Yangilanayotgan Jizzaxda islohotlar davom etmoqda
Yangilanayotgan Jizzaxda islohotlar davom etmoqda

 

Ta’lim rivojlangan joyda ma’naviyat, madaniyat, iqtisodiyot rivojlanadi. Ilgari viloyatimizda 2 ta universitet faoliyat olib borardi. Hozirgi kunda esa universitetlarning soni 3 taga ko‘paydi. Qisqa vaqt ichida ko‘zni quvontiradigan ulkan ishlar o‘z natijasini ko‘rsatdi.

“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida yana 14 loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 5 tasi joriy yilda ishga tushiriladi.

Birgina Zafaroboddagi “Xuak-sin sement” korxonasi quvvati bo‘yicha yurtimizda 3-o‘rinda turadi. Jizzax sanoat zonasidagi “Ming yuan indastri” korxonasi bezakli oyna bo‘yicha respublika ehtiyojining 90 foizini ta’minlaydi. Natijada, Jizzax sanoatida qurilish materiallari ulushi 2 barobarga oshib, 25 foizga yetdi.

Avval Jizzax viloyati sanoat ko‘rsatkichlari aholi jon boshiga eng past bo‘lgan hududlardan biri edi. Bugungi kunda har bir tumanga sanoat kirib bordi.

Davlatimiz rahbari Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida faollar va mutasaddilar bilan hududda sanoatni rivojlantirish istiqbollari va boshqa dolzarb masalalarni muhokama qildi.

Jizzaxdagi sanoat zonalari haqida so‘z yuritilar ekan, davlat rahbari mas’ullar oldiga sentabr oyida 80 million dollar investitsiya hisobiga elektromobil zavodi ishga tushirilishi vazifasini qo‘ydi. Buning uchun hozirdan o‘zimizdagi korxonalar bilan kooperatsiya asosida butlovchi qismlarni yetkazib berish dasturini boshlash kerakligini ta’kidladi.

Forish tumanidagi "Uchquloch konini tiklash bo‘yicha xorijiy investorlar bilan shartnoma imzolash, 1 maygacha burg‘ilash ishlarini boshlash kerakligi ta’kidlandi. Bunga 200 million dollar investitsiya jalb qilinadi va 600 ta ish o‘rni yaratiladi.

Hozirda viloyatning umumiy sanoat eksporti - 166 million dollarni tashkil etadi. “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida 27 ta loyiha amalga oshirilib, 5 ming 300 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Oxirgi yillarda uning faoliyati takomillashtirilib, biznesga qulaylik kengaytirildi. Hozir bu yerda ko‘p turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ular qatoriga 2022 yil oktabrda “Iruskon” qandolat korxonasi ham qo‘shildi. Davlatimiz rahbari uning ish jarayonini, mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.

Korxonada Rossiya, Turkiya, Germaniya va Italiya tajribasi asosida “Deya” brendi bilan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Yillik quvvati 12 ming tonna. 100 ga yaqin kishi ish bilan ta’minlangan. Kelgusi yil ikkinchi bosqich uchun Germaniya va Turkiyadan yana 5 million dollarlik uskunalar olib kelish rejalashtirilgan. Buning natijasida yana 550 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi.

Prezidentimiz korxonalarda mahalliylashtirish darajasini oshirib, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

O‘ylaymanki, davlat rahbarimizning bergan topshiriqlari viloyatimizdagi minglab fuqarolarimizning turmush tarzini yaxshilashda, eng muhim va dolzarb dasturilamal bo‘ladi.

 

O‘rol O‘razboyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish