
Bugun xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hayotiga nazar tashlasak, avvalgilaridan mutlaqo farq qiladigan ko‘p jihatlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq, hokimlar va mahalliy Kengashlarning vakolatlari bir-biridan ajratildi. Davlat hokimiyati xalqqa yanada yaqinlashdi, xalq hokimiyatchiligining asoslari mustahkamlandi. Xalq deputatlari Kengashlari hozir eng muhim masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishda ko‘plab vakolatlarga ega bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, chin ma’noda «Xalq uyi» sifatida namunali Kengashga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratildi.
Natijada mahalliy davlat boshqaruvini demokratlashtirish, hududlar taqdiri bilan bog‘liq qarorlarni bir kishi emas, ko‘pchilikning fikri bilan qabul qilish bo‘yicha ancha natijalarga erishildi. Deputatlarning faolligi oshib, joylarda jamoatchilik nazorati kuchaymoqda, hududlarda yechimini kutayotgan muammolar birin-ketin bartaraf etilmoqda. Sessiyalar ham ancha jonlanib, o‘zgacha ruhda, yangicha siyosiy faollik va ishchanlik ko‘rinishida o‘tmoqda.
Munozara maydoni
Sessiyalar majlisi nafaqat xalq deputatlari Kengashlari qarori qabul qilinadigan siyosiy yig‘ilish, balki muhim munozaralar maydoni hisoblanadi. Hududga tegishli xalq dardiga aylangan muhim masalalar deputatlar muhokamasiga qo‘yiladi. Sessiyaga kiritiladigan masalalar bir necha kun oldin aytilgani
bois deputatlarimiz shu mavzu doirasida tegishli ma’lumotlarga ega bo‘lgan holda kelishi talab etiladi. Ular o‘z fikrini bildirib, yangi-yangi g‘oyalar, takliflar aytishadi.
Bu tabiiy hol, albatta. Xalq vakili hisoblangan deputat har bir masala yuzasidan o‘z nuqtai nazariga ega holda sessiyada ishtirok etishi kerak.
Hududlardagi haqiqiy holatga nazar tashlasak, bugun sessiyalar ancha munozarali, savol-javoblarga boy va qizg‘in kechmoqda. Muhokama etilayotgan masala tegishli doimiy komissiyalar tomonidan avvaldan tayyorlanib, deputatlar ushbu masala yuzasidan yetarli darajada tushunchaga ega bo‘lgani uchun sessiyada jonli muloqot, xolis bahs-munozaralar avj olmoqda. Yaxshi-da, bu joylarda kuchli Kengashlar shakllanayotgani, deputatlarning salohiyati, mas’uliyati oshayotganiga ishora.
Natija bormi?
Olimjon BABAYEV,
O‘zXDP Bo‘stonliq tuman kengashi raisi, xalq deputatlari tuman Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi rahbari:
– Xalq deputatlari tuman Kengashida partiyamizning 5 nafar deputati bor. Bir narsani ishonch bilan ayta olaman, partiya guruhimizning xalq orasida ham, deputatlar orasida ham obro‘si yaxshi. Partiya guruhimiz tuman Kengashi doimiy komissiyalari, hokimlik va ijroiya organlar oldida o‘z so‘ziga va mustahkam pozitsiyasiga ega. Birorta sessiya yo‘qki, unda partiya guruhi tomonidan dolzarb masalalar kiritilmagan bo‘lsa.
Yuborayotgan deputatlik so‘rovlarimiz javobsiz qolmaydi. Aholi bilan uchrashuvlardayam eng ko‘p murojaatlar bizga bildiriladi. Chunki ko‘tarilgan masalalar hal etilgach, natijasi yetkaziladi, odamlar o‘zgarishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi.
Sessiyalarda biror jo‘yali taklifimiz inobatga olinmasdan qolsa, tortishishga, fikrimizning asosli ekanini isbotlashga to‘g‘ri keladi. Ba’zida taklifimizni yaxshiroq o‘rganib, qabul qilinishini kotibiyatdan qattiq talab qilamiz va maqsadimizni oxiriga yetkazamiz.
Yaqinda «Bo‘stonliq tumanida onkologik kasalliklarni erta aniqlash va o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi masalani o‘rganib, xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida muhokama qildik.
Nazorat-tahlil natijalaridan ma’lum bo‘ldiki, tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufida 320 o‘rinli markaziy shifoxona, 1150 qatnovli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 690 qatnovli 5 ta oilaviy poliklinika, 470 qatnovli 9 ta oilaviy shifokorlik punkti, jami 70 o‘rinli 12 ta mahalla tayanch punktlari aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Birlamchi tizimda aholiga onkologik yordamni yanada sifatli tashkil etishni yo‘lga qo‘yish, kasalliklarni erta aniqlash va profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli oilaviy poliklinikada onkonazorat xonasi tashkil etilgan.
Lekin onkonazorat xonasiga alohida shtat birligi ajratilmaganligi sababli, o‘rindoshlik asosida jarroh mutaxassisiga onkolog va poliklinika ginekologiga onkoginekolog vazifasi yuklatilgan. Xona kompyuterlashgan dasturga ulangan hamda skriningdan o‘tgan va o‘sma kasalliklari aniqlangan bemorlarning elektron bazasi shakllantirilib borilmoqda.
Bemorlarda nur va kimyoterapiya muolajalari respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Toshkent viloyati filialida amalga oshirilishi bois kimyoterapiya yoki aniqlashtiruvchi vositalar bilan ta’minlanmagan.
Markazning Toshkent viloyati filiali mobil mammografiya komplekslari tomonidan 2024 yilda Bo‘stonliq tumanida ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvlarda 24 818 nafar ayolning 37 nafarida kasallikka moyillik aniqlangan. O‘tkazilgan chuqurlashtirilgan immunogistoximiya va gastrofibroskopiya tekshiruvlarida mazkur ayollarning 31 nafarida (shundan 21 nafarida erta bosqichda) onkologik kasallik borligi ma’lum bo‘lgan.
Sessiyada kasallik yildan yilga yosharib, o‘tgan uch yil davrga nisbatan 35 foizgacha o‘sganligi qayd etildi.
Qabul qilingan sessiya qarorida mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga tibbiyot muassasalarini zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, onkologik bemorlarga ambulator sharoitda davolanishida zarur bo‘ladigan, biroq reyestrda ko‘rsatilmagan dorilarni reyestrga qo‘shish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Onkonazorat xonasini mutaxassis shifokor bilan ta’minlash bo‘yicha viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlarni tashkillashtirish tavsiya etildi. Shuningdek, tumandagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaning onkonazorat xonasi hamda laboratoriyasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yuzasidan takliflar ishlab chiqib, tuman hokimiga kiritish bo‘yicha mutasaddilarga muhim vazifalar yuklatildi.
Xalq deputatlari Bo‘stonliq tumani Kengashining barcha deputatlariga o‘zlarining saylov okruglari hududlaridagi tibbiyot muassasalarida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati, zaruriy uskuna va vositalar bilan ta’minlanish holatlarini o‘rganish, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha xalq deputatlari tuman Kengashiga axborot kiritib borishi tavsiya etildi.
Albatta, sessiya qaroriga erishish bu yo‘ldagi ilk natija bo‘lsa, uning ijrosini ta’minlash muhim va asosiy jarayon sanaladi. Bunda esa biz deputatlar faollik va ziyraklikni boy bermay, nazorat o‘rnatishimiz zarur.
Samandar BOBONIYAZOV,
O‘zXDP Xorazm viloyat kengashi mas’ul xodimi:
– Partiya guruhimiz tuman Kengashi bilan hamkorlikda bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Har oy yig‘ilishib, elektorat, saylovchilar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqamiz. Bu jarayonda muammolarni o‘rganib, sessiya muhokamasiga qo‘yish vazifasi ham yuklatiladi. Shu tariqa kamchiliklar bartaraf etib kelinmoqda.
Deputatlik guruhimiz har chorakda rejadagi masallarni doimiy komissiyalarda ko‘rib chiqayapti va sessiya kun tartibiga kiritib, qaror qabul qilinishiga erishmoqda.
Masalan, yaqinda xalq deputatlari Hazorasp tuman Kengashining o‘n ikkinchi sessiyasida tuman tibbiyot birlashmasi bo‘limi boshlig‘i O.Satibaldiyevning hisoboti hamda tuman iqtisodiyot va moliya bo‘lim boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.Xo‘janiyozovlarning axborotlari tinglandi.
Sessiyada sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida onalar va bolalar o‘rtasida kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va sog‘lom farzand tug‘ilishi, rivojlanishi va tarbiyasi masalalari bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirishni targ‘ib qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bilan bog‘liq bir qator takliflar o‘rtaga tashlandi.
Bolalar, homilador va emizikli ayollarni vitamin va minerallar bilan bepul ta’minlash hamda skrining tadbirlari orqali kasalliklarning samarali profilaktikasini olib borish masalasini qizg‘in muhokama qildik.
Shuningdek, onalar va bolalar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatadigan obyektlarni rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalasi o‘rtaga tashlandi. Diagnostika va yuqori texnologiya hamda innovatsion usullarni amaliyotga joriy etish, soha xodimlarining ilmiy salohiyatini muntazam oshirib borishga erishishga e’tibor berish kerakligi ta’kidlandi.
Ushbu muhim vazifalar sessiya qarorida o‘z aksini topdi. Bundan tashqari, tumanda birlamchi tibbiyot muassasalari ishlarini tubdan yaxshilash, shu maqsadlarda ularni malakali xodimlar bilan ta’minlash, zarur dori vositalarini yetarli ravishda yetkazib berish bo‘yicha mutasaddilarga vazifalar yuklatildi. Tuman aholisiga malakali tibbiy xizmatni ko‘rsatish maqsadida sohaga zarur bo‘lgan tibbiy xodimlarni jalb qilish yuzasidan tibbiyot oliygohlari bilan doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Qaror arxiv uchun emas...
Albatta, bitta maqolada xalq deputatlari mahalliy Kengashlar sessiyalariga deputatlarimiz tashabbusi bilan kiritilayotgan hamma masala haqida batafsil ma’lumot berishning imkoni yo‘q. Biz ularning ayrimlari haqida misol keltirdik.
Chindan ham, bugun sessiyalar tom ma’noda xalq manfaatini himoya qilishga qodir minbarga aylanib ulgurdi. Yuqorida partiyamiz faollarining, deputatlarning fikrlaridan ham ayon bo‘ldiki, mahalliy Kengashlar sessiyalari «bir kun bo‘ladi-da» qabilida xotirjam yashab kelayotgan ayrim «uyquchilar»ni uyg‘otib, sergaklantirishga xizmat qilyapti. Sessiya yig‘ilishlarida bir qancha masalalar bo‘yicha hisobotlar tinglanmoqda, qarorlar muhokama uchun taqdim etilmoqda. Munozaralar qizigandan qiziyapti, keskin savol-javoblar bo‘lyapti. Yaxshi takliflar va fikrlar ham paydo bo‘lib qoladi.
Biror-bir masalani o‘rganib, uni doimiy komissiya va sessiya muhokamasiga olib chiqish oson jarayon emas, aslida. Ishchi guruhlar hududlardagi aholini o‘ylantirayotgan muammolarni o‘rganadi, ijtimoiy masalalarni tahlil qiladi, ma’lumotlar va takliflarni sessiyalarga taqdim etadi. Bir so‘z bilan aytganda, hududlardagi masalalar ko‘p jihatdan ularning faoliyatiga bog‘liq. Qachonki, har bir hudud va sohadagi real manzara, asl holat o‘rganilib, muammo yuzaga chiqsagina mutasaddi tashkilotlarning mas’uliyati, hisobdorligi ham oshadi.
