O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar va Olmazor tuman kengashi mas’ullari ishtirokida «Deputat mahallada» loyihasi doirasida o‘rganishlar olib borildi, deb xabar qilmoqda Toshkent shahar partiya kengashi axborot xizmati. Xususan, Olmazor tumanining «Hastimom» va «Shodiyona» mahallalarida bo‘lib, aholi turmush sharoiti, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni o‘rgandi.
Tadbir davomida tuman deputati Sayyora Yahyoyeva tashabbusi bilan hunarmandlar faoliyat yuritadigan ta’mirtalab xonadonlar milliy an’analar asosida ta’mirlandi.
Shuningdek, «Ohunguzar» ko‘chasida istiqomat qiluvchi Shahnoza G‘oipovaga deputat tashabbusi va homiylar ko‘magida o‘z oilaviy tadbirkorligini boshlashi uchun gaz plitasi hamda tikuv mashinasi taqdim etildi. Lutfi Ilhomovaga esa xonadonda o‘z faoliyatini boshlash va turmush sharoitini yaxshilashi uchun tikuv mashinasi, televizor hamda elektr pech topshirildi. Bu kabi amaliy yordamlar nafaqat moddiy ko‘mak, balki insonlarga ishonch va yangi hayot uchun rag‘bat baxsh etadi.