Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining bugungi yig‘ilishida bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Xususan, “Ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash va uning davomiyligini soddalashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Deputatlar bugungi kundagi real vaziyatdan kelib chiqib, ishchi-xodimlarning huquqlari himoyasini kuchaytirish, ish vaqtidan tashqari ishlangan davr uchun adolatli haq to‘lash masalalariga alohida e’tibor qaratishdi.
Ish beruvchilar va xodimlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish zarurati yuzaga kelayotganligi alohida ta’kidlandi.
Loyihaga ko‘ra, endilikda ish vaqtidan tashqari ishning bir kunda birinchi ikki soati uchun kamida bir yarim hissa miqdorida, ikki soatdan ortiq qismi uchun kamida ikki hissa miqdorida (mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda – har bir soati uchun kamida ikki hissa miqdorda) haq to‘lanishi belgilanib, ishchilarning manfaatlari bilan bog‘liq normalar yanada aniqlashtirilmoqda. Amalda ikki hissa miqdorida haq to‘lash belgilangan, ammo miqdorning yuqoriligi uni ta’minlashni qiyinlashtirib kelayotgani aytildi.
Shuningdek, amalda xodimni bir yil ichida 120 soatdan ortiq ish vaqtidan tashqari ishga jalb etish mumkin emasligi haqida me’yor bor, ammo xalqaro va xorijiy tajribada bu me’yor ko‘proqligi hisobga olinib, endilikda me’yor ikki kun davomida to‘rt soatdan oshmasligi belgilanmoqda.
Fraksiya a’zolari ish vaqtidan tashqari mehnatga jalb qilish va buning uchun oshirilgan tartibda haq to‘lash amaliyoti haqida tashabbuskorlarga bir nechta savollar berdi. Jumladan, davlat tashkilotlarida ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash masalasida muammolar borligi, ishchi-xodimlarning mehnat huquqlari buzilayotgan holatlardan ko‘z yumib bo‘lmasligi, yangi qonun loyihasida bunday salbiy holatlarga aniq yechim berilmaganligi haqida so‘raldi.
Mutasaddi vakil davlat tashkilotlarida ish vaqtidan tashqari ishlayotgan xodimlar aksariyat holatlarda o‘z ixtiyori bilan qolayotganini bildirayotgani to‘g‘risida fikr aytdi. Fraksiya a’zolari ish vaqtidan tashqari ish uchun adolatli haq to‘lash lozimligi, hukumat va vazirlik-idoralar buni ta’minlashi zarurligini qayt etdi.
Shuningdek, deputatlar ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash, bu borada qonunchilikka rioya etish bo‘yicha xususiy sektorda qator muammolar yechilmay kelayotganini ta’kidlashdi. Ishchi-xodimlarning mehnat huquqlariga rioya etilishi qonundagi ikkita me’yorni o‘zgartirish bilan hal bo‘lib qolishi qiyinligi bildirildi.
Fraksiya yig‘ilishida migratsiya va uning qonuniy asoslarini yanada takomillashtirish masalasi alohida muhokama qilindi. Deputat I.Tokarevaning fikriga ko‘ra, keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun noqonuniy to‘lovlar xorijda ish qidirayotgan shaxslardan undirilishi natijasida xususiy bandlik agentliklari tomonidan fuqarolarning ishonchini suiiste’mol qilish holatlari odatiy holga aylanib qolmoqda. Loyihaga ko‘ra, Migratsiya agentligiga xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy ta’sir choralarini qo‘llash vakolati berilmoqda.
Deputatlar Migratsiya agentligi qo‘shimcha vakolatlar berilishini qo‘llagan holda, agentlik xorij mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning haq-huquqlarini qat’iy himoya qilishi, bu boradagi majburiyatlarini bajarishi zarurligini ta’kidlashdi.
Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan qonun loyihalari bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.