O‘zbekiston XDP Chiroqchi tuman kengashi tomonidan tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazida “Ayollar bandligi – oilalar farovonligi” loyihasi asosida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda tuman Kengashi deputatlari hamda markaz xodimlari hududda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, bo‘sh ish o‘rinlari va kasb-hunar egallayotganlar to‘g‘risida o‘zaro fikr almashishdi. Ma’lum bo‘lishicha, shu o‘tgan davrda markaz tomonidan yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha xalq ta’limi sohasida 235 nafar, tuman tibbiyot bo‘limiga 96 nafar va boshqa tashkilot va korxonalarga 127 nafar xotin-qizlarni ishga joylashtirishga ko‘maklashilgan.
Bundan tashqari xotin-qizlarni kasb-hunar o‘rganish o‘quv kurslariga yo‘naltirish orqali ham (tikuvchilikka 66 nafar, qandolatchini o‘rganishga 24 nafar, zardo‘zilik hunariga 12 nafar, ayollar sartaroshligiga 27 nafar) hunarli xotin-qizlar o‘zini-o‘zi band qildilar.
Tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan 2023 yilning 7 oyi davomida 7 marotaba bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, unda ishtirok etgan 49 nafar xotin-qizlardan 21 nafari doimiy ish bilan ta’minlanganligi aytib o‘tildi. Biroq bu sohada hali qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar talaygina bo‘lib, tuman Kengashi deputatlari hududlardagi muammolar bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi hamda hamkorlikda ishlar olib borilishi belgilab olindi.