Har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoitini yaratish, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash bo‘yicha samarali siyosatni amalga oshirishni maqsad qilgan.
Har bir shaxs, jamiyatdagi har bir qatlam manfaatlarini ko‘zlovchi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Toshkent shahri faollari ham saylovoldi targ‘ibot uchrashuvlarini poytaxtimizning har bir mahallasi, ko‘chalari, ijtimoiy obyektlari, hattoki aholi xonadonlarida olib bormoqda.
Saylovchilar bilan muloqotlarda partiyaning g‘oyalari, uning har bir insonning kundalik hayoti hamda kelajagida tutadigan o‘rni xususida so‘zlab berilmoqda.
Partiyaning yangi Saylovoldi dasturidan ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlarning narxlarini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini qat’iy o‘rnatish yuzasidan qator choralar o‘rin olgan. Xususan, kam ta’minlangan aholi qatlami uchun kundalik zarur tovar va mahsulotlarni arzon narxlarda sotish bo‘yicha ijtimoiy do‘konlar tarmog‘ini rivojlantirish, pensiya va nafaqa oluvchilarga mamlakat bo‘ylab sayohat dasturlarini tashkil etish maqsadida turoperatorlar arzon va qiziqarli takliflarni yaratishi uchun soliqlarni nol stavkasida belgilashni joriy qilish, aholi tomonidan isrofgarchilik holatlarini kamaytirish, kam ta’minlangan oilalarning qarzga botib ketishiga chek qo‘yish maqsadida to‘ylar, dafn marosimlari va boshqa oilaviy tadbirlarni o‘tkazishni qat’iy tartibga solish, ushbu tadbirlar uchun ijtimoiy me’yor belgilash takliflari ilgari surilmoqda.
Muloqotlarda saylovda faol ishtirok etish, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va uning nomzodlariga ovoz berishga chaqirilmoqda!