Yangi davr, yangi talablar, yangi bosqich
Yangi davr, yangi talablar, yangi bosqich

 

Sanoqli kundan keyin yurtimiz maktablarida «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari bo‘lib o‘tadi. 11 yillik tahsil davomida har jihatdan kamolga yetgan, bolalik va o‘smirlikni ortda qoldirib, umrning eng go‘zal fasli – yoshlikka, boshqacha aytganda, mustaqil hayotga qadam qo‘ygan minglab yigit-qizlarimiz maktab bilan xayrlashadilar.

So‘nggi yillarda yoshlarimiz hayotiy qarashlarida umidli tendensiya kuzatilyapti. Ya’ni, maktab bitiruvchilarining ilm-fanga, xalqaro mehnat bozori talablarini anglagan holda raqobatdosh kadrlar bo‘lishga intilish hissi yaqqol ko‘rinmoqda. Bu esa mamlakatimiz yoshlarining oliy ta’limga qamrov darajasi sezilarli oshib borishi bilan uyg‘unlik kasb etayotir. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024/2025-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining 18-23 yoshdagi aholisini oliy ta’limga qamrab olish ko‘rsatkichi 47,7 foizni tashkil qilgan. Bu raqam 2014-yil bilan solishtirilganda 40,9 foizga ortganini ko‘rish mumkin.

 

– Yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining ish haqi 7-10 million so‘mdan oshadi.

– Maktablardagi 17 ta fanning har biri bo‘yicha alohida tayanch maktablar tashkil qilinadi.

– «Prezident iqtidorli farzandlari» milliy dasturi va «Garvardchilar maktabi» ochiladi. Bu muassasa Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab sifatida tashkil etiladi. Unga 8-sinf bitiruvchilaridan 60 nafari saralab olinib, dunyodagi «TOR-10» oliygohlariga maqsadli tayyorlanadi.

– Xususiy oliygohlardagi pedagogik yo‘nalishlar davlat institutlari bilan bir xil bo‘ladi.

– Joriy yilda yangi maktablar qurish uchun Islom taraqqiyot bankidan 200 mln dollar jalb qilinadi. Buning evaziga maktablar soni yana 58 taga, o‘quvchilar o‘rni 72 mingtaga ko‘payadi.

 

Biroq bugun shunday davrda yashayapmizki, oliygohda tahsilni tamomlagan yosh mutaxassis ixtisosligi bo‘yicha ishga kirishi uchun qo‘lidagi diplom kamlik qiladi. Uning o‘zgaruvchan mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi uchun nafaqat ilmiy, balki ijodiy, hayotiy (ishbilarmonlik, yetakchilik, stressga chidamlilik kabi) va, tabiiyki, raqamli ko‘nikmalar talab qilinmoqda. Xo‘sh, O‘zbekistondagi ta’lim tizimi o‘sib kelayotgan avlodda shunday ko‘nikmalarni shakllantira olyaptimi?

To‘g‘ri, yurtimizda ta’lim infratuzilmasi jadal sur’atda rivojlanmoqda. Ayni paytda qariyb 11 mingga yaqin umumta’lim muassasalarida zamon talablariga yarasha shart-sharoitlarni yaratish, 7 mingta davlat va 31 mingdan ziyod xususiy bog‘chalar faoliyatida ilg‘or pedagogik mezonlarni tatbiq etish choralari ko‘rilayotir. Oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘ 7 karra oshgani, maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda 1,5 millionta yangi o‘rin yaratilgani buning dalili.

Lekin shu o‘rinda tanganing boshqa tomoni ko‘zga tashlanadi. O‘rganishlar ko‘rsatadiki, hozirgi kunda ko‘plab oilalar oylik daromadining bir qismini farzandlari repetitor va o‘quv kurslariga qatnashi uchun sarflamoqda. Ayni shu maqsadda ota-onalarning o‘rtacha oylik xarajati poytaxtimizda 100, qolgan hududlarda esa 20-30 dollar atrofida bo‘lmoqda. Bu esa qator savollarni paydo qiladi: maktablarimizda 11 yillik ta’lim bolaning intellektual salohiyati va qobiliyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish hamda rivojlantirishga «qodir» emasmi? Nega o‘quvchi kelgusida oliygohga o‘qishga kirish yoki IT, SMM, robotexnika singari zamonaviy sohalarda dastlabki bilim-ko‘nikmalarni egallash uchun repetitor yoki o‘quv kurslariga borishga majbur?

