Deputatlar, partiya faollarining ijtimoiy masalalarni yaqindan o‘rganish maqsadida odamlar orasiga kirib, uyma-uy yurib ishlashi an’anaga aylanmoqda. Avvallari bir yilda uch-to‘rt marta uchrashuvlarga chiqilgan bo‘lsa, endilikda faollarimiz va deputatlardan iborat ishchi guruhi har hafta saylovchilar huzuriga oshiqadi, ular bilan yuzma-yuz muloqot qiladi. Bu orqali saylovchilarimizning ehtiyojlari, muammolari va saylov okrugidagi haqiqiy vaziyat joyida o‘rganilmoqda.
Albatta, xalq bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarning dard-u quvonchiga sherik bo‘lishda gap ko‘p. Chunki poytaxtda turib, kabinetda o‘tirib, faqat qog‘ozlarda qayd etilgan ma’lumotlar bilan islohotlarga, hududlardagi muammolarga, odamlarning orzu-havaslari, o‘y-tashvishlari, kayfiyatiga baho berib bo‘lmaydi.
Shunisi ham borki, ezgu niyatlar bilan odamlar orasiga kirish, eng uzoq va chekka tumanlarga, hatto, mahalliy rahbarlarning qadami yetmagan joylarga borib yetim-yesir, beva-bechoraning boshini silashda hikmat bor. Yosh oilaga uy-joy berilganini eshitish, xonadonlarga kirib, keksa otaxon-u onaxonlar bilan bir piyola choy ustida suhbat qurishning gashti o‘zgacha. Insoniylik, mehr-oqibat tafti mujassam bunda.
Shundan kelib chiqib, O‘zXDP Markaziy Kengashi faollari, Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz a’zolari, xalq deputatlari mahalliy kengashlardagi deputatlarimizning navbatdagi manzili Samarqand viloyati bo‘ldi.
Xo‘sh, natijalar, xulosa va takliflar haqida yana nimalar deyish mumkin? ishchi guruhi tarkibida viloyatning shahar va qishloqlarida bo‘lib, saylovchilarning xohish-istaklarini o‘rgangan, muammolarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan partiyamiz faollari ushbu savolimizga javob berishdi.
Maqsuda VORISOVA,
O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari:
– Albatta, hududlardagi yaxshi o‘zgarishlar haqida uzoq gapirish mumkin. Biz buni joylarga chiqib, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘ryapmiz. Odamlarda hayotdan rozilik, shukronalik tuyg‘usi nihoyatda kuchli. Hayotning talabi esa o‘z ustimizda ishlash, muammoli holatlarni hal etishdan, ishimizni yangi darajaga ko‘tarishdan iborat.
Hozir hayot balandparvoz gaplarni qabul qilmaydi. Quruq raqamlar bilan faqat o‘zimiznigina aldashimiz mumkin. Qachonki, har bir hudud va sohadagi real manzara, asl holat o‘rganilib, muammo yuzaga chiqsagina mutasaddi tashkilotlarning mas’uliyati, hisobdorligi ham oshadi. Shu maqsadda tibbiyot sohasidagi ishlarni ham o‘rgandik.
Viloyatda bugungi kunda sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimida 270 ta ambulatoriya-poliklinika muassasalari faoliyat yuritmoqda, ularning 21 tasi viloyat, 250 tasi shahar va tuman tibbiyot birlashmalariga (16 ta shahar va tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, 70 ta oilaviy poliklinika, 164 ta OSHP) qarashli. Viloyat sud-tibbiy ekspertizasi, qon quyish stansiyasi, 17 ta DSENMlar, 10 ta dezinfeksiya stansiyalari ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi ta’mirga muhtoj muassasalar soni jami 83 tani tashkil etadi. Ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, joriy yil 1 iyuldan boshlab Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash sohasida tibbiy sug‘urta tizimini joriy qilish rejalashtirilgan. Lekin viloyat, tuman tibbiyot birlashmalari birinchi tibbiy yordam tizimida vrachlar kompyuter jamlanmalari, hamshiralar planshetlar bilan ta’minlanmagan. Planshetlar lokal internet tarmog‘iga ulanmagan. Bu esa sug‘urta tizimini joriy etishda qiyinchiliklar tug‘diradi.
Nazorat-tahlil natijalaridan kelib chiqib, biz o‘z takliflarimizni ishlab chiqdik. Unga ko‘ra, viloyatda davlat tibbiy sug‘urta tizimi to‘liq joriy etilishi uchun albatta, zarur kompyuter jamlanmalari va elektron tarmoqlar bilan ta’minlanish kerak.
Sog‘lig‘ini tiklashga muhtoj aholi va ularning davolanish jarayoni haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish maqsadida, xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan ularga murojaat qilgan bemorlarda aniqlangan kasalliklar va o‘tkazilgan davolash amaliyotlari haqida hududiy tibbiyot birlashmalariga har oyda ma’lumot berib borilishini joriy etish zarur.
Tibbiyotda yaqin besh, olti yil davomida ambulator poliklinika tizimidagi shifokorlarning pensiyaga chiqishi munosabati bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kadrlar yetishmovchiligining oldini olish maqsadida, tibbiyot oliygohlarining bitiruvchi mutaxassislarini uch yillik muddat bilan birlamchi tizimga majburiy ishga yo‘naltirish masalasini ko‘rib chiqish lozim, deb o‘ylaymiz.
Kafolatlangan tibbiy yordamni tashkil etishda ijtimoiy dorixonalardan to‘liq foydalanish maqsadida, me’yoriy-huquqiy hujjat ishlab chiqish zarurati ham bor.
Shuningdek, ishchi guruhimiz viloyatda ta’lim tizimi, «inson» ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyati, pensiya ta’minoti bilan bog‘liq qator masalalar bo‘yicha o‘rganish olib bordi.
Nazorat-tahlil davomida har bir masalaga chuqur kirib borishga harakat qildik. Soha mutaxassislari bilan suhbatlashdik, aholining e’tirozlarini, murojaatlarini o‘rgandik. Takliflarimizni tayyorladik.
Albatta, ular fraksiyamizda ham ko‘rib chiqiladi, asosli takliflardan qonun hujjatlarini takomillashtirishda foydalaniladi.
Jamol ACHILOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
– Nazorat-tahlil davomida ma’lum bo‘ldiki, viloyatda shu yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, 442940 nafar kishi nafaqa oluvchi sifatida budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bo‘limlarida hisobda turadi.
Ularning 373 757 nafari yoshga doir, 43 595 nafari nogironlik, 25 588 nafari boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini oladi.
O‘rganishlarga ko‘ra, YAMMTda ish staji kiritilmaganligi sababli, pensiyaga chiqayotgan fuqarolarning ish stajlari dasturda ko‘rinmay qolish hollari uchramoqda. Shu sababli, pensiya tayinlashda qiyinchiliklar kuzatilmoqda va bu haqli e’tirozlarga sabab bo‘lyapti.
Shuning uchun ish staji kiritilmay qolgan davr uchun mavjud hujjatlari, mehnat daftarchasi asosida mehnat bo‘limlari tomonidan YAMMT dasturiga kiritib berilishiga ko‘maklashishni kuchaytirish kerak, deb o‘ylaymiz. Bu ish staji kiritilmay qolgan fuqarolarga yengillik bo‘lgan bo‘lar edi.
Shuningdek, ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash borasida viloyatda e’tibor markazidan chetda qolayotgan bir qator muammolar borligiga ko‘z yumolmaymiz.
Masalan, o‘rganishlar davomida ma’lum bo‘ldiki, viloyat «ko‘zi ojizlar» jamiyati nodavlat-notijorat tashkiloti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Bu o‘z ustaviga asosan, shahar va tumanlarda istiqomat qiluvchi ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan nogironligi bor insonlar manfaatlarini ifodalovchi tashkilotdir. O‘z ish faoliyatini mahalliy hokimlik hamda saxovatli homiylar yordamlariga tayangan holda olib boradi. Tashkilotda joriy yil hisobidan 2 692 nafar a’zo ro‘yxatga olingan. Ammo hozir tuman bo‘linmalarida bino va texnik masalalarda muammolar mavjud.
Mavjuda HASANOVA,
O‘zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i:
– Saylovchini rozi qilishning yo‘li bu, muloqot va muammolar yechimidir. Chunki, aholini qiynayotgan muammolar xalqning ichiga chuqur kirib borilgandagina yaqqol ko‘rinadi,suv yuzasiga qalqib chiqadi.
Joylarda aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganish, ularga xolis va haqqoniy baho berish, kamchiliklarni bartaraf etish asosiy vazifamizdir. Yuzma-yuz muloqotlar davomida fuqarolar tomonidan asosan ishga joylashish, o‘z ishini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kreditlar ajratish, elektr energiyasi va gaz ta’minotidagi muammolarni bartaraf etish va boshqa qator masalalar ko‘tarilmoqda. Ularning salmoqli qismini joyida hal etishga erishyapmiz.
Bilamizki, hozir har bir hudud kesimida kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rni yaratish, aholi daromadini oshirish bo‘yicha dasturlar qabul qilinmoqda. Nazorat-tahlil davomida biz ushbu yo‘nalishdagi ishlarni ham o‘rgandik.
Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyatida 1 607 835 nafar iqtisodiy faol aholi yashaydi. Ya’ni, viloyat aholisining 1 521 476 nafari ish bilan band. 86 359 nafar kishi esa ishga joylashishga muhtoj.