Shu ma’noda, majlis o‘tkazib, qog‘oz to‘ldirish bilan sessiya o‘tgan, deputatlar vazifasini bajarib qo‘ygan hisoblanmaydi. Aksincha, hammasi qaror qabul qilingach boshlanadi. Chunki muammoning yechimi qarorning ijrosiga bog‘liq. O‘rganishlar natijasi esa nazorat tadbirlariga qarab samarali yoki samarasiz bo‘ladi.
Xo‘sh, partiya faollari, deputatlik guruhi a’zolari o‘rgangan masala yuzasidan qabul qilingan qarorlar ijrosiga yana bir bor qaytdimi? Umuman qarorlar ijro etiladimi? Ularning ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish masalalari qanday? Mana, qayerda bizning «nozik» joyimiz.
To‘g‘ri, sessiyalar o‘tib turibdi, har bir hududda qarorlar qabul qilinmoqda. Qarorlar arxiv uchun emas, odamlar, jamiyat uchun. Ular qog‘ozlarda qolib ketmasligi lozim. Odamlar o‘zining hududida qanday qarorlar qabul qilinib, ularning ijrosi shahar va qishloqlarda qanday natija ko‘rsatayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi kerak.
Shohruh O‘KTAMOV,
O‘zXDP Farg‘ona viloyat kengashi raisi:
– Deputatlik guruhlarimiz sessiyaga masala kiritishdan oldin nazorat-tahlil ishlarini olib borishadi. Masala joyiga chiqib o‘rganiladi, shu bo‘yicha qanday murojaatlar bo‘lgani ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, monitoring davomida hududlarda ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurib, har bir xonadon, har bir oilaga kirib boriladi, saylovchilarning e’tirozlari, takliflari eshitiladi.
Hozir yaxshi bir tajribaga tayanib ish ko‘ryapmiz. «Kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal», deyishadi-ku. Shu ma’noda joylardagi muammolar haqida kimdir murojaat qilib kelishini kutib o‘tirmayapmiz. O‘zimiz odamlar orasiga, xalq ichiga kirib boryapmiz. Ular duch kelayotgan muammolarni erta aniqlab, hal qilish ko‘zlangan bosh maqsad hisoblanadi.
Tashkilotlar rahbarlari hisobotlarini eshitamiz, hududdagi muammoli masalalarni o‘rganamiz, ular asosida sessiyalarga masalalar taqdim etamiz.
Bugungi kunda xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlarida 115 nafar deputatimiz bor. Yutuqlarda ham, to‘g‘risini aytganda, kamchiliklarda ham mahalliy Kengashlar deputatlarining ozmi-ko‘pmi hissasi bo‘lyapti.
Joriy yilning birinchi choragida partiya guruhlarimiz tomonidan 23 ta masala partiya guruhlarida, 23 ta masala doimiy komissiya yig‘ilishlarida va 22 ta masala sessiyalar kun tartibiga kiritilib, muhokama etildi. Sessiyalarda aholi sog‘ligini muhofaza qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarish, biznesni rivojlantirish sohalaridagi muammolar muhokama etildi.
Asosiysi, sessiyaga masala tayyorlash davomida deputatlar joylardagi real vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, odamlar bilan yuzlashmoqda. Shuning uchun ular mahalliy Kengashlarda ko‘rilayotgan masalaning ipidan ignasigacha biladi, qog‘ozdagi ma’lumot bilan uni aldab ham bo‘lmaydi. Saylovchilarga quloq tutish, ular bilan yelkama-yelka turishda gap ko‘p.
Ammo faqat sessiyalarda hisobot berish, qaror qabul qilish bilan ish bitmaydi. Albatta, ularning ijrosi nazoratga olinishi, bir masalaning yechimi uchun oxirigacha kurashish kerak bo‘ladi.