Bu savollar aslida davlat va jamiyat uchun jiddiy signal. Chunki yangi maktab-bog‘chalarni qurish, mavjudlarini zamonaviy uslubda ta’mirlash hamda jihozlash bilan ish bitmaydi. Bog‘chalarda bolani maktabga tayyorlash, maktablarda esa fundamental fanlarni o‘qitish metodikalarini hamma joyda ham yuqori darajada, deb bo‘lmaydi.

Raqamli texnologiyalar hali kirib bormagan hududlar ko‘p. Ba’zi maktablarda informatika darslari eskirgan dasturiy mahsulotlardan foydalanib o‘tilmoqda. Aytmoqchimizki, uzoq yillardan buyon uzil-kesil yechimini kutayotgan ta’lim sifatini oshirish muammosi hali-hamon dolzarb.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mazkur masalaga yana bir bor diqqat qaratildi. Maktab ta’limini mazmun-mohiyatan yangi bosqichga ko‘tarish uchun davlat rahbari tomonidan muhim vazifalar belgilab berildi.

 

Maqsad – inson kapitalini rivojlantirish

Rivojlangan davlatlar tajribasiga nazar tashlasak, ular taraqqiyotga eng ishonchli yo‘l – inson kapitalini rivojlantirish, mamlakat kelajagi bo‘lgan yoshlarga «ijtimoiy liftlar»ni yaratib berish orqali erishganini ko‘rish mumkin.

Inson kapitalini rivojlantirish, ya’ni, yoshlarning sifatli ta’lim olishi va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga muvaffaq bo‘lish – bir kunlik va oson ish emas. Uzoq muddatli, kompleks yondashuv va katta hajmda investitsiya talab qiladigan chora-tadbirlar zarur.

Yangi O‘zbekistonda bu sohada dadil qadamlar qo‘yilayotgani rost.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, maktablarda ta’lim eng ilg‘or mamlakatlar tajribasiga moslashtirilmoqda, darsliklar yangilanayapti, zamonaviy jihozlar olib berilayapti. O‘z navbatida malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga o‘ndan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming nafar o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olayapti. Bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashdi.

Mana shunday amaliy sa’y-harakatlar pirovardida o‘qituvchi-pedagoglarning jamiyatda nufuzi oshishiga olib kelmoqda. Galdagi vazifa esa ta’lim sifatini yaxshilashda ularning ishtiroki va ulushini kengaytirish bilan bog‘liqdir.

– Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq, – dedi Prezident mazkur yig‘ilishda. – Shu bois yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur.

Shunday qilib, endi muallimlar oldida o‘qitishning yangi metodikalarini o‘zlashtirish, bolalarga bilim berishda ilg‘or tajribalarni o‘rganish masalasi turibdi. Buning uchun esa pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’limda sifat o‘zgarishlarini amalga oshirish kerak.

Yig‘ilishda barcha pedagogika oliygohlari faoliyati tubdan o‘zgartirilishi aytib o‘tildi. Masalan, Termiz pedagogika institutida hozirgi fakultetlar o‘rnida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha 6 ta oliy maktab tashkil qilinadi. Fanlar soni maqbullashtirilib, 20 tadan 15 taga, ta’lim yo‘nalishlari 31 tadan 17 taga tushiriladi, o‘quv yuklamasi 20 foizga qisqaradi. Yaqin hududdagi maktablar uning amaliyot bazasiga aylantiriladi.

Institutning xorijiy til sertifikati bor 20 nafar o‘qituvchisi shu yil Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi. Kelgusi uch yilda barcha professor-o‘qituvchilar chet elda o‘qitiladi. «Top-100» talik universitetlarda malaka oshirish va ta’lim xizmatlarini olish to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida bo‘ladi.

Hududlardagi malaka oshirish markazlari faoliyati ham kengaytiriladi. Ulardagi professor-o‘qituvchilar AQSh, Buyuk Britaniya, Singapur, Germaniyaning ilg‘or dasturlari asosida qayta tayyorlanadi.

Shu bilan birga, o‘rta ta’limdagi 17 ta fanning har biri bo‘yicha alohida tayanch maktablari bo‘ladi. Tayanch maktab o‘qituvchisi Malaka oshirish markaziga kelib, o‘z yo‘nalishida xalqaro dasturlar asosida chuqur tayyorlanadi, ularga trener maqomi beriladi. Keyin bu trenerlar o‘ziga biriktirilgan hududda 25 nafar yetakchi o‘qituvchini o‘qitadi. Yetakchi o‘qituvchilar esa o‘z maktabidagi boshqa muallimlarning malakasini oshirib boradi.

