Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda «Suv to‘ldirib, cho‘milsa bo‘ladigan yo‘llar» sarlavhali video-xabar tarqalgan edi. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston XDP Buxoro viloyat kengashi raisi Z.To‘yyeva boshchiligidagi ishchi guruh masalani o‘rgandi, deb xabar qiladi viloyat axborot xizmati mas’ullari.
Ma’lum bo‘ldiki, mazkur holat Buxoro tumanidagi To‘tixushk qishlog‘idan «Dexchabegi» qishlog‘iga olib o‘tuvchi yo‘lda kuzatilgan. Ushbu yo‘l avval ta’mirlanmagan bo‘lib, 4K-178 raqamli mahalliy ahamiyatga ega yo‘lning qo‘shimcha tarmog‘i hisoblanadi.
Shuningdek, yo‘l qishloq chetidan o‘tgan bo‘lib, undan aholi hamda maktab o‘quvchilari doimiy foydalanmasligi aniqlandi. Qolaversa, yo‘l to‘liq ta’mirlanishi rejalashtirilgan va buning uchun harakatlar boshlangan.