To‘g‘ri, so‘nggi vaqtlarda viloyatda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasiga alohida e’tibor qaratilyapti. Ammo bu borada yechimini kutayotgan ayrim muammolar ham bor.
Masalan, hozirgi kunda fuqarolardan ishsizlik nafaqasi olish uchun my.gov.uz portali orqali juda ko‘p murojaatlar kelib tushmoqda. Tahlillarga ko‘ra, fuqarolar ish emas, aynan ishsizlik nafaqasini so‘rayapti. Bu esa aholida boqimandalik kayfiyati mavjud ekanligini bildiradi.
Ishsiz fuqarolarni mahalliy tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan korxonalarga yo‘naltirilishda qiyinchiliklar mavjud. Tumanlarda sanoat ishlab chiqarish korxonalari hamda ularda ish haqining kamligi e’tirozlarga olib kelmoqda.
Aholining ishchanlik faolligini va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirishga, ijtimoiy zaif qatlamlar bandligini ta’minlashga, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati, sifati va tezkorligini oshirishga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Shunga qaramay, hududlardagi mehnat bozorida hali-hamon yuqori darajada keskinlik saqlanib qolmoqda. Doimiy ish o‘rinlarini tashkil etish, yoshlar, xotin-qizlar, kam ta’minlangan oilalar a’zolari bandligini, ayniqsa, qishloq joylarda ta’minlash, shuningdek, tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish masalalari hal etilmayapti. Ishga joylashtirish sohasida aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun kredit, moliyaviy, maslahat-axborot berish xizmatlari va boshqa zarur xizmatlar darajasi pastligicha qolmoqda.
Albatta, aholi manfaatlariga qaratilgan har bir dastur to‘liq bajarilishi, ajratilgan mablag‘larning manzilliligini ta’minlash kerak. Xususan, oldimizda sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, turizm va ijtimoiy sohalar, ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish kabi muhim va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar turibdi.
Masalan, viloyatda norasmiy band bo‘lganlar rasmiy sektorga qaraganda ko‘proq, norasmiy band bo‘lganlarning ko‘p qismi mavsumiy va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etilgan.
Tumanlarda kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda. Ammo maktab bitiruvchilari va ishsiz fuqarolar kasbi yoki mutaxassisligi yo‘qligi sababli ularda ishga joylasha olmayapti.
Ma’lumki, bolalar nafaqasini oluvchi oilalar avtomatik tarzda kambag‘al oilalar reyestriga kiritiladi. Ammo bunday vaziyatlarda amaliyotda ikkita muammoli holatlar kuzatilmoqda.
Masalan, qaramog‘ida og‘ir ahvoldagi nogiron farzandi bor ota yoki ona bolasini yolg‘iz tashlab, o‘zini band qilish imkoniyati mavjud emas. Bunday sharoitdagi kishilar «g‘amxo‘rlik guruhlari» haqida to‘liq ma’lumotga ega emas. Demak, ularga farzandini ishonchli qo‘llarga topshirib, kun bo‘yi o‘z ishi bilan shug‘ullanishi mumkinligini tushuntirishimiz kerak.
Shuningdek, oilaviy daromadi yetarli bo‘lmagan, lekin bola nafaqasi tayinlangan, kambag‘al oilalar reyestriga kirgan shunday insonlar borki, taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlarida ishlashni xohlamaydi. Natijada ular kambag‘al oilalar reyestridan chiqmasdan har oy tizimli ravishda kelib turgan bolalar nafaqasi bilan cheklanib, boqimandalik kayfiyatida yashab kelmoqda.
Shularni ko‘rib, guvohi bo‘lib, ishchi guruhimiz kambag‘al oilalar reyestridan chiqish istagi bo‘lmagan fuqarolarning bola nafaqasi olishi bilan bog‘liq holatni qayta ko‘rib chiqish kerak, degan taklif bilan chiqdi.
***
Albatta, har qanday masalaning nazoratga olinishi yaxshi. Bu davlat tashkilotlari va idoralari rahbarlarining mas’uliyatini oshiradi, islohotlarga daxldorlik kuchayadi.
Partiyamiz faollarining aytishicha, viloyatda olib borilgan o‘rganishlardan yana ko‘plab ma’lumot va raqamlar keltirish mumkin. Gap ko‘rsatkichlarda emas, aniqlangan muammolarni vaqtida bartaraf etishda, buning uchun asosli va o‘tkir takliflar tayyorlashda. Shuning uchun biz eng muhimlariga to‘xtalishni joiz topdik.
Bu ko‘zga ko‘rinmas to‘siqlarning olib tashlanishiga, mutasaddilarning e’tibor markazidan chetda qolib ketayotgan muammolarning suv yuziga qalqib chiqib, bartaraf etilishiga yo‘l ochadi, degan umiddamiz.
Laziza SHEROVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 14.5.2025, №19