Parlament sog‘lom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanishi kerak
Parlament sog‘lom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanishi kerak

 

Majlisda katta hayajon, sharaf va mas’uliyat bilan ishtirok etdim. Zero, bu yilgi saylovlar butunlay yangicha tizimda o‘tgani, yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablariga uyg‘un ekani bilan tarixda qoladi. Ana shunday tarixiy sananing bevosita ishtirokchisi bo‘lish men uchun faxr ekanini mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardim.

To‘g‘risi, o‘sha kungi hayajon hali ham tark etgani yo‘q. Deputatlik maqomi ortida xalqimiz bildirgan ishonch, davlat rahbari kutayotgan natijalar, saylovchilarga berilgan va’dalar bor. Deputatlik faoliyatimni Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi a’zosi sifatida boshlayman. Bu ham hayotga yaqin bo‘lish, fikr va intilishlarga mutanosib ravishda ishlash zarurligini ko‘rsatadi.

Majlisda Prezidentimiz saylov kampaniyasi davomida ilgari surilgan va xalqimiz qo‘llab-quvvatlagan har bir taklif albatta ko‘rib chiqilishi va amalga oshirilishini ta’kidladi. Partiyamiz ilgari surgan tashabbuslarning bir nechtasiga alohida e’tibor qaratildi. Ularni hayotga tadbiq etishda nimalarga e’tibor qaratish zarurligi bo‘yicha ham takliflar bildirildi.

Kelgusi besh yilda Qonunchilik palatasi oldida g‘oyat ulkan vazifalar turibdi. Buning uchun, avvalo, parlamentni chinakam xalq uyiga, qo‘yi palatani esa g‘oyalar generatoriga, sog‘lom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylantirish talab etiladi. Buni kim qiladi? Albatta, xalq ishonch bildirgan deputatlar amalga oshirishi zarur. Demak, har birimizdan katta mehnat, mas’uliyat va shunga mos ravishda tajriba, bilim hamda tashabbus lozim. Biz deputatlar muammolarning kelib chiqish sabablarini chuqur o‘rganib, aniq yechimlarini topishimiz kerak.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, parlament qo‘mitalari vazirliklar bilan ishlashda ular bilan yaqindan hamkorlik qilishga ahamiyat bersa, ayni muddao bo‘ladi.

Oila, mahalla va butun jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalqaro maydonda O‘zbekiston manfaatlarini qat’iy himoya qilish ona yurtimizga farzandlik burchimizdir.

 

Imomnazar TURSUNOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish