Yakkasaroy tumanidagi “Bog‘saroy” mahalla fuqarolar yig‘inida tuman Kengashidagi partiya guruhi a’zolari va partiya vakillarining navbatdagi manzilli amaliy o‘rganishi tashkil etildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi axborot xizmati. Unda shahar partiya kengashi mas’ullari, Yakkasaroy tuman kengashi raisi Sh.Sharipova, deputat B.Xallaqov va faollar ishtirok etdi.
Xabarda ta’kidlanishicha, amaliy tadbir davomida mahallada yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan fuqarolar, kam ta’minlangan oilalar va keksa yoshdagi fuqarolar holidan xabar olindi. Har bir oila bilan alohida muloqot qilinib, ularning kundalik hayotdagi muammolari, ijtimoiy himoya tizimidan foydalanishdagi ehtiyojlari atroflicha o‘rganildi.
Bu jarayonda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining “inson manfaatlari hamisha ustuvor” tamoyiliga sodiq qolgan holda, ijtimoiy tenglik va adolatni ta’minlashga qaratilgan amaliy choralar belgilab olindi. Xususan, oila a’zolarining bandligini ta’minlash, moddiy yordamlar ajratish, bolalar ta’limi va salomatligini ta’minlash, mavjud infratuzilma muammolarini hal etish borasida aniq taklif va rejalar ishlab chiqildi.
Shuningdek, muammolarni joyida hal qilish, mahalla resurslaridan oqilona foydalanish va mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida muntazam monitoringni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur manzilli tadbir partiyaning joylarda xalq bilan bevosita muloqot orqali ijtimoiy himoya siyosatini yanada kuchaytirish, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi izchil harakatlarining yana bir amaliy ko‘rinishi bo‘ldi, deya izohladi Toshkent shahar partiya kengashi faollari.