O‘zbekiston XDP ushbu masalani o‘rgandi va muhokama qildi
Farmatsevtika sohasini rivojlantirish, tizimdagi muammoli masalalarni hal qilish bo‘yicha keyingi yillarda muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. “Reklama to‘g‘risida”gi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarda me’yorlar aniq belgilangan.
Bugungi kunda dori vositalariga oid reklamalarning ko‘payishi qonun talablariga rioya qilish zaruratini oshirdi. Agar qonunga amal qilinmasa, dori vositalari aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib qo‘yishi mumkin. Ayniqsa, shifokor tavsiyasisiz, turli targ‘ibot va reklamalarga ishonib, dori vositalarini sotib olish va iste’mol qilishga moyillik kuchayib borayotgan paytda bu juda dolzarb masalaga aylandi.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Toshkent va Farg‘ona viloyat Kengashlaridagi deputatlari “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan dori vositalarining reklamasiga oid talablarga rioya etilish masalasida nazorat-tahlil tadbirlarini o‘tkazdi.
Partiya Markaziy Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, mutaxassislar va jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘rganishlar natijalari “Jamoatchilik eshituvi” tartibida muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda dori vositalari reklamasi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi. Qonunchilikka ko‘ra, farmatsevtika korxonalari o‘z reklama kampaniyalarini ikki yo‘nalishda amalga oshiradi. Mazkur Qonunning 18-moddasiga binoan retsept bo‘yicha beriladigan dori vositalarining reklama qilinishiga, ularning ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, internetda yoki tashqarida reklamasiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Biroq o‘rganishlar jarayonida, ushbu cheklovlarga jiddiy rioya qilinmayotgani aniqlangan. Xususan, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Yashnobod va Yangihayot tumanlaridagi ayrim dorixonalarda retseptsiz sotilishi mumkin bo‘lmagan vositalar haqida keng ko‘lamli tavsiyalar berilgan, ayrim hollarda xodimlar tomonidan og‘zaki reklama bilan fuqarolarni ishontirishga urinishlar kuzatilgan.
Shu bilan birga, dorixona vitrinalarida “eng yaxshi vosita”, “shoshilmang – sog‘ligingizni saqlang!”, “ingliz sifatida ishlab chiqarilgan”, “ko‘pchilik tanlovi” kabi bayonotlar bilan tayyorlangan vizual reklamalar faol tarzda qo‘llanilmoqda. Vaholanki, bunday bayonotlar fuqaro psixologiyasiga ta’sir ko‘rsatishi, ya’ni manipulyativ marketingning shakli sifatida qonunning 6-moddasida ta’kidlangan “yolg‘on, oshirib ko‘rsatuvchi va asoslanmagan ma’lumot” sifatida baholanishi mumkin.
Muhokamada so‘zga chiqqanlar tahliliy ma’lumotlar dori vositalarining reklamasi tartibi, sotuvi borasidagi huquqiy asoslar aniq hamda qat’iy belgilangan bo‘lsa-da, ularning ijrosini amalda to‘liq ta’minlash uchun jamoaviy va tizimli harakat zarurligini ta’kidlashdi.
Bu boradagi har qanday nazorat va tahlil ishlari, avvalo, fuqarolarning sog‘ligi, hayoti hamda xavfsizligini ta’minlashga qaratilgani qayd etildi. Shundan kelib chiqib, joylardagi o‘rganishlar doimiy ravishda davom etishiga urg‘u berildi.
Muhokamalar yakuni bo‘yicha mutasaddi vazirlik-idoralar uchun birgalikda taklif-tavsiyalar ishlab chiqish, barcha hududlarda partiya faollari, deputatlar ham aholining keng vakillari ishtirokida deputatlik va jamoatchilik nazorati tadbirlarini kuchaytirishga kelishib olindi.