Shuning uchun biz sessiya qarorlari ijrosi bo‘yicha alohida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqqanmiz. Har chorakda aynan shu masalani muhokama markaziga qo‘yib yig‘ilish o‘tkazamiz, sessiyalarda qabul qilingan qarorlar ijrosini ko‘rib chiqamiz.
Robiya KAZIMOVA,
xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi rahbari:
– Har bir sessiyada doimiy ishtirok etaman. Ular davomida tashkilot rahbarlarining hisobotlari eshitiladi, savollar beriladi. Bugungi kunda deputatlar oldingi yillardagiday faqat qo‘l ko‘tarib tasdiqlovchi emas. Ular faol, tashabbuskor, masalalarga jiddiy yondashadi. Aytish joizki, hozirgi sessiyalar oldingilaridan ancha farqli. Mas’ullardan javob so‘raladi, natija talab qilinadi.
Deputatlar aholi tashvishlarini yengillashtirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun harakat qilmoqda. Men ham deputat sifatida xalqqa nafim tegsa, bundan mamnunman. Joriy yilning o‘tgan choragi davomida deputatlik guruhimiz tomonidan bir qator masalalar yuzasidan deputatlik nazorati olib borildi va sessiya muhokamasiga olib chiqildi. Bular o‘z natijasini berdi.
Jumladan, ta’lim sohasi misolida olib qaraydigan bo‘lsak, maktablarda bolalarning darsga qatnashish ko‘rsatkichi yaxshilandi. Ma’naviy muhitni qaror toptirishga jiddiy e’tibor qaratildi. Hujjatlar yuritishda tizimlilik ta’minlandi. Psixologik ishlar faollashtirildi. Maktab formasi va axloqiy intizom ustidan nazorat kuchaytirildi. Ovqatlanish tizimi yaxshilandi va elektron platformalardan to‘liq foydalanishga e’tibor qaratildi.
Eng muhimi, rahbar va o‘qituvchilarning shaxsiy javobgarligi oshirilib, intizom va mas’uliyat kuchaytirildi. Bu orqali yosh avlodga sifatli ta’lim berish imkoniyati kengayadi.
Tibbiyot sohasida esa infratuzilmani yaxshilash, tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish va xususiy sektorni rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Bu o‘zgarishlar sog‘lom jamiyatni shakllantirish, profilaktik choralarni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
To‘g‘ri, hozirda ijro hokimiyati rahbarlari deputatlarning so‘rovlarini to‘g‘ri qabul qilmoqda. Biroq ba’zi yosh rahbarlar deputatning maqomi va vakolatini to‘liq tushunib yetmagan. «Nega hisob beraman?», «Deputatga javob berish shartmi?», kabi savollar ham uchrayapti. Shu boisdan, ijro organlari rahbarlari uchun deputatlik maqomi va nazorati haqidagi tushunchalarni shakllantirish maqsadida maxsus seminarlar tashkil etish zarur.
Maqsad — hisobot so‘rash emas, balki qonunlar ijrosini ta’minlash va aholi muammolarini hal etishdir. Demak, hamkorlik, anglashuv va mas’uliyat — umumiy taraqqiyotning asosidir.
***
Guvohi bo‘ldikki, bugun deputatlarimiz sessiya kayfiyatidan qoniqyapti, saylovchilar manfaatlariga aloqador masalalarda mutasaddi tashkilotlarga yuzlanyapti. Bunday o‘sish, o‘zgarish yaxshi, albatta. Shunga yarasha vazifalar, topshiriqlarning tuman, kichikroq shahar darajasidagi ijrosi juda muhim, ayniqsa, odamlarning kundalik turmushi, kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan masala. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalari muhokama, munozara, haqqoniy bahs maydoniga aylansa, shunda hududlar yanada taraqqiy etadi.
Laziza SHEROVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 30.4.2025, №17