Bugungi kunda xususiy oliygohlarda pedagogika yo‘nalishidagi talabalarning 70 foizi maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim va filologiya bo‘yicha o‘qiyapti. Birortasida kimyo, biologiya va fizika bo‘yicha muallim tayyorlanmaydi. Maktablarimizda esa aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘qituvchilar taqchilligi mavjud.

Yig‘ilishda bundan buyon xususiy oliygohlardagi pedagogik yo‘nalishlar davlat institutlari bilan bir xil bo‘lishi, ulardagi pedagoglar va talabalar bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkazilishi, pedagog tayyorlash sifati nazoratga olinishi qayd etildi.

 

Iqtidorsiz bola bo‘lmaydi

Iqtidorsiz bola bo‘lmaydi, deydilar. Ayniqsa, jahon ilm-faniga buyuk namoyandalarni yetkazib bergan millatimiz genofondi juda boy. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, oldimizga Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kun tartibidagi asosiy masala bo‘lib qolmoqda. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlariga aylanishi lozim.

Yuqorida keltirilgan yig‘ilishda farzandlarimiz juda iqtidorli ekani, faqat ularni to‘g‘ri yo‘naltirib, maqsadli tayyorlash zaruratiga urg‘u berilgani bejiz emas. Shu ma’noda davlatimiz rahbari yoshlarni nufuzli xorijiy universitetlarda o‘qitish masalasiga alohida to‘xtaldi. Bu bo‘yicha aniq vazifalar o‘rtaga tashlandi.

Xususan, «Prezident iqtidorli farzandlari» milliy dasturi yo‘lga qo‘yilib, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab tashkil etiladi. Unga 8-sinf bitiruvchilaridan 60 nafari saralab olinib, reytingi yuqori oliygohlarga maqsadli tayyorlanadi.

Bundan tashqari, Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi umumta’lim maktablariga biriktiriladi. Bu maslahatchilar maktablardan har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchini seleksiya qilib, AQShning Garvard, Yyel, Kolumbiya, Kornel kabi reytingi yuqori oliygohlariga tayyorlaydi.

Endi ilg‘or xorijiy tajriba asosida maktabga tayyorlov guruhlari va boshlang‘ich ta’lim o‘quv dasturlari o‘zaro uyg‘unlashadi. Buning uchun bog‘cha bolalarini matematika, tabiiy fanlar va texnologiya yo‘nalishlarida tanqidiy va kreativ fikrlashga o‘rgatadigan dasturlar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, bog‘cha tarbiyachilarining malakasi, mahorati va psixologik tayyorgarligini oshirish uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi.

 

Baxtiyor TASHEV,

xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati:

– Yig‘ilishda yosh avlod ta’lim-tarbiyasida pedagog xodimlarning o‘rni e’tirof etildi, bu borada ham muhim tashabbuslar ilgari surildi. Ya’ni, yoshlarga chuqur bilim berib, ularni turli tanlov, olimpiadalarga tayyorlash, Vatanimizni dunyoga tanitishda bilimli, tajribali pedagoglar ko‘pchilikni tashkil etadi. Yurtboshimiz bunday fidoyi xodimlarning oylik maoshlarini oshirish, ularni hudud rahbarlari tomonidan turli tadbirlar-u yig‘ilishlarga jalb etmaslik haqida bildirgan o‘rinli fikrlari har bir pedagog ko‘nglidagi gap bo‘ldi, desam yanglishmayman.

O‘qituvchi-pedagoglarning manfaatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ularning kasbiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. Har bir o‘qituvchi o‘z ustida izlanishi, sohaga yangi g‘oyalarni tatbiq etishi, eng muhimi, yoshlar bilan ishlashi uchun vaqt va imkoniyat topa oladi. Pedagoglarning attestatsiya jarayonlarini soddalashtirish, har yili 5 nafardan ustozning xorijiy davlatlarda malaka oshirib kelishlari, nodavlat oliy ta’lim muassasalarida sifatli kadrlar tayyorlashga e’tiborning kuchaytirilayotgani ta’lim sohasidagi islohotlarning samaradorligini kafolatlashi shubhasiz.

