
Deputat so‘rovi yuborildi
Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi «Durgadik» mahallasidan o‘tgan 4K-965 yo‘lining 0-kilometrdan 5 kilometrgacha bo‘lgan qismi ta’mirtalabligi ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Fuqarolar yo‘ldan harakatlanish qiyinchilik tug‘dirayotgani, qattiq chang-to‘zon ko‘tarilayotganidan norozi bo‘lib, shu bilan birga, «Obod mahalla» dasturiga ko‘ra yo‘lni ta’mirlashga ajratilgan mablag‘lar maqsadsiz ishlatilgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida e’tirozlar bildirmoqda.
Xorazm viloyat Kengashi deputati, O‘zXDP guruhi rahbari Rahimbergan Yusupov ichki yo‘l bilan bog‘liq holat bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘rab, Xonqa tuman hokimi U.J. Davlatovga deputatlik so‘rovi yubordi.
Unda, jumladan, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi doirasida tumanda yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha olib borilgan ishlar haqidagi ma’lumotlarni taqdim qilish ham so‘ralgan.