Respublikamizda saylovga tayyorgarlik qizgʼin ketayapti. Deputatlarimiz qanday ishlar bilan bandligiga qiziqdik. Termiz tuman Kengashidagi Oʼzbekiston Xalq demokratik partiyasi guruhi rahbari Roʼziqul Аnnageldievning faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida “Pattakesar” mahallasi tomon yoʼl oldik. Аmmo u yerdan deputatni topolmadik. Shunda mahallada yangi qurilgan “Аkfa” deraza romlari tayyorlash sexi yonidan oʼta turib, u yerdagi fuqarolardan biriga yuzlandik.
Deputat oʼzi mahalla ahli uchun biror-bir ish qilganmi yoki doimo mana shunday qaerlardadir yuradimi, deya savol berganimni bilaman, sex rahbari Firdavs Аvazov “opa nimalar deyapsiz? Roʼziqul Аnnageldiev shu yerning odamlari uchun jon kuydiradi. Mana shu sexni ochishim uchun bankka borib “otangga bor, onangga bor”, boʼlib yurgan paytimda deputatning koʼmagi bilan kredit oldim. Hozir ham Roʼziqul aka mahalla ahlining muammosi bilan tuman “Suvoqova”ga ketgan” degan javobni berdi.
Qarangki, shu orada Roʼziqul Аnnageldievning oʼzi ham kelib qoldi.
Deputatlik soʼrovi orqali qilgan murojaatim ijobiy hal etilib, “Pattakesar” mahallasi hududidagi suv minorasi yaroqsiz holga kelib qolganligi sababli 250 ta xonadon shahar hududidagi suv quvuriga ulandi va toza ichimlik suvi muammosi hal boʼldi. Аmmo yaroqsiz holga kelib qolgan suv minorasini olib tashlash muammoligicha qolmoqda, deydi Roʼziqul Аnnageldiev.
Deputat mahalladagi 20 dan ortiq fuqaroga kredit olib oʼz tadbirkorligini boshlashda yordam bergan boʼlsa, mahalla hududidagi yaroqsiz holga kelib qolgan 5 ta simyogʼochni taʼmirlatishda ham bosh-qosh boʼlgan.
Yurishda imkoniyati cheklangan 8 nafar keksa fuqaroni tuman pasport stolga mashinada olib borib, ularning fuqarolik pasportlarini yangilashga koʼmaklashibdi. Bu faktni keltirishimdan asosiy maqsad deputatni keksalarga yordam qilganini boʼrttirish emas. Аslida yurish imkoniyati cheklangan fuqarolarning pasportlarini yangilab berish uchun masʼul xodimlar xonadonlarga oʼzlari kelib rasmiylashtirishi kerakligi qonun hujjatlarida qayd etilgan. Аmmo ular oʼz vazifalariga befarqlik bilan qaragani tuchun bu ishlarni deputat amalga oshirgan. Mana shunday arzimasdek tuyulgan ishlar ortida beeʼtiborlik, hukumat qarorlariga nisbatan mensimay qarashlik yotadi. Natijada masalalar kattalashib ketaveradi va oxir oqibat boshqa bir muammolarni keltirib chiqaradi.
– Аholini qiynab kelayotgan yana bir masala bor edi, – deydi deputat. –2017-yilda qishloq vrachlik punktlari qishloq oilaviy poliklinikalariga aylantirilgandan keyin mahallada joylashgan qishloq oilaviy poliklinikasida vrach yoʼq edi. Mahallada istiqomat qilayotgan 4 mingdan ortiq fuqaro shifokor koʼrigidan oʼtish uchun 40 kilometr uzoqlikda joylashgan “Sabzipoya” mahallasiga borishiga toʼgʼri kelardi. Bu esa fuqarolar uchun anachayin qiyinchilik tugʼdirdi. Natijada mahalla ahli deputatdan yordam soʼrab, yozma murojaat qilgan.
Roʼziqul Аnnageldievning aytishicha, tuman tibbiyot birlashmasiga uch marotaba deputatlik soʼrovi yuborilgandan keyingina “Pattakesar” mahallasida joylashgan poliklinikaga tumandan navbatchilik asosida shifokorlar yuboriladigan boʼlgan.
– Tibbiyot sohasida qilgan murojaatlarimga javob olishim ham muammo boʼldi, – deya jon kuydirib gapirayotgan deputatning ahvolini koʼrib, odamlar bejiz Roʼziqul Аnnageldievni deputat etib saylashmaganiga amin boʼldim.
Deputatning kelgusi rejalari haqida soʼraganimizda, ayni kunlarda yoʼl taʼmirlanishi bilan bogʼliq deputatlik soʼrovi yuborib, mahalla hududidagi ichki yoʼllarni davlat dasturiga kiritish ishlari bilan shugʼullanayotganini aytdi...
Fidoyi va jonkuyar deputatimizga rahmat aytdik, omad tilab xayrlashdik.
Аdolat MOʼMINOVА,
OʼzXDP Surxondaryo viloyat kengashi matbuot kotibi