
Yangi tartib-taomillarni hayotga joriy etishdan oldin ularni tajriba-sinov tarzida qo‘llash amaliyoti kengayib bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2018 — 2024-yillar davomida davlat boshqaruvi, saylov, soliq, sog‘liqni saqlash, yuridik xizmatlar, uy-joy va kommunal, investitsiya, xususiy mulk himoyasi kabi soha va tarmoqlarda 60 dan ortiq eksperiment o‘tkazilgan. Bu yurtimizda har yili o‘rtacha 10 ga yaqin eksperiment o‘tyapti, degani.
Huquqiy eksperiment davlat va jamiyat hayotida muhim institutga aylanib bormoqda. Uning huquqiy asoslari va me’yorlarini qonun bilan belgilab qo‘yish katta ahamiyatga ega.
To‘g‘ri, huquqiy eksperiment instituti “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 34-moddasida qayd etilgan. Ammo uni o‘tkazish bilan bog‘liq ijtimoiy-huquqiy munosabatlar kompleks tarzda tartibga solinmagan. Jumladan, eksperiment o‘tkazish shartlari va davomiylik muddati, huquqiy eksperiment joriy etish mumkin bo‘lmagan sohalar, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga berilgan imtiyozlar hamda ma’muriy hujjatlarning eksperiment tugaganidan keyin amal qilishi yoki qilmasligi yoxud javobgarlik masalalari tartibga solinmagan.
Huquqiy eksperimentni o‘tkazishda yagona yondashuv mavjud emas. Ya’ni, qonunchilik hujjatlari loyiha bosqichida yoki qabul qilingandan keyin kuchga kirgunga qadar yoxud kuchga kirgandan so‘ng eksperimentdan o‘tkazilgan.
Mazkur kamchiliklar, huquqiy bo‘shliqlar turli sohalardagi ijtimoiy munosabatlarni tarqoq holda tartibga solish salbiy amaliyotining davom etishiga olib kelmoqda. Bu esa huquqiy kolliziyalar, huquqni qo‘llashda turlicha talqin qilish va murakkabliklarni yuzaga keltiryapti.
Ayrim jihatlarga atroflicha to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, eksperiment tartibida qabul qilingan hujjatlarning barchasida ularning samaradorligini baholash mezonlari, ko‘rsatkichlari va prognozlari, 23 tasida esa huquqiy eksperimentlarni yakunlash muddatlari mavjud emas. O‘tkazilgan eksperimentlarning 30 tasi bo‘yicha tahlillar bor, 22 tasi bo‘yicha umuman tahlil olib borilmagan, 50 tasi bo‘yicha eksperiment samaradorligi baholanmagan, 39 tasi bo‘yicha ularning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosalar shakllantirilmagan.
Bundan tashqari, qonunchilik hujjatlarida eksperiment muddati tugamagan bo‘lsa-da, eksperiment samaradorligini tahlil qilish natijasida uni bekor qilish holatlari ham mavjud.
Yuqoridagi kamchiliklar va huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish, tartib-taomillarni aniq belgilash maqsadida “Huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Ayni paytda loyiha Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.
Muayyan sohada normativ-huquqiy hujjat yoki eksperimental-huquqiy norma samaradorligini tahlil qilish hamda ularning natijasida yuzaga kelgan yoki kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy oqibatlarni o‘rganish, baholash, shu orqali samarali huquqiy normalarni amaliyotga joriy etish huquqiy eksperimentning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Qonun loyihasi bilan tartibga solinayotgan asosiy masalalarga to‘xtalsak. Avvalo, insonning huquq va erkinliklarini cheklaydigan, bekor qiladigan yoki ularning ahvolini boshqacha tarzda yomonlashtiradigan hollarda huquqiy eksperiment o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda.
Huquqiy eksperimentni tashkil etish, o‘tkazish, uning natijalarini baholash va joriy etishning bir qator shartlari aks etyapti. Yana bir muhim jihati, ijtimoiy ahamiyati va murakkablik darajasiga ko‘ra, huquqiy eksperiment 6 oydan 3-yilgacha bo‘lgan muddatda o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Eksperiment o‘tkaziladigan hudud tegishli mahalliy hokimiyat organlari bilan maslahatlashuvlar asosida ma’muriy-hududiy birlikning xususiyati, o‘ziga xosligi va tabiatidan kelib chiqib belgilanishi mustahkamlanyapti.
Huquqiy eksperiment faqat O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Prezident farmonlari va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan o‘tkazilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, huquqiy eksperiment o‘tkazish shakllari, usullari, uni o‘tkazish tartibi va bosqichlari aniqlashtirilmoqda.
Huquqiy eksperiment o‘tkazishni to‘xtatib turish va tugatish asoslari, uning natijalarini baholash va yakunlarini rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilyapti.
Ilg‘or texnologiyali taraqqiyot, faol, shu bilan birga, murakkab munosabatlar barcha sohalarga chuqur kirib bormoqda. Har qanday o‘zgarish va yangilikni sinovdan o‘tkazgandan so‘ng joriy etish har tomonlama maqsadga muvofiq sanaladi. Tizimli muammolarga eng samarali yechimlarni topish zarur. Huquqiy eksperiment mana shu jihatlardan ham muhim institutdir.
“Huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi qonun loyihasining qabul qilinishi davlat va jamiyat boshqaruvini takomillashtirishga, eng muhimi, fuqarolarning hayoti va farovonligini yaxshilashga xizmat qiladi.
Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.