siyosiy pozitsiyalar aniq ko‘rsatildi. Voqealarning uzviy davomi sifatida O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” fraksiyalari “Taraqqiyot bloki”, deb nomlangan yangi siyosiy blok tashkil etdi, bunga javoban O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘zini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi, deb e’lon qildi. Ushbu tendensiya yurtdoshlarimiz orasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Natijada quyi palata faoliyatiga qiziqish yanada ortib ketdi.
Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ham qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan bir qator qonun loyihalari deputatlar muhokamasidan o‘tdi.
Kun tartibida birinchi bo‘lib, nizolarni muqobil hal etishda mediatsiya institutini rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasida mediatsiya tartib-taomillarini qo‘llash uchun rag‘batlantiruvchi normalar, mediatorlarga oid talablar va mediativ kelishuvlarni ijro etish qoidalari nizolarni muqobil hal etish mexanizmlaridan biri sifatida belgilanmoqda.
Mediatsiya – kelib chiqqan nizoni taraflarning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usuli bo‘lib, nizoni sudgacha va sud jarayonida hal etishga qaratilgan institut hisoblanadi.
Keyingi yillarda jismoniy va yuridik shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashda, ularning muammolarini hal etishda jahonning rivojlangan davlatlarida yuqori samara berayotgan nizolarni sudgacha hal qilishning zamonaviy yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Loyihani deputatlarga o‘qib eshittirgan mas’ul qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlarning taklif va tavsiyalari asosida undagi normalar maromiga yetkazilganini aytib o‘tdi.
Lekin muhokamaning savol-javob qismiga yetib kelganda aniq bo‘ldiki, hali deputatlarning inobatga olinmagan takliflari yetarlicha ekan.
Qizg‘in davom etgan majlisda deputatlar tomonidan loyihaga e’tirozlar ham, takliflar ham keragicha bildirildi. Undagi ba’zi moddalarni qayta ishlash kerak, degan xulosaga kelinib, qonun loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.
Shu kuni majlisda “Davlat mulkini xususiylashtirish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining 13 ta qonuni hamda Yer va Soliq kodekslariga davlat mulkini xususiylashtirish va ijaraga berishni soddalashtirish maqsadida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda jozibador investitsiya muhitini yaratishga, tadbirkorlik subyektlari uchun soliq yukining kamayishiga, davlat mulkini xususiylashtirish sohasini takomillashtirish, sohadagi vakolatli organlarining vakolatlarini belgilash, davlat mulki va yer uchastkalarini xususiylashtirish hamda ijaraga berish orqali xususiy mulkchilikni kengaytirishga xizmat qiladi, degan fikrni bildirib loyihani birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlashdi.
Majlisda ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash va uning davomiyligini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda muhokamadan o‘tdi.
Loyihada ish vaqtidan tashqari ishning bir kunda birinchi ikki soati uchun kamida bir yarim hissa miqdorida, ikki soatdan ortiq qismi uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi nazarda tutilmoqda.
Amaldagi qonunchiligimizda ish vaqtidan tashqari ishlash vaqti yillik 120 soatdan oshmasligi kerakligi belgilangan. Mazkur qonun ayni ushbu cheklovni olib tashlashni ham nazarda tutmoqda.
Darhaqiqat, qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari ta’minlanishiga, tashkilotlarda ish unumdorligini oshirish va xodimlarning daromadlari ko‘payishiga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi dushanba kuni siyosiy partiyalarning fraksiya yig‘ilishlarida ham muhokama qilingan edi. Jumladan, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida qonun loyihasida belgilanayotgan ish vaqtidan tashqari ishning bir kunidagi birinchi ikki soati uchun kamida bir yarim hissa miqdorni deputatlar ikki hissaga o‘zgartirishni taklif qilishgan edi. Lekin majlisda o‘sha 1,5 hissa o‘zgarishsiz muhokamaga qo‘yildi. Natija ovoz berishda o‘z aksini topdi. Ya’ni, 29 nafar deputat qonun loyihasiga qarshi ovoz berdi. Bu ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida loyihaning hali deputatlar bilan muhokama qilinadigan, ishlanadigan joylari borligini ko‘rsatib berdi.
Kun tartibidan migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasi ham o‘rin olgan edi. Mazkur qonun ham birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash, litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish borasida vakolatli organ etib belgilanmoqda.
Shuningdek, Migratsiya agentligiga xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy ta’sir choralarini qo‘llash vakolati berilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni ish beruvchidan yoki buyurtmachidan undirish tartibi bekor qilinmoqda. O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslardan O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar uchun haq undirish bo‘yicha taqiq olib tashlanmoqda.
Shu bilan birga, xususiy bandlik agentliklariga xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish hamda ushbu jarayonga hamkor xorijiy ish beruvchilarni jalb qilish huquqini berish nazarda tutilmoqda. Xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinishi lozim bo‘lgan mablag‘lar miqdorini kamaytirish taklif etilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlarini himoya qilishga, migratsiya sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirgan holda mazkur sohaga xususiy sektorni yanada kengroq jalb qilishga hamda ko‘rsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullandi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bu galgi majlis ham taklif va tashabbuslarga boy, qizg‘in muhokamalar ostida o‘tdi. Ayni shu muhokamalar mukammal qonunlarni dunyoga keltiradi. Bir so‘z bilan aytganda, Qonunchilik palatasining faoliyatida o‘sish, ya’ni, yangicha yondashuvlar ko‘zga tashlanmoqda. Tarixdan bilamizki, har bir jamiyat yuksalishi, yangilanishi o‘zini-o‘zi isloh qilishi bilan amalga oshadi. Bizda ham ayni jarayon kechmoqda.
Ahmad QURBONOV tayyorladi.
«O‘zbekiston ovozi», 28.5.2025, №21