Inson qadri dunyo parlamentariylari nigohida
Inson qadri dunyo parlamentariylari nigohida

 

Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasida ijtimoiy masalalar bosh mavzular qatorida ko‘rilishi belgilangan. Bu o‘z-o‘zidan butun dunyo parlamentariylarining nigohini mamlakatimizda inson qadrini oshirishga yo‘naltirilgan islohotlarga qaratishi tabiiy.

Darhaqiqat, parlamentlarga endi dunyoda ham qonun qabul qilish orqali ijtimoiy muammolarni hal etish, kambag‘allikni qisqartirish, barcha uchun teng imkoniyatlar yaratish, inson qadrini ulug‘lashda tashabbuskor siyosiy sub’yekt sifatida qaralayapti. Xalqaro tadbir kun tartibida tinchlik va xavfsizlik, inson huquqi, iqlim o‘zgarishi, yoshlar va ayollar faolligi, qurolli mojarolarning ijtimoiy hayotga ta’siri, BMT bilan hamkorlik kabi dolzarb yo‘nalishlar qamrab olingan.

Xususan, bugungi dunyo siyosatida qurolli nizolar, ziddiyatlar va zo‘ravonlik avj olayotgan holatlarning aksariyati aynan qo‘shni davlatlar o‘rtasida yuz bermoqda. Shu o‘rinda, jumladan, parlament diplomatiyasi doirasida Markaziy Osiyo bunday holatlardan xoli bo‘lib qolayotganligini ta’kidlash lozim.

Albatta, turli davrlarda to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan, chegara masalalari, suv-energetika muammolari, transport va aloqa sohasidagi murakkabliklar, xavfsizlikka oid tahdidlar vaziyatni og‘irlashtirgan. Lekin mintaqa davlatlari liderlarining siyosiy irodasi va parlamentariylarining izchil munosabatlari natijasida Markaziy Osiyoda ijtimoiy yo‘naltirilgan konstruktiv, yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan va o‘zaro manfaatli munosabatlarni bosqichma-bosqich barpo etilmoqda. Bu yondashuvning zamirida o‘zaro ishonch va hurmat, umumiy manfaatlarni hisobga olish va tan olish yotadi.

Butun dunyo parlamentariylarini qamrab olgan mazkur anjumanda yoshlarning forumlari, ayol deputatlarning uchrashuvlari, sun’iy intellekt masalalari, bolalar huquqi va iqlim masalalari bo‘yicha ham alohida-alohida tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ishtirokchilar global muammolarni hal etishda parlamentlar rolini kuchaytirish bo‘yicha ilg‘or tajribani almashish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Anjuman samarali muloqot va muhim qarorlar qabul qilish uchun qulay maydon bo‘lib xizmat qiladi. Chunki Parlamentlararo Ittifoq dunyoning 181 mamlakatini qamrab olgan. Bunday qamrovi keng muqobil tuzilmalar o‘zi dunyoda uncha ko‘p emas.

Hozirgi murakkab zamonda ijtimoiy adolat, tenglik va barqaror taraqqiyotga erishish har bir davlat, jamiyat uchun muhim vazifaga aylandi. Shu ma’noda, Parlamentlararo Ittifoqning Markaziy Osiyo tarixida ilk bor Toshkent shahrida o‘tayotgan 150-yubiley assambleyasi O‘zbekiston uchun muhim siyosiy-ijtimoiy voqelik sanaladi. Bu mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy isloh etish dasturlarining samarasini keng xalqaro jamoatchilikka yetkazish uchun ham qulay maydon va imkoniyatdir.

Mamlakatimiz so‘ngi yillarda ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlash borasida ulkan yutuqlarga erishdi. Jumladan, 102 turdagi ijtimoiy xizmat mahalla darajasiga tushirildi. Natijada nogironligi bor bolalar uchun muntazam parvarishlash xizmati yo‘lga qo‘yilib, ko‘plab ota-onalarning ishlashiga sharoit yaratildi. Harakatlana olmaydigan 4000 nafar yolg‘iz keksaga o‘z uyida ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Mahallalarda 95 ming muhtoj odamga ijtimoiy xodim orqali yordam berildi. 51 ming kishiga nogironlik belgilandi va imkoniyati cheklangan 5000 bola bog‘cha-maktabga joylashtirildi.

Mamlakatning har bir fuqarosi e’tiborda ekani ijtimoiy tenglik va ijtimoiy adolat tamoyili amalga oshirilayotgan islohotlarda hayotiy tasdig‘ini topmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlar huquqi va manfaatini to‘liq ta’minlash, qadr-qimmatini ulug‘lash davlat siyosatida yetakchi masalaga aylandi.

Mazkur xalqaro anjumanning mamlakatimizda o‘tishi jahon parlamentarizmi tarixidagi muhim bosqich – inson qadrini ustuvor qo‘yadigan yangi siyosiy yo‘l ushbu zamindan boshlanayotganini yana bir bor ta’kidlaydi.

 

Odiljon IMINOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat,

sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari,

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish