O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlari va faollari jamoat transportidan imtiyozli foydalanish holatini hududlar misolida bevosita o‘rgandi. O‘rganish aeroport, avto va temir yo‘l vokzallari, bekatlarda transport xizmati ko‘rsatuvchi tashkilotlar mutasaddilari va jamoatchilik vakillari ishtirokida olib borildi.
Viloyatlardagi monitoring natijalari Markaziy Kengashda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz a’zolari, hududiy partiya tashkilotlari, mahalliy Kengashlardagi guruhlarimiz a’zolari, Transport vazirligi va uning hududiy boshqarmalari mutasaddilari hamda soha mutaxassislari ishtirokida atroflicha jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi.
Videokonferens aloqa shaklida o‘tgan muhokamada Namangan viloyatida jamoat transportlaridan foydalanishda imtiyozli huquqlarga ega fuqarolarga xizmat ko‘rsatish holati haqida ma’lumot berilib, asosan kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari haqida fikr almashildi, aniq takliflar berildi.
Viloyatda jamoat transportlarida kunlik yo‘lovchilar soni o‘rtacha 1,1 million nafarni tashkil etadi. Bu raqam xizmat sifatini oshirib borish, muhtoj yo‘lovchilarga qulayliklar yaratish qanchalik muhimligini ko‘rsatib beradi, dedi yig‘ilishni olib borgan O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova.
Asosiy muammolar tahlil qilinib, takliflar muhokama qilindi. Jumladan, tashuvchi korxonalarning kredit olishda garov uchun mulkning kamligi hamda banklar tomonidan tavsiya etilayotgan kredit foizining yuqoriligi, muddatining qisqaligi zamonaviy transport texnikalarini xarid qilishga to‘siq bo‘lmoqda. Agar kreditlar shartlari nisbatan qulaylashtirilsa, sharoiti yaxshi transport vositalari xizmati kengayishi qayd etildi.
Yana bir muammoli masala jamoat transport kutish bekatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoit yetarli emasligi bilan bog‘liq. Yangi bekatlarni qabul qilish jarayonida deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirokini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Har bir hududdagi bekatlarni bosqichma-bosqich keng o‘rganish va muammoli holatlarni hal etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga deputatlik so‘rovnomalarini yuborish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari ham atroflicha muhokama qilinib, keyingi vazifalar belgilab olindi.