 

Matluba TO‘YCHIYEVA,

O‘zbekiston XDP Bo‘ston tuman kengashi raisi:

– Bugun dunyo tobora tahlikali bo‘lib boryapti. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar jiddiy tus olayotgani tinchliksevar davlatlar uchun har daqiqani sinovga aylantirayotgan bo‘lsa, insonlarning, ayniqsa, yangi avlodning internet va ijtimoiy tarmoqlarga qaramligi, zo‘ravonlik hamda ma’naviy-axloqiy og‘ishlarning ortayotgani jiddiy xulosa chiqarishni va kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishni taqozo qilyapti.

Yig‘ilishda ushbu masala ham e’tibordan chetda qolmadi. O‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga ko‘maklashish maqsadida joylardagi «Barkamol avlod» maktablari, «Yoshlik» sport jamiyati va O‘quvchi yoshlar markazi yagona tizimga birlashtirilib, ularda xorijiy tillar, sun’iy intellekt, dasturlash va animatsiya kabi yangi to‘garaklar ochiladigan bo‘ldi. O‘quvchilar o‘rtasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha ham yangi tizim shakllantirilishi, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Samarqand, Buxoro va poytaxtdagi «Barkamol avlod» markazlarida kamida 100 o‘rinli «Bolalar sayyohlik bazasi» tashkil qilinib, har yili 1 million o‘quvchi uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlar uyushtirilishi maqsadga muvofiqdir.

Mutaxassislar O‘zbekiston yaqin istiqbolda noyob demografik dividentni qo‘lga kiritishi, 2048-yilga borib mamlakatda mehnatga layoqatli aholi soni tarixiy pik darajasiga yetishi kutilayotganini prognoz qilmoqdalar. Bunday sharoitda O‘zbekiston faqat jismoniy mehnatga asoslangan ishchi kuchini yetkazib beradigan davlat bo‘lib qolmasligi, aksincha, intellektual kapitali bilan jahon maydonida peshqadamlarga aylanishi uchun bugun ta’lim-tarbiya tizimi tom ma’noda yangi bosqichga chiqmog‘i hayotiy zarurat. Iqtisodiy yuksalish, kambag‘allik va salohiyatli kadrlar migratsiyasini qisqartirish, ishsizlikni bartaraf etish ham mana shundan boshlanadi.

 

Obloberdi OLIMOV,

O‘zbekiston XDP Farg‘ona viloyat kengashi raisi o‘rinbosari:

– Yig‘ilishda bugun ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan muammo - bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish, buning uchun milliy kontent yaratishni jadallashtirish masalasiga yana bir bor diqqat qaratildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzurida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilinishi ko‘zda tutilayotgani quvonarli, albatta.

Prezidentimiz «Mening mahallam – mening faxrim» loyihasi doirasida 100 ming yosh volontyorlarni ijtimoiy yordam ko‘rsatishga jalb etish taklifini ham bildirdi. Yosh deputat sifatida men ushbu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman, chunki bu loyiha yoshlarning jamiyatga faol qo‘shilishini ta’minlaydi va ularda ijtimoiy mas’uliyat hissini shakllantiradi, axloqiy qadriyatlarning bardavomligini kafolatlaydi.

Xalqaro tajribadan ma’lumki, yoshlarning volontyorlik faoliyati har taraflama foydali va samarali. Masalan, Finlandiya va Singapurda yoshlar o‘zlari yashayotgan hududdagi mavjud ijtimoiy muammolarni hal qilishda ishtirok etib, bilim va ko‘nikmalarini jamiyatga foyda keltirish uchun yo‘naltiradilar.

Bu loyihani amalga oshirish orqali yoshlar bilan birga jamiyatdagi muhim muammolarga yechimlar topishimiz mumkin. Shuning barobarida uka-singillarimiz volontyorlik faoliyatida katta hayotiy tajriba orttirib, turli qiyinchiliklar qarshisida chidamlilik, birgalikda ish olib borish kabi ko‘nikmalarni o‘zlashtiradilar.

Prezidentimiz ilgari surgan ayni taklif yoshlar uchun, shubhasiz, katta imkoniyatdir. Biz, deputatlar esa bu jarayonda chetda turmay, yoshlarga oid davlat siyosatining samaradorligini oshirishda faol bo‘lsak, uka-singillarimizning ta’limga oid muammo va tashabbuslarini tinglasak hamda ijtimoiy barqarorlikka o‘z ulushimizni qo‘shgan bo‘lamiz.

 

Farida MAHKAMOVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 21.5.2025, №20

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish