Sessiya kayfiyati kechagidan farq qilmoqda, ertaga bundan-da jonli bo'ladi
Sessiya kayfiyati kechagidan farq qilmoqda, ertaga bundan-da jonli bo'ladi

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev g'oyalari asosida ishlab chiqilgan Taraqqiyot strategiyasida deputatlar faoliyatini yaxshilash, mahalliy Kengashlar nufuzini oshirish, vakolatlarini kengaytirish kabi dolzarb vazifalar belgilangan. Ularning amalga oshishi xalq deputatlari Kengashlarining faoliyatini, vakillik organidagi muhit va kayfiyatni butunlay o'zgartiradi. Shu kunlarda tumanlarda sessiyalar bo'lib o'tmoqda. Forish tumani misolida jaRayonga nazar solamiz.

Xalq deputatlari Forish tuman Kengashining navbatdagi sessiyasini Kengash raisi, tuman hokimi Ikrom Matiev boshqarib bordi. Sessiya tafsilotlari haqida Xalq demokratik partiyasi tuman kengashi raisi Noriniso Irisova bizga quyidagilarni gapirib berdi.

 

Noriniso IRISOVА,

OʼzXDP Forish tuman kengashi raisi:

— Bu galgi sessiyaning o'ziga xosligi shundaki, unda mahalla fuqarolar yig'ini raislari ham ishtirok etdi. Chunki bugungi kunda eng muhim masala «mahallabay», «xonadonbay» ishlash tizimi bo'lib turibdi. Yig'ilishda ko'tarilgan masalalarga kelsak, dastlab kambag'allikni qisqartirish uchun nimalarga e`tibor qaratish zarurligi haqida fikr almashildi.

Ayni paytda aholini kasb-hunarga o'qitish asosan tuman markazlariga yaqin mahallalarda yo'lga qo'yilgan bo'lib, chekkaroq hududlarda muammolar yo'q emas. Mana shu masalada tenglikni ta`minlash kerak. Ayniqsa, Forish hududiy jihatdan viloyatdagi eng katta tuman hisoblanadi. Nafaqat kam ta`minlanganlar, hamma uchun ham markazga kelib, tahsil olish qiyin. Bu yil xotin-qizlar va yoshlarni o'qitishda chekka hududlar qamrab olinishi, qulay manzillarda o'quvlar tashkil etish haqidagi takliflarimizni bildirdik.

Yana bir muhim masala shundaki, olingan kreditlarni qaytarishda ayrim muammolar kuzatilmoqda. Ayrim hamyurtlarimiz kichik biznes uchun olingan pullarni to'y va shunga o'xshash marosimlarga, uy-joyini ta`mirlashga yoki yana boshqa shaxsiy ehtiyoji uchun sarflab yuboryapti. Natijada kreditni qaytarish qobiliyatidan mahrum bo'lib qolyapti.

Shundan kelib chiqib, tizimli ishlashni taklif etdik. Chunki birgina mahalla berilgan mablag'ning maqsadli sarflanishi ustidan nazorat qila olmaydi. Boshqa vazifalari sabab ularning jismonan vaqti yetmaydi. Deputatlar, partiya va yoshlar faollari, bank va yana boshqa tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda mazkur masalaga yechim topishga kelishib olindi. Buning uchun qarzdorlar ro'yxati shakllantiriladi. Ularning qo'lidan nimalar kelishi o'rganiladi. Ana shu asosida ularning daromadi oshiriladi.

Bir narsani tan olishimiz kerak. Biz aybi borni uyaltirmaymiz. Masalan, yer olib, qaytarmaydiganlar ham bo'ladi. Ularga huquqlari bilan birga, majburiyatlarini ham yaxshiroq tushuntirish, kerak bo'lsa, xatosi uchun uyaltirish, qonunlardan qo'rqishni o'rgatish lozim.

Bir haqiqat bor, ya`ni hamma ham tadbirkor bo'lib tug'ilmaydi. Ish yuritish, biznes qilish qobiliyatiga ega bo'lmagan kishilarga berilgan mablag' esa qaytarilmay qolyapti.

Shuning uchun ishbilarmon kishiga kattaroq kredit mablag'i ajratilib, odamlarni ishli qilgan ma`qulroq. Masalan, tumanimizda tikuv fabrikasi ochilib, 250 nafar xotin-qizning bandligi ta`minlandi. Shuncha oilaning qozoni qaynayapti, daromadi oshdi.

Pul o'rniga ishini yo'lga qo'yish uchun sharoit, masalan, tikuv mashinasi, xom ashyo bilan ta`minlash yoki issiqxona qurib berish yo'lga qo'yilmoqda. Bu ham yaxshi usul. Ana shunda mablag'larning maqsadli sarflanishiga erishiladi. Qarzdorlar bo'lmaydi, deb o'ylayman.

Ta`kidlandiki, belgilangan chora-tadbirlar ijrosi natijasida tumanda o'tgan yili 1618 ta yangi ish o'rni yaratilgan. Shuningdek, 2335 nafar fuqaro haq to'lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan, 817 nafari kasbga o'qitishga yuborilgan, 125 nafariga ishsizilik nafaqasi tayinlangan. O'zini-o'zi band qilish tamoyili asosida esa 3115 nafar fuqaroning bandligi ta`minlangan.

Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha ishlab chiqilgan umumiy qiymati 3 trillion 101 milliard 497 million so'mni tashkil qilgan 29 ta loyiha amalga oshirildi. Mazkur loyihalar uchun tijorat banklaridan 834 milliard 14 million so'm imtiyozli kredit mablag'lari ajratildi. Shu bilan birga 703 ta yangi ish o'rni yaratildi.

«Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish» dasturi doirasida ham qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 1446 ta loyiha uchun tijorat banklaridan 20 milliard 729 million so'm imtiyozli kredit ajratildi.

«Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyili asosida joriy yil uchun belgilangan «Yo'l xaritasi»da tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta`minlash va kambag'allikni ikki baravar qisqartirish asosiy vazifa qilib qo'yilgan.

Shundan kelib chiqib, bu yil 350 ta, birinchi chorakda esa 105 ta yuridik shaxs maqomidagi tadbirkorlik sub`ektlarini tashkil qilish kutilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida joriy yilda ham 30 ga yaqin loyihani amalga oshirish ko'zda tutilgan. Ushbu loyihalar 1209 ta yangi ish o'rni tashkil etilishiga omil bo'ladi.

 

34 ta sessiyada qatnashdim

Marat ISOQOV,

Sharof Rashidov tuman Kengashidagi Oʼzbekiston XDP guruhi rahbari:

— Mana, deputat bo'lib saylanganimizga ikki yil to'lib, uchinchi yil ketmoqda. Bu vaqt orasida tumanda 34 ta sessiya o'tkazildi. Ularning har birida o'z fikrimiz, takliflarimiz bilan ishtirok etishga harakat qildik. Deputatlik guruhi rahbari sifatida har bir sessiyada ishtirok etdim, o'z fikr va mulohazalarimni bildirdim. Ayrimlariga masala ham kiritganmiz.

Muhimi, qancha yig'ilishda ishtirok etganimiz emas, odamlarning mushkulini oson qiluvchi takliflar, masalalarni ko'targanimizda, deb o'ylayman. Qaysi tizim, qaysi soha yaxshi ishlamayotgani, aholi nimalardan norozi ekanini ko'proq ularning o'zidan eshitamiz. Fuqarolardan olingan ma`lumotlar asosida kamchiliklarni tuman hokimiga aytgan vaqtlarimiz ko'p bo'ladi.

Masalan, Prezidentimiz aholiga kafolatli xizmat ko'rsatadigan tibbiyot tizimini yaratyapti. Shundan kelib chiqib, tumanimizda buyragi ishlamaydigan bemorlarning dializ apparatlarini yuvishga ixtisoslashgan poliklinika ochilgan. U yerga 10 ta apparat olib kelingan. Biroq arzimagan sabab bilan apparatning atigi ikkitasi ishlaydi. Bitta apparat bir insonga 4 soat xizmat ko'rsatadi. Bundan ko'rinib turibdiki, odamlarning e`tirozi to'g'ri. Surishtirsak, transformatorning quvvati 10 ta apparatni ishlatishga yetmas ekan. Bitta transformator 30 million so'm turadi. Inson umri-chi, qadri-chi? Mazkur masalani yaqinda bo'lib o'tgan sessiyada ko'tardim. Masala hal etildi. Bu kabi misollarni ko'plab keltirish mumkin.

 

Masala kiritilgani ish bitdi, degani emas

Sessiyada O'zbekiston XDP guruhi taklifi bilan tuman hokimining birinchi o'rinbosari Hakim To'ychievning kambag'al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, kasb-hunarga o'qitish va bandligiga ko'maklashishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risidagi axboroti eshitilgan.

Bundan tashqari, sessiyada O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Forish tumanidagi Xalq qabulxonasi, Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko'rib chiqish qabulxonasi mutaxassislari axborot bergan.

Axborotlar ma`lumot uchun qabul qilingan.

Aholining asosiy bo'sh qismi olis qishloqlarda joylashgani e`tiborga olinib, har bir qishloqda tadbirkorlik bilan shug'ullanish xohishi bo'lgan fuqarolarni aniqlash kerakligi bo'yicha ko'rsatmalar berilgan. Ta`kidlandiki, ularga o'z ishini yo'lga qo'yishi uchun yer uchastkalari, subsidiyalar, imtiyozli kredit mablag'lari ajratish, kommunikasiya tarmoqlariga ulanish choralarini ko'rish lozim. Bunda asosiy e`tiborni «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»da turgan mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolarga qaratish kerak.

Mana shu vazifalardan kelib chiqib, «Temir daftar» bilan ishlash bo'yicha faoliyatni tanqidiy muhokama qilib borish, shu bilan birga, ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og'ir, ishsiz hamda ijtimoiy faol bo'lmagan fuqarolarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va himoya qilish haqida qaror qabul qilingan. Mas`ullarga ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o'rgatish, ularning bandligini ta`minlash, biznes tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo'yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifalari topshirilgan.

 

Qo'shimcha fikr

Mehriniso BOBOYEVА,

xalq deputatlari Gʼallaorol tuman Kengashi deputati:

— Ko'p hollarda sessiyada fikr-mulohaza va takliflarimiz qabul qilinishi uchun tortishishga, bahslashishga to'g'ri keladi. Chunki deputat ko'p, ularning har biri o'zi saylangan siyosiy partiyaning manfaati, elektorati istaklaridan kelib chiqib, qaror qabul qilinishini istaydi. Shunga qaramay, to'g'ri aytilgan fikrni qo'llab-quvvatlash, yagona to'xtamga kelish yo'lini topamiz.

2022 yil 28 yanvar kuni xalq deputatlari G'allaorol tuman Kengashining oltinchi chaqiriq o'ttiz to'qqizinchi sessiyasi muhokamasida tumandagi «Madaniyat» QFY hududida joylashgan 53-umumtalim maktabi direktorlik lavozimiga nomzod ko'rsatildi. Har kim o'z qarashlarini bildirdi. Deputatlar ovoz berishda qizg'in muhokamalarga, bahsga ham bordi. Sababi, qo'yilgan nomzodlarning dasturi bir-biridan yaxshi tuzilgan edi. Nomzodlardan biri Jizzax shahridan ekani, yana biri yosh kadrligi deputatlar tortishuviga sabab bo'ldi. Bir to'xtamga kelinavermagach, nomzodlarni qaytarish fikri ham tug'ildi. Biroq partiyamiz a`zolari qat`iy pozisiyada turib oldi. Shundan so'ng, o'sha maktabda ishlab kelayotgan Nizomiddin Yarbekov nomzodi ko'pchilik ovoz bilan tasdiqlandi. Uning ko'p yillik tajribasi, yangicha qarashlarga egaligi, maktab kayfiyati, u yerdagi xodimlarning issiq-sovug'idan boxabarligi bois mazkur nomzodga ovoz berildi.

Biz suhbatlashgan deputatlar hamda partiya faollarining so'zlariga qaraganda, bugungi sessiyalar kechagidan ancha farq qilmoqda. Ularda deputatlarning tanqidiy fikri, mulohzalari, takliflari hamda e`tirozlari inobatga olinyapti. To'g'ri, hamma ham birdek faol va tashabbuskor bo'lmasligi mumkin. Biroq har qanday tashabbusning boshlanishi uning rivojlanishini bildiradi. Maqsad sari qo'yilgan ilk qadam yarim g'alaba hisoblanadi. Bu maqsad esa xalq manfaati, saylovchilarning xohish-irodasini ifodalar ekan, uning yakuni xayrli va samarali bo'lishiga shubha yo'q.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O'zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 2.03.2022, №9

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish