Deputat vataniga sodiq, vijdonli odam bo‘lishi kerak
Deputat vataniga sodiq, vijdonli odam bo‘lishi kerak

 

Quyi palata majlisida Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda ko‘p sonli millat va elat vakillari ahil-inoqlikda yagona oila bo‘lib yashab kelayotgani, bugungi kunda ularning ham davlat va jamiyat boshqaruvidagi faolligi oshib borayotgani xususida muhim fikrlar bildirildi.

Prezidentimiz saylovlar yakunlari bo‘yicha parlament quyi palatasida kam sonli millat vakillari ulushi 12,5 foizga yetgani, bu esa juda katta inklyuzivlik va o‘zbek xalqining bag‘rikengligi namunasi bo‘layotganini alohida qayd etdi.

Darhaqiqat, yurtimiz azaldan turli millat va elat vakillari tinch-totuvlikda yashagan, turli xalqlar madaniyatlari uyg‘unlashgan makon hisoblanadi. Bugun ham mamlakatimizdagi yangilanish jarayonlarida millatlararo totuvlikni ta’minlash, jamiyatimizda ijtimoiy barqarorlik, o‘zaro mehr-oqibat, inson sha’ni, qadr-qimmatini ulug‘lashga alohida e’tibor qaratilyapti.

Hozirda yurtimizda yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillari Konstitutsiya va qonunlarimiz taqdim etgan teng huquq va imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlari va ijtimoiy sohada, ilm-fan va madaniyat yo‘nalishlarida samarali mehnat qilishmoqda. Vatanimiz ravnaqi, respublikamizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishga hissa qo‘shib kelishmoqda.

Shunday ekan, bu borada olib borilayotgan izchil islohotlar zamirida jamiyatda turli millatlar vakillari o‘rtasidagi hamjihatlikni ta’minlash, diyorimizdagi barcha millat va elat vakillarini ahil bir oilaga birlashtirish g‘oyalari ustuvor hisoblanadi.

Majlisda davlatimiz rahbari deputat vataniga sodiq, vatanini, insonlarni yaxshi ko‘radigan, vijdonli odam bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Bu biz deputatlarga kuch berib, yangi tashabbuslarga ruhlantiradi. Ana shunday katta shijoat, intiluvchanlik, yangicha yondashuv asosida ish boshlashga undovchi so‘zlar hayotim va faoliyatimda menga dasturilamal bo‘lishiga ishonaman.

 

Sayyora IMOMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish