
Yuksak darajadagi anjumanning mamlakatimizda o‘tkazilayotganining o‘ziga yarasha sabablari bor. Eng avvalo, keyingi sakkiz yilda O‘zbekiston ochiq, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosatni amalga oshirib, nafaqat qo‘shni davlatlar, balki xalqaro hamjamiyat bilan ham yaqin muloqot o‘rnatdi.
Mamlakatimiz parlamenti so‘nggi yillarda turli davlatlar parlamentlari bilan aloqalarni kuchaytirib, yangi qonunchilik tashabbuslari va demokratik institutlarni mustahkamlash yo‘nalishida katta qadamlar qo‘ymoqda. Qolaversa, xalqaro tadbirlarni har tomonlama yuqori saviyada o‘tkazishda O‘zbekiston yaxshi tajriba to‘pladi.
Shu bois, Parlamentlararo Assambleya o‘zining nufuzli yig‘inini aynan Toshkentda o‘tkazishni maqsad qilgan, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Bu nafaqat yurtimizga bildirilgan ishonch, balki O‘zbekistonning xalqaro maydonda tobora muhim o‘rin egallayotganidan dalolatdir.
Aytib o‘tish kerakki, bunday keng ko‘lamli tadbirni o‘tkazishdan oldin Parlamentlararo Ittifoq vakillari kelib, barcha sharoitlarni o‘rgandi. Eng muhimi, anjuman o‘tadigan mamlakatda erkin va demokratik muhit uchun xavfsiz sharoitlar yaratilgan bo‘lishi lozim. Shu nuqtayi nazardan, tinchlik barqaror O‘zbekiston har tomonlama munosib manzil sifatida tanlandi. Bu mamlakatimizda davlat rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, demokratik jarayonlarni rivojlantirishdagi sa’y-harakatlar yuksak baholanayotganini ham ko‘rsatadi.
Assambleyaning yana bir muhim jihati shuki, ushbu yirik tadbir mamlakatimiz uchun bir nechta strategik imkoniyatlarni taqdim etadi. Ayni vaqtda anjuman doirasida ko‘plab ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar, jumladan, nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy muloqotlar o‘tkazilmoqda. Bu mamlakatimizning investitsiyaviy muhiti va iqtisodiy islohotlarini xalqaro arenada keng targ‘ib qilish imkonini beradi.
Assambleyaning turkum yig‘ilishlarida qator dolzarb masalalar, xususan, mehnat bozorida teng imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish va kambag‘allikning asl sabablari bilan kurashish choralari muhokama markazida bo‘ladi. Aholini ijtimoiy himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish masalasi ham atroflicha muhokama qilinadi.
“Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusi parlamentlarga endi faqat qonun qabul qiluvchi emas, balki ijtimoiy o‘zgarishlarni amalga oshiruvchi, kambag‘allikni qisqartirish, teng imkoniyatlar yaratish, inson qadrini ulug‘lashda tashabbuskor siyosiy subyekt sifatida qaralishi kerakligini ta’kidlaydi.
Tan olish kerakki, bugun dunyoda korrupsiya, sud tizimidagi muammolar va huquqbuzarliklarga nisbatan jazo tizimining zaifligi taraqqiyotga to‘siq bo‘lmoqda. Shundan kelib chiqib, anjumanda adolatli sud tizimini shakllantirish, davlat boshqaruvida shaffoflikni ta’minlash va fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha xalqaro tajribalar o‘rganiladi. Parlamentlararo uchrashuvda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro mexanizmlar va ularning amaliy samarasi ham muhokama qilinadi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz orqali parlamentimiz palatalarining birgalikdagi hamda alohida vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Parlamentlararo Ittifoqning asosiy vazifalaridan biri ham aynan parlament demokratiyasini rivojlantirish sanaladi. Shu bois ushbu tashkilot bilan hamkorlik aloqalarining kengayishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohangdir.
Qolaversa, Assambleya doirasida O‘zbekistondagi saylov tizimi, qonunchilik faoliyati, fuqarolarning ishtiroki kabi mavzular muhokama qilinishi va xalqaro standartlarga mos ravishda yanada takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilishi mumkin. Bu tashkilot nafaqat parlamentlar o‘rtasida muloqot va hamkorlik uchun samarali maydon, balki inson huquqlari, gender tenglik, iqlim o‘zgarishi, yoshlar masalalari kabi global muammolarga parlamentlar orqali yechim topishga qaratilgan muhim siyosiy platforma hamdir.
Imomnazar TURSUNOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.