Dunyo parlamentlari birlashadi
Dunyo parlamentlari birlashadi

 

Dunyo tarixida parlamentlar har doim insonlarning turmush tarzini yaxshilash, aholining ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy farovonligini ta’minlash kabi ustuvor vazifalarni bajaruvchi muhim vakillik instituti bo‘lib kelgan. Tarixiy tajribadan ma’lumki, ijtimoiy masalalarni samarali hal qila olgan boshqaruvga ega jamiyat va davlatlar har doim barqarorlikka erishgan.

Bugun Toshkent tom ma’noda dunyo parlamentariylarining asosiy va muhim uchrashuv nuqtasiga aylandi. “Ko‘pning kuchi ko‘lday, ko‘chib yurgan yelday”, deb bejizga aytmagan dono xalqimiz. “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida o‘tkazilayotgan assambleyada 190 ta mamlakat, 15 ta kuzatuvchi davlat hamda 25 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda. Assambleya davomida ishtirokchilar adolat va ijtimoiy taraqqiyot mavzularini jamlab, ular qanday uyg‘unlashishi mumkinligini muhokama qilmoqda.

Dunyo parlamentlari vakillari dunyodagi muammolar, ayniqsa, ijtimoiy muammolarni hal qilish borasida yagona mexanizm va yondashuvni muhokama qilishni aynan 150-yubiley yig‘ilishi doirasida o‘tkazishni kelishib oldilar. Bu o‘rinda aholi daromadlarini oshirish, inson huquqlarini himoya qilishning yangi mexanizmlarini shakllantirish, ayollar va yosh bolalar huquq-erkinliklarini ta’minlashning aniq chora-tadbirlarini ishlab chiqish, nogironligi bor shaxslarning erkin va to‘siqsiz harakatlanishi, jamiyatda inklyuziv imkoniyatlarni kuchaytirish kabi masalalarda tajriba almashishni o‘z oldiga maqsad qilib olishdi.

Shu bilan birga, Assambleya doirasida ijtimoiy taraqqiyotga erishishda, adolatli jamiyatni barpo etishda parlamentlar ishtirokni kengaytirish va faolligini oshirishga qaratilgan 70 ga yaqin turli tadbirlar va debatlar tashkil etilishi masalaning qanchalik muhimligini ko‘rsatib beruvchi indikatorlardan biridir.

Assambleya davomida qabul qilinadigan Parlamentlararo Ittifoqning alohida rezolutsiyalari, shuningdek, Toshkent deklaratsiyasi kabi hujjatlar parlamentariylarning ijtimoiy muammolarni hal qilish yuzasidan umumiy yondashuvlarini belgilab beradi, shu tomondan ham Assambleya jahon siyosati tarixiga munosib qarorlar bilan kiradi.

 

G‘olib Muhammadjonov,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi mas’ul xodimi.

 

 

 

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish